Elektr tarmoqlariga noqonuniy ulanish orqali 2,8 milliard soʻmga yaqin zarar yetkazildi
Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Xorazm, Buxoro, Samarqand va Fargʻona viloyat boʻlimlari tomonidan oʻtkazilgan tekshiruvlarda 5 ta fermer xoʻjaligi va bitta avtomobillarga texnik xizmat koʻrsatish shoxobchasi tomonidan elektr tarmoqlariga noqonuniy ulanish orqali 2 milliard 785 million soʻmdan ortiq zarar yetkazilgani aniqlandi. Bu haqda Departamentning axborot xizmati maʼlum qildi.
Birinchi holatda Urganch tumanida faoliyat yurituvchi “V.B.” MCHJ rahbari B.R. xoʻjalikning yer maydonlarini sugʻorish uchun suv nasoslarini tarmoqqa elektr hisoblagichdan tashqari yashirincha ulab, jami 2,2 milliard soʻmlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalanganligi aniqlangan.
Xuddi shunday holat Buxoro viloyatida ham qayd etildi. Nazorat tadbirida “U.B.” fermer xoʻjaligi rahbari U.R. xoʻjalik suv nasosini umumiy foydalanishdagi elektr tarmogʻiga hisoblagichdan tashqari yashirincha ulab, 223,5 million soʻmlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalanganligi maʼlum boʻlgan.
Samarqand viloyati Qoʻshrabot tumanidagi “N.U.” va “Q.D.” fermer xoʻjaligi rahbarlari yer maydonlarini sugʻorish uchun suv nasoslarini oʻzboshimchalik bilan tarmoqqa ulab olgan. Bu esa jami 215,3 million soʻmlik zarar yetkazishga sabab boʻlgan.
Fargʻona tuman boʻlimi tomonidan oʻtkazilgan tergovga qadar tekshiruvlarda esa “V.J.” fermer xoʻjaligida hamda YTT A.A.ning avtomobillarga texnik xizmat koʻrsatish shoxobchasida oʻrnatilgan elektr uskunalari hisoblagichdan tashqari elektr tarmoqlariga ulanib, jami 146,2 million soʻmlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalanilganligi fosh etilgan.
“Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 169-moddasi (oʻgʻrilik) bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda” deyiladi xabarda.
Avvalroq ikki hududda “Mayning ferma” tashkil etib qariyb 400 million soʻmlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalangan shaxslar qoʻlga tushgani haqda xabar berilgandi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Tinchlik sulhi shartlari bajarilmoqda: Gʻazo 3 nafar, Isroil 90 nafar mahbusni vataniga qaytardi
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
- Harbiy xizmatni oʻtash bilan bogʻliq tartiblar yangilanadi
- Voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimi takomillashtirilmoqda
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring