Yevroosiyo Ittifoqi: avval kuzat, keyin qaror qabul qil!

2019-yilning kuz oylarida Oʻzbekistonning Yevroosiyo Ittifoqiga aʼzo boʻlishi haqidagi masala koʻtarildi hamda u qizgʻin munozara va muhokamalarga sabab boʻldi. Olimlar, mutaxassislar, deputatu senatorlar, blogerlar, Rossiyada ishlayotgan vatandoshlarimiz bu mavzu boʻyicha oʻz fikr va mulohazalarini bildira boshlashdi. Kimlardir mamlakatimizning mazkur Ittifoqqa aʼzo boʻlishini qoʻllab-quvvatladi, boshqalar bu qadam “mustaqilligimizni yoʻqotishga olib keladi”, qabilidagi gaplar bilan unga qarshi chiqishdi. Prezidentimiz topshirigʻi bilan parlamentda bu masalani oʻrganish boʻyicha komissiya tuzildi.
YEOIIga kirishning ijobiy va salbiy jihatlari oʻrganib chiqilgandan keyin Qonunchilik Palatasi va Senatda Oʻzbekiston Respublikasi bu Ittifoqqa aʼzo emas, kuzatuvchi maqomida kirishi maqsadga muvofiq, degan xulosaga kelindi hamda senator va deputatlarimiz koʻpchilik ovoz bilan shu variantga ovoz berishdi.
Shu yilning dekabr oyida Oʻzbekistonning YEOIIga kuzatuvchi maqomida kirishi masalasi hal boʻlishi kutilmoqda. Bu haqida kuni kecha “Oʻzbekiston – Rossiya sanoat dialogi: yangi loyihalar va hamkorlik” mavzusida oʻtkazilgan onlayn konferensiyada Rossiya Federatsiyasi Sanoat va savdo vazirligi departamenti direktori Mixail Anisimov ham taʼkidlab oʻtdi.
Oʻzbekiston kuzatuvchi maqomida YEOIIga kirib, mazkur Ittifoqqa toʻla aʼzo boʻlishning barcha ijobiy va salbiy jihatlarini chuqur oʻrganishi va ana shundan keyin bu haqida qaror qabul qilishi mumkin. Bu haqida bir yildan beri juda koʻp fikrlar bildirildi. Shu bois ularni yana takrorlamasdan, qisqa yozishga harakat qilaman. Avvalo, YAIM hajmi 1,9 trillion AQSH dollariga teng boʻlgan katta bozor Oʻzbekistonga ulkan imkoniyatlarni yaratib beradi. YEOIIga aʼzo davlatlar bilan integratsiyaning kuchayishi Oʻzbekiston iqtisodiyotining oʻsishiga sezilarli turtki beradi. Bu aniq.
Lekin “YEOII doirasida tovarlarning boj toʻlovlarisiz harakatlanishi eksport imkoniyatlarini yaxshilaydi; kapital harakati erkinligiga olib keladi; yagona elektr energiyasi bozori yaratilib, aʼzo davlatlarni nisbatan arzon elektr energiyasi bilan taʼminlaydi; mamlakatimizda oʻtkir muammo boʻlib turgan migrantlarning xorijiy mamlakatdagi ishlashi, yashashi, turmush sharoiti yaxshilanishiga olib keladi; ular patent toʻlovidan ozod qilinadi, migrantlarning qonuniy yoʻl bilan chiqib ketishi va ularning aniq hisobini yuritish yoʻlga qoʻyiladi; mamlakatimizga xorijiy valyuta oqimini koʻpaytiradi, qaytib kelgan migrantlar mamlakatga tayyor ishchi kuchi boʻlib va innovatsiyalar bilan keladi”, deb bildirilgan fikrlarni hali yaxshilab tekshirib koʻrish kerak. Buni esa YEOIIga kuzatuvchi maqomida kirib, uning ichida turib aniq oʻrganish mumkin.
YEOIIga kuzatuvchi maqomida kirishning ayrim salbiy jihatlari ham mavjud. Yaʼni bu mamlakatimizda ayrim tarmoq va korxonalar faoliyatiga salbiy taʼsirlar koʻrsatishi, ichki bozorda import mahsulotlari hajmining koʻpayishi, ayrim tovarlar bozorida raqobatning ortishi kabi muammolar paydo boʻlishi mumkin, degan mulohazalar bor.
Amalga oshirayotgan har bir harakatimizning ijobiy va salbiy oqibatlari boʻlishi muqarrar. Faqat biz qadam bosishimizdan oldin ijobiy jihatlar koʻproq boʻlishi, salbiy holatlar esa imkon qadar kam boʻlishi haqida oʻylaymiz, shunga intilamiz. Shu nuqtayi nazardan, kuzatuvchi maqomi kelib chiqishi mumkin boʻlgan oqibatlarni tarozining ikki pallasida oʻlchab koʻrish uchun qulay imkoniyatdir.
Hozirgi paytda ayrim aʼzo davlatlarda “YEOII manfaatlarimizga zarar keltiryapti, undan chiqib ketish kerak” degan daʼvatlar ham uchrayapti. Masalan, «Haqiqat uchun aytish kerakki, Qirgʻiziston Respublikasining YEOIIga kirishidan salbiy holatlar ham bor: respublikaga Xitoydan soddalashtirilgan boj toʻlovlari boʻyicha kelayotgan tovarlar toʻxtab qoldi. Yevropa davlatlari va Yaponiyadan kiritilayotgan yengil avtomobillar soni qisqardi. Tovar olib kirish uchun import bojlari 5%ga oshdi. Qirgʻizistonga arzon sanoat va qishloq xoʻjaligi mahsulotlari kela boshladi va ular mahalliy ishlab chiqaruvchilarning raqobatbardoshligiga keskin taʼsir koʻrsatdi» (bu iqtibos «Yandeks. Dzen» internet saytida 2019-yil 19-dekabrda eʼlon qilingan «Kirgiziya i YEAES: skeptiki zovut vыyti. A kuda i kak idti dalshe?» maqolasidan olindi). Bunday fikrlarning qay darajada asosga ega ekanligini ham YEOIIning ichida kuzatuvchi boʻlib turib oʻrganish maqsadga muvofiq boʻladi.
Xulosa qilib aytganda, Oʻzbekistonning YEOII kuzatuvchi maqomida kirishi unga haqiqiy aʼzo boʻlish manfaatlarimizga qay darajada toʻgʻri kelishini sinab beradi. Ana shundan keyin unga haqiqiy aʼzo boʻlish yoki boʻlmaslik haqida qaror qabul qilinishi toʻgʻri boʻladi.
Odil Olimjonov,
iqtisod fanlari doktori, professor
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistonda doimiy aholi soni har kuni necha kishiga oshyapti?
- Shahram Gʻiyosov tajribali raqibini muddatdan oldin magʻlub etdi
- Samarqand yana bir nufuzli forumga mezbonlik qiladi
- Yana bir bozor auksionga qoʻyildi
- Markaziy bank shoshilinch ogohlantirish bilan chiqdi
- “Leapmotor” Oʻzbekistonda oʻtkazilgan avtomobil testi natijalaridan noroziligini bildirdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring