BMT minbarida Oʻzbekiston yoshlarining ovozi yangradi

19:26 01 May 2023 Siyosat
395 0

Sayyoramizda 1,8 milliard yosh istiqomat qiladi. Ularning huquq va manfaatlarini taʼminlash, sifatli taʼlim-tarbiya olishlari uchun mustahkam asoslar yaratish dunyo hamjamiyati oldidagi dolzarb vazifalardan biri. Oʻzbekistonning bu boradagi insonparvar siyosati jahon afkor-ommasi tomonidan iliq kutib olinmoqda.

Xususan, davlatimiz rahbari 2017-yil sentyabrda BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida Yoshlar huquqlari toʻgʻrisidagi xalqaro konvensiyani ishlab chiqish va qabul qilish gʻoyasini ilgari surib, unda yoshlar huquqlarini himoya qilish boʻyicha xalqaro standartlarni belgilash zarurligini qayd etgan edi. Ushbu taklif BMT va boshqa qator xalqaro tuzilmalar, xorijiy davlatlar tomonidan qoʻllab-quvvatlandi.

Shuningdek, Prezidentimizning 2021-yili BMT Inson huquqlari boʻyicha kengashining 46-sessiyasida Pandemiyaning yoshlar huquqlariga taʼsiri toʻgʻrisidagi rezolyutsiyani ishlab chiqish va qabul qilish toʻgʻrisidagi taklifi oʻsha yildayoq qabul qilinib, amaliyotga tatbiq etildi.

Davlatimiz rahbari har bir xalqaro forum va minbarlarda dunyo yoshlari masalalariga oid yangi-yangi tashabbuslarni ilgari surib kelmoqda. Oʻtgan yili Toshkent shahrida oʻtkazilgan yoshlar muammolari yechimiga qaratilgan ikkinchi global konferensiya, joriy yil mart oyida Boku shahrida boʻlib oʻtgan Qoʻshilmaslik harakati Muloqot guruhining sammitida kelgusi yili Qoʻshilmaslik harakati Yoshlar tarmogʻining “Cheksiz imkoniyatlar sammiti”ni koʻhna Samarqandda tashkil etish tashabbusi ilgari surilgani buning amaliy tasdigʻidir.

AQSHning Nyu-York shahrida BMT bosh qarorgohida 193 ta davlatning yoshlar siyosatiga masʼul vazirlik va idora rahbarlari ishtirokida boʻlib oʻtgan BMTning Iqtisodiy va ijtimoiy kengashi – “ECOSOS-2023” yoshlar forumida Oʻzbekiston delegatsiyasi ham ishtirok etdi. Gibrid formatda oʻtkaziladigan ushbu forumda mamlakatimiz 2018-yildan buyon doimiy ishtirokchi sifatida qatnashib kelmoqda.

Mazkur forum yoshlarning BMTdagi siyosiy munozaralarga hissa qoʻshishi uchun asosiy platforma boʻlib, qatnashchilar oʻz tajribalarida duch kelayotgan muammolarga innovatsion yechimlar berish yuzasidan fikr almashishlari mumkin. Yoshlarning taklif va gʻoyalari siyosiy muhokamalarga hissa qoʻshadi, barcha sohalarda yoshlar ovozi ishtirokini taʼminlash uchun hukumatlararo muhim uchrashuvlarni toʻldiradi.

Bu gal “ECOSOC” yoshlar forumining kun tartibida koronavirus pandemiyasidan tiklanishni tezlashtirish va barcha darajalarda barqaror rivojlanish strategiyalarini toʻliq amalga oshirish choralariga urgʻu berildi.

Biz forumdagi chiqishimizda Oʻzbekistonda qizlarning taʼlimini qoʻllab-quvvatlash, yoshlarni tadbirkorlikka jalb etish, ularni ish bilan taʼminlash borasida amalga oshirilayotgan ishlarni, jumladan tasdiqlangan konstitutsiyamizda yoshlarning huquqlari mustahkamlanayotgani, umuman yurtimizdagi yoshlar bilan ishlash tajribasi xususida maʼlumot berdik.

Oxirgi yillarda Prezidentimiz koʻmagi va tashabbusi bilan mamlakatimizda yoshlarga sifatli taʼlim berish, ularni kasb-hunarga oʻqitish va bandligini taʼminlashga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Bu vazifalarni mahalla boʻgʻinidan boshlab tashkil etish boʻyicha vertikal boshqaruv tizimi yaratildi. Tizimni amalga joriy etish maqsadida 9 ming 500 ta mahallaga fidoyi va tashabbuskor yoshlar yetakchilari tayinlandi. Bu tizim orqali yoshlarga 100 dan ortiq imkoniyatlar yaratilib, ularni manzilli qoʻllab-quvvatlash yoʻlga qoʻyildi.

