Yevropa Ittifoqi Eronga qarshi yangi sanksiyalar joriy etishi mumkin

18:37 15 Aprel 2024 Dunyo
570 0

Illyustrativ foto

Yevropa Ittifoqi (YI) tashqi ishlar vazirlarining boʻlajak yigʻilishida Isroilga qarshi hujumga javoban Eronga qarshi yangi sanksiyalar joriy etish masalasini koʻrib chiqadilar. Bu haqda YI tashqi siyosat xizmati rasmiy vakili Piter Stano maʼlum qildi.

“Tashqi ishlar vazirlari yigʻilishida kelajakdagi qadamlar masalasi muhokama qilinadi, bu Yevropa Ittifoqi va aʼzo davlatlarning Eronning eskalatsiyasiga munosabati boʻladi”, dedi Stano.

Uning qoʻshimcha qilishicha, Eron vakillari allaqachon YI sanksiyalari ostida qolgan va Yevropa Komissiyasi maxfiyligi sababli sanksiyalarni ishlab chiqish jarayoniga izoh bermasligini taʼkidlagan.

Avvalroq, AQSH Kongressi Vakillar palatasi ham Isroilga hujum munosabati bilan Eronga qarshi sanksiyalar qoʻllash boʻyicha qonun loyihalarini muhokama qilishi maʼlum boʻlgan edi.

Isroil havo kuchlari shu yilning 1-aprel kuni Suriya poytaxti Damashqdagi Eron bosh konsulligi binosiga zarba bergan edi. Eron Islom inqilobi qoʻriqchilari korpusiga koʻra, buning oqibatida yetti nafar zobit, jumladan, ikki bosh maslahatchi — korpusning Suriya va Livandagi Quds kuchlari qoʻmondoni Muhammad Rizo Zohidiy va uning oʻrinbosari, brigada generali Muhammad Hodi Hoji Rahimiy halok boʻlgan. Tehron javob berish huquqiga ega ekanligini bildirdi.

Shu bois 13-aprel kuni Eron Isroilga uchuvchisiz apparatlar va ballistik raketalar bilan hujum qildi. Isroilning yuqori martabali mulozimiga koʻra, mamlakat tomon yuzlab dronlar uchirilgan. Keyinroq boshqa davlatlar, jumladan, Yaman ham Isroil tomon uchuvchisiz apparatlarni uchirgani maʼlum boʻldi.

Isroil, oʻz navbatida, Eron hujumiga “kuchli javob” berishga vaʼda berdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?