Yer ajratish hamda undan foydalanishda ochiqlik va shaffoflikni taʼminlash vaqti keldi

19:30 07 Iyun 2021 Iqtisodiyot
847 0

Yer ajratish tartib-tamoyillari borasida ochiqlik va shaffoflikni taʼminlashga katta eʼtibor qaratilayotgan boʻlsada, haliyam bu sohada byurokratik toʻsiqlar mavjud. Yer resurslarini talon-toroj qilish, oʻzboshimchalik bilan egallash va noqonuniy sotish holatlari afsuski uchrab turibdi. Xoʻsh, bu kabi salbiy illatlarni bartaraf etish uchun qanday yoʻl tutish lozim? Qanday qilsak, yerlardan oqilona foydalanamiz, yer ajratishda qonuniylikni taʼminlaymiz?

Yaqinda Prezident Shavkat Mirziyoyev yer munosabatlarini takomillashtirish masalalari yuzasidan oʻtkazgan yigʻilishda bu boradagi kamchiliklarni keskin tanqid qilib, yerni bozor aktiviga aylantirish, uning iqtisodiy qiymatini belgilash va moliyaviy oborotga kiritish boʻyicha ishlarni jadallashtirish, yer ajratish va undan foydalanish sohasida davlat va jamoatchilik nazoratini kuchaytirish zarurligini taʼkidladi.

Yigʻilishda yer sohasidagi qonunchilik boʻyicha mavjud ahvol va ilgʻor xorijiy tajribani oʻrganish asosida ishlab chiqilgan takliflar koʻrib chiqildi. Jumladan, tuman hokimlarining yer ajratish va qaytarib olish haqida qaror qabul qilish vakolati toʻliq bekor qilinadi. Viloyat hokimlarining yer munosabatlariga doir barcha qarorlari adliya boshqarmasida huquqiy ekspertizadan oʻtkaziladi.

Bundan tashqari, yerni xususiy sektorga mulk va ijara huquqi, davlat tashkilotlariga doimiy foydalanish huquqi asosida berish tartibi joriy etilmoqda. Meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik, doimiy egalik, vaqtincha foydalanish huquqlari bilan yer ajratish kabi bozor iqtisodiyoti talablariga mos boʻlmagan amaliyotlarni tugatish va yerga boʻlgan huquq turlarini 6 tadan 3 taga qisqartirish koʻzda tutilyapti. Shuningdek, noqishloq yerlarni xususiy sektorga faqat auksion orqali sotish tartibi kiritiladi. noqishloq yerlar Oʻzbekiston fuqarolari va yuridik shaxslariga xususiy mulk qilib, xususiylashtirish mumkin boʻlmagan yerlar esa ijara huquqi asosida sotiladi.

Bu esa yerga boʻlgan munosabatlarimizni tubdan oʻzgartirishni, yer ajratish va undan foydalanish borasida katta masʼuliyat talab qilinishini taqozo etadi. Shu bilan birga yer sohasidagi huquqbuzarliklar uchun javobgarlik yana-da kuchaytirilishi taklif etilmoqda.

Haqiqatda bugungi kunda yerga talab ortib boryapti. Bir parcha yerdan olamshumul hosil olib, roʻzgʻorini toʻkinligini taʼminlayotgan kishilar koʻp. Ammo yer sotishga, moʻmay daromad orttirishga urinishlar ham borligidan koʻz yuma olmaymiz. Biz deputatlar Prezidentimiz aytganidek, yer ajratish va undan foydalanishda davlat hamda jamoatchilik nazoratini oʻrnatishda bosh-qosh boʻlishimiz lozim. Zero, yer umummilliy boyligimiz va undan oqilona foydalanish orqali toʻkinlik va maʼmurchilik yaratiladi.

Barno MIRZAMOVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
OʻzLiDeP fraksiyasi aʼzosi

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?