Misol uchun, 2022-yilning oʻzida yoshlar tadbirkorligi uchun 4 trillion soʻm kredit berilib, 150 mingta loyiha ishga tushirildi. Natijada 325 mingta ish oʻrni yaratildi. 43 ming gektar ekin maydoni ajratilib, 435 ming yoshlar bandligi taʼminlandi. 32 mingdan ziyod yoshlarga subsidiya orqali asbob-uskuna, mehnat qurollari va kompyuter olib berildi.

Yoshlarning sifatli taʼlim olishi borasidagi imkoniyat va sharoitlar izchil kengaytirilmoqda. Maktabgacha taʼlim tashkilotlari soni 5,5 barobar koʻpayib, 28 mingdan ortdi. Bolalarni maktabgacha taʼlim bilan qamrab olish darajasi 27 foizdan 70 foizga yetishi natijasida 2 millionga yaqin bola maktabgacha taʼlimga qamrab olindi. Oliy taʼlim muassasalarimiz 2,5 barobarga koʻpayib, 198 taga yetdi, qamrov darajasi esa 9 foizdan 38 foizga oshdi. Sohada sogʻlom raqobat muhitini yaratish maqsadida 42 ta nodavlat oliy oʻquv yurti tashkil etilgani, xorijiy oliy taʼlim muassasalari filiallari soni 31 taga yetganini alohida qayd etish lozim.

2022-yil boshidan Qoraqalpogʻiston Respublikasi va Xorazm viloyatida 285 ming nafar boshlangʻich sinf oʻquvchilarini bepul ovqatlantirish yoʻlga qoʻyildi. 2023 oʻquv yilidan boshlab, ushbu amaliyot qolgan viloyatlar va Toshkent shahri maktablarida ham joriy etiladi.

Barcha sohalarda xotin-qizlarning faolligi oshib bormoqda. Bugungi kunda ayollarimizning ulushi tibbiyotda – 77 foizni, taʼlim sohasida – 74 foizni, iqtisodiyot va sanoat tarmoqlarida 46 foizni tashkil etmoqda. 2 ming nafarga yaqini davlat va jamoat tashkilotlarida rahbarlik lavozimlarida xizmat qilmoqda. Agar 2017-yilda xotin-qizlarning boshqaruv sohasidagi ulushi 27 foizni tashkil etgan boʻlsa, hozir 33 foizga, siyosiy partiyalar safida 40 foizdan 47 foizga, tadbirkorlikda 21 foizdan 37 foizga yetgan.

Xotin-qizlar orasida 5 nafar akademik, oliy taʼlim muassasalarining oʻzida 700 nafardan ziyod fan doktori, qariyb 3 ming nafar fan nomzodi (PhD), shuningdek, faxriy unvonlarga sazovor boʻlganlar bor.

2022-yilda 130 ming talabaga 1 trillion 700 milliard soʻm taʼlim krediti berildi. Shundan 85 ming nafar xotin-qizga 1 trillion soʻmga yaqin foizsiz taʼlim krediti ajratilgan. Xotin-qizlarning magistraturada oʻqishi bepul boʻldi. Bugungi kunga qadar magistraturada oʻqiyotgan 10 mingdan ortiq talaba qizlarning kontrakt pullari davlat tomonidan toʻlab berildi.

Ehtiyojmand oilalarda yashayotgan 2 ming nafar qizlar, shuningdek, mutaxassisligi boʻyicha besh yillik mehnat stajiga ega boʻlgan 500 nafardan ortiq xotin-qizlar har yili oliy oʻquv yurtlariga alohida kvota asosida oʻqishga qabul qilinmoqda. Agar bundan 6 yil avval oliy taʼlim muassasalarida 110 ming nafar xotin-qiz tahsil olgan boʻlsa, hozirgi kunda bu raqam qariyb 500 ming nafarni tashkil etmoqda.

Shuningdek, 83 ming nafar ehtiyojmand talabaga kontrakt pullari, 14 ming nafariga chet tillari boʻyicha imtihon xarajatlari toʻlab berildi. 81 ming talabaga uy-joy ijarasi toʻlovi ajratildi. “Yoshlar daftari” orqali 300 ming yoshlarga qariyb 600 milliard soʻmlik yordam koʻrsatildi.

Yoshlarga yaratilayotgan bunday keng koʻlamli islohotlar xalqaro maydonda eʼtirof etilib, Birlashgan Millatlar Tashkilotida ham Oʻzbekiston yoshlarining fikr-mulohazalari, taklif va tashabbuslari tinglanmoqda.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti bosh kotibi Antoniu Guterrish yoshlar forumi ochilishida taʼkidlaganidek, butun dunyo barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish uchun xalqaro hamjamiyat yoshlarning energiyasi, gʻoyalari va isteʼdodiga muhtoj.

“Dunyomiz sizga har qachongidan ham koʻproq muhtoj. Iqlim oʻzgarishidan mojarolargacha, qashshoqlik va tengsizlikdan Barqaror rivojlanish maqsadlarigacha. Yoshlar bilan yonma-yon bu muammolarni hal qilish yoʻllarini izlash ushbu forumdagi muhokamalarning harakatlantiruvchi kuchi hisoblanadi”, – dedi Guterrish.

“ECOSOS” yoshlar forumi murakkab global muammolar, jumladan, geosiyosiy keskinlikning kuchayishi, tinimsiz iqlim inqirozi, qashshoqlikning kuchayishi, inson huquqlari va asosiy erkinliklariga qarshi kurash, shuningdek, inqirozdan bosqichma-bosqich, ammo notekis tiklanish fonida oʻtdi. Pandemiya va mojarolar butun dunyo boʻylab yoshlarning hayotiga salbiy taʼsir koʻrsatdi. Yoshlar ishsizligi eng yuqori darajaga yetdi. Dunyo boʻylab taʼlimda uzilishlar mavjud.

Forum doirasidagi plenariy yigʻilishlar, davra suhbatlari va munozaralarda yoshlarning muammolari, ular uchun yangi imkoniyat va qulayliklar, xususan, barqaror shaharlar va kommunikatsiya, toza suv, yashil energetika, innovatsiya, sanoat va infratuzilma masalalari koʻrib chiqildi. Bu nafaqat yosh avlod uchun, balki bevosita ularning ishtirokida amalga oshiriladigan loyihalar sifatida eʼtiborlidir.

***

Bundan tashqari, Oʻzbekiston delegatsiyasi xalqaro doiradagi istiqbolli rejalar yuzasidan ishtirokchi davlatlar vakillari va AQSHdagi tashkilotlar bilan muzokaralar oʻtkazdi. Xususan, BMT Bosh kotibining Yoshlar boʻyicha maxsus vakili Jayatma Vikramanayake xonim bilan oʻtgan uchrashuvda Birlashgan Millatlar Tashkilotining Yoshlar Strategiyasi-2030 dasturi boʻyicha Oʻzbekistonda amalga oshirilishi rejalashtirilgan ishlar yuzasidan fikr almashdik. Suhbatimiz davomida Jayatma xonim Oʻzbekistonning yoshlar bilan ishlash tajribasini dunyo hamjamiyati uchun yorqin namuna sifatida eʼtirof etdi. Muzokara davomida kelgusida BMT bilan keng doirada hamkorlik qilish boʻyicha kelishib oldik.

AQSH Davlat departamenti qoshidagi Global yoshlar masalalari byurosining Yoshlar masalalari boʻyicha maxsus vakili, AQSH delegatsiyasi rahbari Abby Finkenauyer bilan muzokaralarda istiqbolli loyihalar yuzasidan hamkorlik qilish boʻyicha kelishuvga erishdik. Xususan, taʼlim yoʻnalishida ikki davlat yoshlari uchun imkoniyat yaratuvchi dasturlar va loyihalar tashkil etish boʻyicha rejalar muhokama qilindi.

Saudiya Arabistoni Iqtisodiyot va rejalashtirish vazirining yoshlar masalasi boʻyicha maslahatchisi Othman Almoamar bilan esa ikki mamlakat hamkorligida yoshlarni iqtisodiy va ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash yuzasidan tadqiqotlar oʻtkazishga kelishib olindi.

***

Olimlar asrimiz yakuniga qadar dunyoda yoshlar salmogʻi 3,5 milliarddan oshishini prognoz qilmoqda. Bu esa Prezidentimiz taʼkidlayotganidek, yoshlar masalalari bilan bogʻliq muammolarga eʼtiborni yanada kuchaytirishni taqozo qiladi. Bizning maqsadimiz nafaqat oʻzbek yoshlarining manfaatlarini himoya qilish, balki butun dunyoda yosh avlodning “Inson qadri uchun” tamoyili asosida farovon hayot kechirishini taʼminlashga hissa qoʻshishdan iborat. Bugungi kunda mamlakatimiz olib borayotgan siyosat mazmun-mohiyati aynan mana shu ezgu maqsadga yoʻnaltirilgan.

Alisher SAʼDULLAYEV,

Yoshlar ishlari agentligi direktori, senator

 

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?