Energetika sohasida yangi qonun, bozor modeli va elektr tarmoqlari toʻgʻrisidagi kodeks ishlab chiqilmoqda

17:45 05 Fevral 2020 Iqtisodiyot
1469 0

Oʻzbekistonda “Elektr energetikasi toʻgʻrisida”gi qonunning yangi tahriri ustida ish olib borilmoqda. Bu esa, mamlakatda Energetika vazirligi tomonidan xalqaro tajribaning eng yaxshi jihatlarini jalb etgan holda amalga oshirilayotgan islohotlaridan biridir.

Vazirlik matbuot xizmati xabariga koʻra, yangi qonun loyihasini ishlab chiqish borasidagi ishlar Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki bilan hamkorlikda amalga oshirilyapti. Bu ishga Buyuk Britaniya, Gruziya, Avstriya, Bolgariya va Italiya mamlakatlaridan ekspertlar, shuningdek, qonun ijodkorligi borasida katta tajribaga ega boʻlgan yuqori malakali mutaxassislar jalb etilgan.

Yangi qonun 2020-yil may oyining oxirida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga koʻrib chiqish uchun taqdim etilishi kutilayotir.

Shuningdek, Energetika vazirligi Osiyo Taraqqiyot banki va Jahon banki bilan birgalikda 2023-yilda joriy etilishi kutilayotgan raqobatdosh elektr energiyasi bozori modelini ishlab chiqish boʻyicha ish olib boryapti. Osiyo Taraqqiyot banki va Jahon banki tarkibida elektr energetikasi sohasini isloh qilish boʻyicha koʻp yillik nazariy va amaliy tajribaga ega boʻlgan xalqaro ekspertlar — Gruziya, AQSH va Turkiya davlatlarining maslahatchilari ishtirok etadi.

Energetika vazirligi huzuridagi Loyiha guruhi mutaxassislari, shuningdek xalqaro ekspertlar va maslahatchilar bozorning istiqbolli modellari va bozor munosabatlariga oʻtish usullarini oʻrganmoqdalar. Elektr energiyasi bozori modeli va bozor munosabatlariga oʻtish Konsepsiyasi joriy yilning mart oyining oxiriga qadar Vazirlar Mahkamasiga taqdim etilishi kutilmoqda.

Shuningdek, Energetika vazirligi tomonidan Jahon banki bilan birgalikda ishlab chiqilgan Elektr tarmoqlari kodeksini (Grid Code) islohotlarning yana bir bosqichi, deyish mumkin. Bu ishga Serbiya va Buyuk Britaniya mamlakatlarining xalqaro maslahatchilari ham jalb etilgan. Elektr tarmoqlari kodeksining amalga oshirilishi bizga energiya kompaniyalari va elektr energiyasi isteʼmolchilarining funksiyalari, huquqlari va majburiyatlarini tizimlashtirish va aniqlashtirish imkonini beradi. Rejaga koʻra, Grid Code loyihasi hukumatga joriy yilning may oyi oxirida taqdim etiladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?