Ekspertlar: Vashington Kremlga nisbatan bosimni kuchaytiradi

17:01 24 Oktyabr 2025 Dunyo
169 0

Mutaxassislar AQSHning “Rosneft” va “Lukoyl” kompaniyalariga qarshi joriy etgan yangi sanksiyalarini baholar ekan, bu choralar Rossiya iqtisodiyoti uchun jiddiy oqibatlarga olib kelishi mumkinligini taʼkidlashmoqda.

Prezident Donald Tramp soʻnggi haftada Rossiyaning ikki yirik neft kompaniyasiga qarshi cheklovlar joriy etgan edi. Mazkur kompaniyalar mamlakat neft eksportining asosiy qismini taʼminlaydi va davlat byudjeti daromadlarining qariyb 40 foizini tashkil qiladi.

Vashington rasmiylarining fikricha, sanksiyalar Moskvaning urush strategiyasiga toʻgʻridan-toʻgʻri taʼsir koʻrsatishi kerak.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin esa bunday bosimlarga berilmasligini bildirgan. Biroq iqtisodchilar yangi cheklovlarning taʼsiri “ogʻir va uzoq muddatli” boʻlishini taʼkidlamoqda.

“Agar sanksiyalar doimiy qoʻllanilsa, bu Rossiya byudjetiga katta zarba beradi. Iqtisod allaqachon qiyin ahvolda. Neft va gazdan keladigan daromad qisqarsa, Moskva taʼlim va sogʻliqni saqlash kabi fuqarolik sohalarida xarajatlarni kamaytirishga majbur boʻladi”, — dedi Germaniya tashqi siyosat kengashi tahlilchisi Stefan Meysner BILD nashriga.

Tahlilchilar fikricha, Tramp maʼmuriyati Kremlga nisbatan bosimni yanada kuchaytiradi. Putin pozitsiyasini oʻzgartirmas ekan, cheklovlar va iqtisodiy izolyatsiya chuqurlashishi ehtimoldan xoli emas.

Reuters maʼlumotlariga koʻra, sanksiyalar ortidan Rossiya neftini asosiy sotib oluvchi davlatlar — Xitoy va Hindiston — allaqachon xarid hajmini qisqartirishni boshlagan. Xitoy davlat korporatsiyalari ayrim shartnomalarni muzlatib qoʻygan, Hindistondagi qayta ishlash korxonalari esa importni keskin kamaytirish rejasini muhokama qilmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер