El salomatligi uchun qaygʻurgan jadid
Istam IBROHIMOV/“Xalq soʻzi”. Buxoroni oʻz shaxsiy mablagʻi evaziga toza ichimlik suvi bilan taʼminlamoqchi boʻlgan maʼrifatparvar haqida eshitganmisiz?
Oʻtgan asr boshlarida Buxoroda rishta kasalligi avj olganini oʻtmishdan xabardor kishi yaxshi biladi. Oʻshanda, aniqrogʻi, yurt talatoʻplar girdobida qolgan 20-yillarda bu kasallik manbai shahar hovuzlaridagi ifloslangan suv ekanligi aniqlanadi.
Bunday holatda muammoni bartaraf etishning yagona yoʻli vodoprovod tarmogʻini tortish orqali shahar aholisini toza ichimlik suvi bilan taʼminlash edi. Ammo endigina tetapoya qadamlar qoʻyayotgan Buxoro Xalq respublikasi (1920—1924-yillar) bu yumushni bajarish salohiyatiga ega boʻlmagan. Qolaversa, choʻyan, temir quvurlar anqoning urugʻi edi.
Shunda Buxoro jadidlarining eng faollaridan biri, shoir Munzim (Mirzo Abduvohid Burhonov) shaxsiy tashabbus bilan chiqadi. U oʻz hisobidan shaharni vodoprovodlashtirmoqchi boʻladi. Shu maqsadda kattagina jamgʻarmasini sarflab, kulollarga uch ming dona sopol quvur tayyorlatadi. Munzimning doʻsti, safdoshi, atoqli adib Sadriddin Ayniyning “Estaliklar” asarida qayd etilishicha, bu quvurlar har birining uzunligi bir metr, diametri 25 santimetr, qalinligi esa ikki santimetr boʻlgan. Oʻsha paytdagi hukumatda sogʻliqni saqlash vaziri lavozimida ishlab turgan Mirzo Abduvohid Burhonov oʻz gʻoyasini amalga oshirmoq umidida Kogon shahriga borib, parovoz remont qilish deposida ishlaydigan, shu sohani durust biladigan muhandisga uchraydi.
— Munzim... shu quvurlar orqali Zarafshon daryosidan suv oqizib kelishni moʻljallaydi, — deya yozadi Buxoro davlat universiteti professori, tarix fanlari doktori Sulaymon Inoyatov bu maʼrifatparvar inson haqidagi maqolalaridan birida. — Shahar yaqinida suv havzasi qazishni ham hisobga oladi. Agar trubalar kamlik qilsa, ogʻaynilaridan qarz olib, bu ishni bajarishni xayolidan oʻtkazadi.
Ammo muhandisning ilmiy asoslangan soʻzlari, qolaversa, uning niyatidan voqif boʻlgan Sadriddin Ayniyning dalillari Mirzo Abdulvohidni bu fikrdan qaytaradi. Negaki, mantiqan olib qaraganda, sopoldan tayyorlangani temir quvur oʻrnini bosolmas, suv zarbiga tob berolmasdi. Shunga qaramasdan maʼrifatparvar bu insonning oʻsha ogʻir damlarda xalqqa xayrixoh boʻlgani, el salomatligini oʻylagani tahsinga sazovor, albatta.
Aytmoqchi, oradan bir qancha vaqt oʻtib, Mirzo Abdulvohidning orzu-umidlari ushaldi. Shahar aholisi boshiga rishta balosini keltirgan hovuzlar suvidan isteʼmol qilishga barham berilib, hudud sanitariya ahvoli yaxshilandi. 1927 – 1929-yillarda taniqli arxitektor Vladimir Shuxov loyihasi asosida Ark qoʻrgʻoni roʻparasida 40 metrli suv minorasi barpo etildi. Bu inshootdan 1968-yilga qadar foydalanildi. Besh yilcha muqaddam u fransuz sarmoyadorlari ishtirokidagi bunyodkorlik yumushlaridan keyin sayyohlar tashrif buyuradigan maskanga aylantirildi.
Mirzo Abdulvohid Burhonovga kelsak, bu fidoyi insonning serqirra faoliyati haqida soatlab soʻzlash mumkin. Biz bu oʻrinda uning Buxoroda yangi usuldagi maktab ochish tashabbuskorlaridan ekani, 20-yillarda buxorolik yoshlarni Germaniyaga oʻqishga yuborishga bosh-qosh boʻlgani, shoirligi, noshirligi, jurnalistligini aytish bilan cheklanmoqchimiz.
Maʼrifatparvar yurtdoshimiz xastalik tufayli 1934-yilda Dushanbe shahrida vafot etgan.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- 21-oktyabr – Oʻzbek tili bayrami kuni
- Oʻz xalqini Siz kabi chin dildan sevadigan davlat rahbarini uchratmadim – “ACWA Power” kompaniyasi boshqaruvi raisi Muhammad Abunayyan
- Imtiyozli shartlarda pensiyaga chiqish huquqini beruvchi roʻyxatni tuzish tartibi belgilandi
- Ish bilan bogʻliq baxtsiz hodisalar va kasbga oid kasalliklar haqidagi maʼlumotlarning yaxlit tizimi yoʻqligi koʻrsatib oʻtildi
- Har bir hududda “Kasaba uyushmalari bogʻlari” tashkil etiladi
- Lamin Yamal “Barselona”ni tark etishi mumkin
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring