Yer halol ajratilsa, uning bir qarichi ham uvol boʻlmaydi
Qishloq xoʻjaligi zamonaviy tarmoqqa, oziq-ovqat mahsulotlarini yetishtirish va ishlab chiqarishning asosiy boʻgʻiniga aylanib bormoqda. Shunday sharoitda umummilliy boyligimiz boʻlgan yerni asrash, uning har qarichidan samarali foydalanish ham insoniy, ham fuqarolik burchimizdir.
Keyingi yillarda xalqimiz hayoti, faoliyati va farovonligining asosi boʻlgan yerdan oqilona foydalanish, qishloq xoʻjaligi yerlari muhofaza qilinishini taʼminlash, ularning meʼyoriy qiymati hamda sifat koʻrsatkichlarini aniqlash ustuvor vazifalardan biriga aylanganining boisi ham shundan.
Ammo yer resurslarini talon-taroj qilish, oʻzboshimchalik bilan egallash, noqonuniy sotish kabi yillar davomida saqlanib kelayotgan kamchiliklar bor. Hududlarda, afsuski, noqishloq va qishloq xoʻjaligi yerlarini ajratish tartibi barcha uchun bir xil va shaffof emas.
Prezidentimiz raisligida 3-iyun kuni yer munosabatlarini takomillashtirish masalalari yuzasidan oʻtkazilgan yigʻilishda bu boradagi kamchiliklar keskin tanqid qilinib, yerni bozor aktiviga aylantirish, uning iqtisodiy qiymatini belgilash va moliyaviy oborotga kiritish boʻyicha ishlarni jadallashtirish, yer ajratish va undan foydalanish sohasida davlat va jamoatchilik nazoratini kuchaytirish zarurligi qayta-qayta taʼkidlandi.
Tahlillarga koʻra, respublikamiz boʻyicha jami yer 44 892,4 ming gektarni tashkil etadi. Ular foydalanish maqsadi va tartibiga koʻra, qishloq xoʻjaligi, sanoat, transport, aloqa, mudofaa va boshqa maqsadlarga hamda tabiatni muhofaza qilish, sogʻlomlashtirish va rekreatsiya maqsadlariga moʻljallangan yerlar, aholi punktlari yerlari, tarixiy-madaniy ahamiyatga molik yerlar kabi toifalarga boʻlinadi.
Qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlarning umumiy maydoni 20 236,3 ming gektar. Uni kengaytirish boʻyicha oxirgi yillarda katta ishlar qilinyapti. Xususan, joriy yilda 320 ming gektar yerni qayta foydalanishga kiritish, lalmi yerlar va yaylovlarni oʻzlashtirish uchun sugʻorish quduqlari qazish, nasos agregatlari oʻrnatish hamda yangi mevali bogʻlar va tokzorlar barpo etish ishlari tizimli ravishda amalga oshirilmoqda.
Masalan, shu yilning birinchi choragida yerlarni foydalanishga kiritish uchun 1 070 kilometr sugʻorish tarmogʻi qurilib, 258 kilometrli kollektorlar taʼmirlandi. 1011 ta sugʻorish qudugʻi va 132 ta nasos agregati oʻrnatilib, 1679 kilometr elektr tarmogʻi tortildi. Natijada respublika boʻyicha jami 161 ming gektar, shundan 77,9 ming gektari foydalanishdan chiqqan yerlar hamda yer osti zaxira suvlari mavjud boʻlgan 83,1 ming gektar choʻl, adir hududlardagi lalmi va yaylov yerlar oʻzlashtirildi va qishloq xoʻjaligi foydalanishiga kiritildi.
Yigʻilishda yer sohasidagi qonunchilik boʻyicha mavjud ahvol va ilgʻor xorijiy tajribani oʻrganish asosida tayyorlangan takliflar koʻrib chiqilib, yerni xususiy sektorga mulk va ijara huquqi, davlat tashkilotlariga doimiy foydalanish huquqi asosida berish tartibi joriy etilishi bildirildi.
Amaldagi qonunchilikka muvofiq, yer umummilliy boylikdir. Umummilliy boylik tushunchasi esa mamlakat yer fondining umumiy tarzda davlat mulki ekanini anglatadi. Boshqa tabiiy resurslar kabi yer ham davlat muhofazasida boʻlgani sababli undan oqilona, toʻgʻri va ilmiy asoslangan tarzda foydalanish lozim. Chunki yer, qonunda belgilangan hollardan tashqari, oldi-sotdi qilinmaydi, ayirboshlanmaydi, hadya etilmaydi, garovga qoʻyilmaydi.
Shu bois, yurtimizda meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik, doimiy egalik, vaqtincha foydalanish huquqlari bilan yer ajratish kabi bozor iqtisodiyoti talablariga mos boʻlmagan amaliyotlarni tugatish va yerga boʻlgan huquq turlarini 6 tadan 3 taga qisqartirish koʻzda tutilmoqda. Bu jarayonda noqishloq yerlarni xususiy sektorga faqat auksion orqali sotish tartibi kiritilishi, noqishloq yerlar Oʻzbekiston fuqarolari va yuridik shaxslariga xususiy mulk qilib, xususiylashtirish mumkin boʻlmagan yerlar esa ijara huquqi asosida sotilishi eng toʻgʻri va oqilona qarordir.
Shuningdek, yigʻilishda hokim qarori bilan nodavlat sektorga yer ajratish hamda yerlarni toʻgʻridan-toʻgʻri va tekinga berish amaliyoti bekor qilinishi bildirilib, qishloq xoʻjaligi yerlarini faqat ijara huquqi asosida ajratish tartibi kiritilishi belgilandi. Endilikda bunday yerlar fuqaro va tashkilotlarga (chet elliklardan tashqari) ochiq tanlov asosida beriladi. Unga ariza qabul qilish, talabgor haqidagi maʼlumotlarni toʻplash va baholash elektron shaklda amalga oshiriladi.
Yer ajratilishi va undan foydalanilishi ustidan nazorat mexanizmlarini takomillashtirishga alohida eʼtibor qaratilar ekan, tuman hokimlarining yer ajratish va qaytarib olish haqida qaror qabul qilish vakolati toʻliq bekor qilinishi, viloyat hokimining yer munosabatlariga doir barcha qarorlari adliya boshqarmasida huquqiy ekspertizadan oʻtkazilishi taʼkidlandi.
Dono xalqimiz aytganidek, yerning har bir qarichi oltinga teng. Mamlakat iqtisodiyotining barqarorligi uchun, avvalo, yerni uvol qilmay, rizqu roʻz undirishda hafsalasizlik hamda sust kayfiyatdan toʻla xalos boʻlmoq lozim. Toki yerning umri zoye ketmasin, bozorlarimiz va dasturxonimizga fayzu baraka keltirsin.
Odinaxon OTAXONOVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi
OʻzLiDeP fraksiyasi aʼzosi
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Tinchlik sulhi shartlari bajarilmoqda: Gʻazo 3 nafar, Isroil 90 nafar mahbusni vataniga qaytardi
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
- Voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimi takomillashtirilmoqda
- Harbiy xizmatni oʻtash bilan bogʻliq tartiblar yangilanadi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring