“Eski shahar”ni saqlab qolish kerak
Kasb taqozosi tufayli dunyoning koʻplab mamlakatlarida boʻlishimizga toʻgʻri keladi. Ular orasida menga, ayniqsa, Gruziyaga boʻlgan sayohat katta tassurot qoldirgan.
...Bizni togʻlar bagʻrida joylashgan moʻjaz Signagi shaharchasiga olib borishdi. XVIII asrda podsho Irakliy II davrida barpo qilingan shaharning eski qalʼasi hamon koʻz oʻngimda. Salkam 40 gektar hududni egallagan 28 ta minorasi boʻlmish qalʼa devorlarining uzunligi 2,5 kilometrga teng. Shuningdek, bu yerda XIX asrni eslatuvchi turarjoy binolari qad rostlagan. Sayyohlarni jalb qilish maqsadida ushbu inshootlar eskicha usulda taʼmirlanib, yoʻllar qurilibdi, yangi mehmonxona va restoranlar ochilibdi. Bir qator turarjoy binolari xususiy mehmonxonalarga aylantirilibdi.
“Eski binolarni saqlab, yaxshi ish qilibsizlar”, desam, “qayoqda, bularning aksariyati 2005-yildan keyin qurilgan”, degan javobni eshitdim. Maʼlum boʻlishicha, hukumat eski binolarni buzgan, ammo ularning asl koʻrinishi saqlab qolingan holda, yangi uylar qurilgan va buning uchun kreditlar bergan. Yaʼni milliy meʼmorchilik saqlab qolingan...
Xuddi shunday holatni Ozarbayjon poytaxti Bokuning “Icheri sheher”i (eski shahari)da ham koʻrish mumkin. 221 ming kvadrat metrni tashkil qilgan, atrofi qalʼa devorlari bilan qurshab olingan qadimiy bu maskanda ayni damda 1 ming 300 oila istiqomat qiladi. 2000-yilda YUNESKOning Umumjahon merosi roʻyxatiga kiritilgan Qiz qalʼasi va Shirvonshohlar saroyi bilan birga, 1977-yilda tarixiy-arxeologik qoʻriqxona, deb eʼlon qilingan “Icheri sheher” XVIII-XIX asrni eslatadi. Ushbu manzilgohni Xivadagi Ichan qalʼaga qiyoslasa boʻladi...
Yaqinda taniqli rassom Shavkat Muzaffar ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida shveysariyalik mashhur meʼmor, olima Viktoriya Iaston oʻz shogirdi Stefan bilan Toshkent shahrining “Eski shahar” qismidagi turarjoylar tipologiyasini ilmiy jihatdan oʻrganib, hujjatlashtirib albom tayyorlash orzusida ekanligini yozdi.
Aslida buni oʻzimizning meʼmorlar qilishi kerak emasmi?
Fikrimizcha, Toshkentning “Eski shahar”ini ham xuddi Signagi va Boku singari tarix uchun saqlab qolish kerak. Ayni damda Hazrati Imom majmuasi sayyohlarning sevimli maskaniga aylangan, uning yonida Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ham milliy meʼmorchilik asosida barpo etilyapti. Hozirgi Oʻzbekiston tarixi davlat muzeyi binosidan boshqa ezgu maqsadda foydalanib, muzey uchun yangi binoni aynan “Eski shahar”da qurish kerak. Hazrati Imom atrofidagi eski uylarni asl koʻrinishida taʼmirlash zarur. “Eski shahar” bozori bilan qoʻshib Sogʻbon va Qorasaroy koʻchalaridan to Nurafshon koʻchasigacha boʻlgan mahallalar muzey-mahallaga aylantirilishi lozim.
Toshkentning buyuk tarixi saqlab qolinsa, sayyohlar uchun yana-da jozibali boʻlardi. Bu milliy oʻzlikni anglash, yoshlarni tarixga hurmat ruhida tarbiyalashda ham muhim.
Yana bir gap. Ozarbayjonlarning “Ahmad qayerda?”, “Arshin mololan” va “Qaynona” filmlarini sevib tomosha qilamiz. “Icheri sheher”da ushbu asarlarga hurmat maʼnosida “Qaynona” degan qahvaxona ochilgan. “Brilliant qoʻl” filmini tomosha qilmagan insonning oʻzi boʻlmasa kerak. Mana shu kartinaning ayrim sahnalari ham Bokuda suratga olingan. Filmdagi “chert poberi” (oʻzbekchasi “jin ursin”) degan soʻz esingizdami? Ushbu film qahramonlarining biri (Nikulin) tasodifan, yana biri (Mironov) ataylab yiqilgan joyda moʻjazgina “Brilliant qoʻl” degan qahvaxona ochilgan.
Bokudagi “Shirvanshoh” tamaddixonasi qadimgi zamondan shu kungacha boʻlgan davrni eslatadi. Tamaddixonada tarixning har bir zarvaragʻi haqida tasavvur uygʻotuvchi boʻlmalar boʻlib, avvaldan buyurtma bergan holda oʻzingiz istagan xonada ovqatlanishingiz mumkin. Shu qahvaxonalar oldidan oʻtar ekanmiz, bizda ham “Eski shahar”da “Shum bola”, “Suyunchi”, “Chinor ostidagi duel”, “Oʻtkan kunlar” va boshqa kinolar nomi ostida yoki Oʻzbekistonning qadimiy tarixini eslatuvchi qahvaxonalar ochiladigan vaqt kelmadimikan, degan oʻy oʻtgan edi.
Tbilisida eng yaxshi deya tan olingan “Siskvili” (“Tegirmon”) restorani bor. Uni restoran deyishdan koʻra, muzey-shaharcha deb nomlasak, toʻgʻriroq boʻladi. Avvaliga sizni xaqiqiy suv tegirmoniga taklif qilishadi. Bu yerda bugʻdoydan un qilinayotganini, undan non yopilayotganini bevosita koʻrish imkoniyatiga ega boʻlasiz. Taʼbingizga qarab qizil yoki oq sharobdan tatib koʻrasiz. Ana undan keyin gruzin milliy qadriyatlari aks etgan restoranga kirishingiz mumkin. U yerda mehmonlarni gruzin xalq cholgʻu asboblari ansamblining sozandalari milliy musiqa sadolari ostida kutib oladi. Sirasini aytganda, Kura daryosi sohilida joylashgan ertaksimon mazkur restoranda gruzinlarning kuy-qoʻshiq va raqslariga maftun boʻlgan holda, milliy taomlarini isteʼmol qilishga nima yetsin?!
...Kelajakda Toshkentning “Eski shahar”i shunday boʻlishini tasavvur qilaman. Bu poytaxtimizning bosh rejasida oʻz aksini topsa maqsadga muvofiq emasmi?
Jurnalistlar, adiblar, tarixchilar, qolaversa, keng jamoatchilik bu fikrlarga, takliflarga munosabat bildirishini istab qolardim...
Sharofiddin TOʻLAGANOV, jurnalist.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Sobiq bosh vazir uzoq muddatga qamaldi
- Tinchlik sulhi shartlari bajarilmoqda: Gʻazo 3 nafar, Isroil 90 nafar mahbusni vataniga qaytardi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- Turkiyada qalbaki alkogoldan yana 3 nafar oʻzbekistonlik hayotdan koʻz yumdi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring