Yeri unumdor, tuprogʻi sogʻlom yurtda baraka boʻladi
Illyustrativ foto
Oʻtgan yili mamlakatimiz aholisi soni 36,3 million kishiga yetdi. Soʻnggi uch yilda oʻrtacha oʻsish 2,1 foizni tashkil qilmoqda. Bunday oʻsish surʼati davom etsa, mamlakatimiz nufusi 2040-yilda 50,6 million va 2050-yilda 63,5 million kishiga yetadi.
BMT maʼlumotida aytilishicha, aholi isteʼmoli uchun 2040-yilda 1,4 mln. tonna va 2050-yilda 2,7 mln. tonna qoʻshimcha mahsulot yetishtirish talab etiladi. Shu bois bugungi kunda, nafaqat bizning, balki dunyo aholisining oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlashdagi yagona yoʻl, bu tuproqlarning unumdorligini oshirishdan iborat. Binobarin, qishloq xoʻjaligida ishlab chiqarilgan mahsulotlarning hajmi, sifati va xavfsizligi bevosita tuproqning sogʻlomligi va tabiiy unumdorligi bilan chambarchas bogʻliq.
Tuproq tahlillari natijalariga koʻra, soʻnggi 30-yil mobaynida sugʻoriladigan yerlardagi tuproqlarda gumus miqdori 10 — 15 foiz kamaygan. Ana shu boy berilgan ekin yerlari ekvivalent hisobida 450 ming gektarni tashkil qiladi.
Tan olish kerak, tuproq unumdorligini belgilab beruvchi gumus miqdori sugʻoriladigan yerlarning 68 foizida, fosfor va kaliy miqdori esa 75 foizida past darajada taʼminlangan. Bundan tashqari, sugʻoriladigan yerlarning 43 foizi turli darajada shoʻrlangan. Albatta, bu holat nafaqat soha xodimlari, balki har bir yurtdoshimizda tashvish uygʻotishi tabiiy. Chunki yurtimiz farovonligi, xalqimizning rizq-nasibasi ana shu yer va undan olinayotgan turli-tuman oziq-ovqat mahsulotlarining moʻl va sifatliligi bilan oʻlchanadi.
Mamlakatimizda 2023-yil hosili uchun 3,2 mln. gektar sugʻoriladigan yerga qishloq xoʻjaligi ekinlari ekilgan. Lekin bugungi kundagi global iqlim oʻzgarishlari va suvning yildan-yilga tanqis boʻlib borayotgani sugʻoriladigan ekin yerlarini kengaytirishga imkon bermaydi.
Shu jihatdan olganda, Prezidentimiz tomonidan shu yil 13-fevral kuni imzolangan “Qishloq xoʻjaligi yerlari degradatsiyasiga qarshi kurashish, tuproqning gumus miqdori va unumdorligini oshirishni qoʻllab-quvvatlashning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorining ahamiyati nihoyatda katta. Chunki tuproqning sogʻlom boʻlishi, xavfsiz va sifatli qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirish hamda oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash nafaqat yurtimizda, balki butun dunyoda dolzarb va birinchi galdagi vazifaga aylangan.
Qarorga muvofiq 2024-2025-yillarda tajriba tariqasida paxta maydonlarida tuproq unumdorligi va hosildorlikni, xususan, tuproqning gumus miqdorini oshirish boʻyicha agrotexnik tadbirlar uchun yerdan foydalanuvchilarga (jumladan, klasterlarga) Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan har bir gektar maydonga 1 million soʻmdan subsidiya ajratish belgilandi.
Bunda subsidiya ajratish Qishloq xoʻjaligi vazirligi tomonidan “Agrosubsidiya axborot tizimi” orqali ijro qilinadi. Paxta maydonlarida tuproq unumdorligi va hosildorlikni oshirish boʻyicha tadbirlarni bajarish uchun dastlab hisoblangan subsidiyaning 70 foizi 2024-yilda ajratiladi. Subsidiyaning qolgan 30 foizi Paxtachilik kengashining 2025-yilda hosildorlik oldingi mavsumga nisbatan oʻrtacha 10 foizga koʻtarilishi toʻgʻrisidagi xulosasiga asosan beriladi.
Shuningdek, mazkur qaror bilan agar ajratilgan subsidiya paxta maydonlarida tuproq unumdorligi va hosildorlikni, shu jumladan, tuproqning gumus miqdorini oshirish boʻyicha agrotexnik tadbirlar ijrosi uchun yetmaydigan boʻlsa, Qishloq xoʻjaligi vazirligining talabnomasiga muvofiq Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Qishloq xoʻjaligini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasidan 2025-yil paxta hosili uchun 2024-yilning sentyabr oyidan boshlab imtiyozli kreditlar ajratilishiga ruxsat beriladi. Bu fermerlarga oʻz dalasidan yuqori hosil olish hamda sifatli va xavfsiz mahsulot yetishtirish uchun katta imkoniyat yaratadi.
Alohida taʼkidlash lozimki, 1 gektar tuproq haydalma qatlamdan yiliga taxminan 760 kilogramm chirindi yoʻqotiladi. Uning oʻrnini qoplash uchun 1 gektarga kamida 50 sentner miqdorida quruq organik material solinishi kerak. Kimyoviy oʻgʻitlar esa tuproq unumdorligini saqlashga xizmat qilmaydi, balki ekilgan ekinlar uchun energetik qoʻshimcha vazifasini oʻtaydi, xolos. Shuning uchun ham qarorda tuproqning gumus miqdorini oshirish agrotexnik tadbirlariga eʼtibor kuchaytirilmoqda.
Dastlabki hisob-kitoblarga koʻra, subsidiyalashning yangi tizimini joriy qilish natijasida 127 ming gektar maydonda paxta hosildorligi oʻrtacha 15 foizga oshadi, paxta xomashyosini ishlab chiqarish hajmi 66 ming tonnaga koʻpaytiriladi hamda 2025-yilda 628 mlrd. soʻm yoki ajratilgan subsidiyaga nisbatan 5 barobar koʻp mahsulot yetishtiriladi.
Pirovardida qoʻshimcha yetishtirilgan paxta xomashyosi qiymatidan olinadigan qoʻshimcha qiymat va aylanma mablagʻlar boʻyicha soliqlar hisobidan 100 mlrd. soʻm atrofidagi mablagʻ Davlat byudjetiga qaytadi. Albatta, bu joriy etilayotgan subsidiyalash mexanizmining juda samarali ekanligidan dalolat bermoqda. Zero, har qarich yerimiz, tuprogʻimiz bizning beqiyos boyligimizdir. Uning sogʻlomligi va unumdorligi xalqimiz farovonligiga, yurtimiz ravnaqiga xizmat qiladi.
Oybek SOATOV,
Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligining
Tuproq unumdorligini oshirish va yerlar degradatsiyasiga
qarshi kurash boshqarmasi boshligʻi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Harbiy xizmatni oʻtash bilan bogʻliq tartiblar yangilanadi
- Voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimi takomillashtirilmoqda
- Namanganda 3 ta yirik institut bitta universitetga birlashtiriladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring