YTTB tomonidan Namangan viloyatiga maxsus texnikalar taqdim etildi
Foto: “Xalq soʻzi”
Jahonning nufuzli moliyaviy muassasalaridan biri – Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining mamlakatimiz iqtisodiyotini mustahkamlash, shahar va qishloqlar infratuzilmasini rivojlantirishdagi ishtiroki tobora kengayib bormoqda. Buni Namangan viloyatidagi hamkorlik aloqalari misolida ham koʻrish mumkin. Kecha viloyat hokimligida bankning Markaziy Osiyo boʻyicha hududiy direktori Jujanna Xargitay boshchiligidagi delegatsiyasini qabul qilish chogʻida mintaqaga jalb etilayotgan xorijiy investitsiyalar hamda tashkil etilgan hamkorlik korxonalari, kichik biznes va tadbirkorlikning Namangan viloyati iqtisodiyotida tutgan oʻrni va roli, mahalliy yalpi ichki mahsulotdagi ulushi, hududning turizm salohiyati haqida gap bordi.

Namangan viloyati hokimi Shavkat Abdurazzoqov ishtirok etgan uchrashuvda umumiy qiymati 159,7 mln. AQSH dollarini, jumladan, Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining kredit mablagʻlari 130 mln. AQSH dollarini tashkil etuvchi “Namangan viloyatida suv taʼminoti va kanalizatsiya tizimlarini modernizatsiya qilish”, “Namangan viloyati Chust, Pop, Namangan tumanlari ichimlik suv taʼminotini yaxshilash va Chust hamda Mingbuloq tumanida kanalizatsiya tizimlarini qurish” loyihalari boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar atroflicha muhokama etildi.
Shu kuni “Namangan suv taʼminoti” masʼuliyati cheklangan jamiyatiga bank ishtirokidagi loyihalar doirasida yangi maxsus texnika vositalari tantanali ravishda topshirildi.

— Avariya tiklash brigadasi uchun moʻljallangan 10 ta maxsus avtomashina, 9 ta ekskavator va 5 ta kompressor mexanizmini qabul qilib oldik, —deydi MCHJ direktori Ilhomjon Shiranov. – Yuqori unumdorlikka ega ushbu zamonaviy texnikalar joylarda suv taʼminotini yaxshilash boʻyicha olib borilayotgan joriy ishlar, shuningdek, istiqbolli loyihalar ijrosida suvsozlarimizga qanot boʻladi.
Maʼlumot uchun, Namangan viloyatida joriy yilning 1-yanvar holatiga 788 ta MFYda yashovchi 2 mln 997 ming 600 nafar aholining 79,6 foizi markazlashgan ichimlik suvi bilan taʼminlangan, 109,6 ming kishiga suv maxsus transport vositalari orqali yetkazib beriladi, 501 ming kishi esa muqobil suv manbalaridan foydalanadi.
Qudratilla NAJMIDDINOV, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- 21-oktyabr – Oʻzbek tili bayrami kuni
- Oʻz xalqini Siz kabi chin dildan sevadigan davlat rahbarini uchratmadim – “ACWA Power” kompaniyasi boshqaruvi raisi Muhammad Abunayyan
- Oʻzbekiston tasviriy sanʼat galereyasida Samarqand maktabining yangi nafasi
- Lamin Yamal “Barselona”ni tark etishi mumkin
- Ish bilan bogʻliq baxtsiz hodisalar va kasbga oid kasalliklar haqidagi maʼlumotlarning yaxlit tizimi yoʻqligi koʻrsatib oʻtildi
- Har bir hududda “Kasaba uyushmalari bogʻlari” tashkil etiladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring