Eʼtiborsizlik badali
 
                Istam IBROHIMOV/“Xalq soʻzi”. Salkam 75 yoshli otaxon oʻgʻli istiqomat qilayotgan qishloq koʻchasidan oʻtayotganda nevarasi oʻrtoqlari bilan koptok tepib turgandi. Oradan chamasi ikki soat oʻtgach, qoʻl telefoniga mahalla fuqarolar yigʻinidan qoʻngʻiroq boʻldi. Keyin zudlik bilan qishloq chekkasidagi suv havzasiga yetib kelishini soʻrashdi.
Otaxon qishloqdagilar “baliqxona” deb ataydigan ovloq joydagi hovuzga yaqinlasharkan, huquqni muhofaza qilish idoralari xodimlari, favqulodda vaziyatlar boshqarmasi gʻavvoslariga duch keldi. Hovuz boʻyida suvdan olib chiqilgan ikki bolaning jasadi yotardi. Ulardan biri nevarasi ekanini koʻrgan otaxonning ne koʻyga tushganini tasvirlashga soʻz ojiz…
Maʼlum boʻlishicha, bolalar koptok tepib horigach, atrofi kimsasiz sunʼiy hovuzda choʻmilgani borgan. Otaxonning nevarasi bilan sherigi shoʻngʻigan koʻyi suv yuzasiga chiqmagan. Qamish-u oʻt-oʻlanlar chirib hovuzning osti balchiqqa aylangani, bu yerga choʻmilgan kishi omon qolishi gumonligini ular xayoliga ham keltirmagan. Choʻkkan bolalarning sheriklari qoʻrquvga tushib, odamlarni chaqirgan. Ammo yordam yetib kelganda, kech boʻlgandi.
— Maktabda “aʼlo” baholarda oʻqirdi. Taʼtil boʻlishiga qaramay xususiy oʻquv markaziga qatnab bilimlarini mustahkamlayotgandi, — deydi otaxon. — Koʻchada oʻrtoqlari bilan futbol oʻynayotganida “Endi, bas, havo kunday qiziyapti, damlaringni olinglar” demaganim men uchun armon boʻlib qoldi…
Sir emas, yozning jazirama issigʻida yoshlar, ayniqsa, bolalar miriqib, yayrab choʻmilishni xohlashadi. Ammo duch kelgan ariq, soy, kanal, hovuzda choʻmilish xatarli ekanini oʻylab ham koʻrishmaydi. Vaholanki, donolar bilib aytishgan: boshdan oshsa suv oʻtdan ham battardir.
— Viloyatimizda Vazirlar Mahkamasining plyaj zonalarida dam oluvchilarning xavfsizligini taʼminlashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisidagi qaroriga koʻra, bitta ochiq, oʻn beshdan ziyod yopiq suv havzasida yoz mavsumida choʻmilish uchun barcha sharoitlar yaratilgan, — deydi viloyat favqulodda vaziyatlar boshqarmasi boshligʻi, podpolkovnik O. Mirzayev. — Afsuski, odamlar bu haqda oʻylab koʻrmaydi. Ular orasida qoʻriqlanmaydigan va ruxsat etilmagan joylarda choʻmiladiganlarni koʻp uchratamiz. Xodimlarimiz tomonidan yoz mavsumi davomida kanal va suv havzalari nazoratga olingan. Ularda 500 tadan ziyod “Choʻmilish taʼqiqlanadi!” belgilari oʻrnatilgan. Ammo shunga qaramasdan ayni kunlarda ham fuqarolarning belgilanmagan suv inshootlarida choʻmilish holatlari kuzatilmoqda. Statistik maʼlumotlarga qaraganda, birgina 2023-yilda qirq nafar kishi suvga choʻkish oqibatida vafot etgan. Ular orasida bolalar ham bor.
Yosh bolalar bilan roʻy berayotgan bu kabi noxush voqealarga koʻp holda oiladagi eʼtiborsizlik, ota-onalarning nazoratni unutib qoʻyishgani sabab boʻlyapti. Ular moslashmagan, suv oqimi tez boʻlgan, ostida nima borligi nomaʼlum havzalarda choʻmilish mumkin emasligini farzandlari ong-u shuurlariga singdirishi kerak. Taʼlim muassasalari, mahalla faollari ham yoshlarimiz oʻrtasida tushuntirish – tashviqot ishlarini olib borishlari zarur. Har bir ota-ona oʻz farzandiga suvda suzishni oʻrgatishi foydadan xoli emas.
Gʻijduvon tumanidagi qishloqlardan birida roʻy bergan, biz yuqorida toʻxtalgan mudhish voqeaga kelsak, u oʻz bolasini nazoratsiz qoldirgan, falokat oyoq ostida, degan oddiy haqiqatni unutgan ota-onalar uchun achchiq saboqdir.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- 21-oktyabr – Oʻzbek tili bayrami kuni
- Oʻz xalqini Siz kabi chin dildan sevadigan davlat rahbarini uchratmadim – “ACWA Power” kompaniyasi boshqaruvi raisi Muhammad Abunayyan
- Imtiyozli shartlarda pensiyaga chiqish huquqini beruvchi roʻyxatni tuzish tartibi belgilandi
- Ish bilan bogʻliq baxtsiz hodisalar va kasbga oid kasalliklar haqidagi maʼlumotlarning yaxlit tizimi yoʻqligi koʻrsatib oʻtildi
- Har bir hududda “Kasaba uyushmalari bogʻlari” tashkil etiladi
- Lamin Yamal “Barselona”ni tark etishi mumkin
 
                 
        
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring