Dolzarb masalalarini oʻzida aks ettirgan bir qator qonunlar Qoʻmita majlisda koʻrib chiqildi

18:04 02 Oktyabr 2023 Siyosat
239 0

Foto: Akmal Muhammadov, “Xalq soʻzi”

Bugun, 24-oktyabr kuni navbatdagi yalpi majlis oldidan Oliy Majlis Senatining Mudofaa va xavfsizlik masalalari qoʻmitasining majlisi boʻlib oʻtdi.

Majlisda senatorlar, Qoʻmita huzuridagi Ekspertlar guruhi aʼzolari, mahalliy Kengashlar deputatlari, tegishli vazirlik va idoralarining masʼul rahbar xodimlari hamda OAV vakillari ishtirok etdi. Unda navbatdagi yalpi majlisda muhokama qilinishi rejalashtirilayotgan bir qator qonunlar dastlabki tarzda koʻrib chiqildi.

Dastlab senatorlar “Probatsiya toʻgʻrisida»gi Qonunni muhokama qildi. Taʼkidlanganidek, Qonunda probatsiya tizimining asosiy tushunchalari, probatsiya xizmati faoliyatini tashkil etish tartibi, probatsiya nazoratidagi shaxslarning huquqiy holati, probatsiya nazorati va ijtimoiy moslashtirish shakllarini qoʻllash tartibi, probatsiya nazoratidagi shaxslarning xulq-atvorini baholash mezonlari, probatsiya nazoratidagi shaxslarga nisbatan elektron kuzatuv vositasini qoʻllash masalalari tartibga solinmoqda. 

Senatorlar tomonidan muhokama qilingan qonunda probatsiya nazoratidagi shaxslarga nisbatan tabaqalashtirish va individual yondashish prinsipi aniq belgilab qoʻyilmoqda.

Xususan, probatsiya nazoratidagi shaxslarga nisbatan belgilanadigan taqiqlar (cheklovlar) va majburiyatlar ularning yoshi, jinsi, sogʻligʻining holati, xulq-atvori, ijtimoiy moslashtirish dasturlaridagi ishtiroki hamda ushbu shaxslar sodir etgan jinoyatning ijtimoiy xavflilik darajasi va xususiyati, ilgari jinoyat sodir etganligi uchun javobgarlikka tortilganligi faktlari mavjudligi, shuningdek, yetkazilgan moddiy zararning oʻrni qoplanganligi va maʼnaviy ziyon kompensatsiya qilinganligi hisobga olingan holda tabaqalashtirilishi belgilanmoqda.

Shuningdek, majlisda yangi tahrirdagi “Yoʻl harakati toʻgʻrisida»gi Qonun ham koʻrib chiqildi. Senatorlarning soʻzlariga koʻra Qonunning yangi tahriri bugungi kunda YHX bilan bogʻliq bir qator muammolarga yechim boʻladi.

Qonunga koʻra yoʻl harakati ishtirokchilari yoʻl-transport hodisalari sodir boʻlganda qonunchilikka muvofiq zimmasiga bepul tibbiy yordam koʻrsatish, qutqaruv ishlarini olib borish va boshqa shoshilinch yordam koʻrsatish majburiyati yuklatilgan tashkilotlar hamda mansabdor shaxslardan shunday yordamlar olish, yoʻl-transport hodisasi natijasida oʻziga tan jarohatlari yetkazilgan, transport vositasi va yuk shikastlangan hollarda, qonunchilikda belgilangan tartibda zararning oʻrni qoplanishi, shuningdek maʼnaviy zarar kompensatsiya qilinishi, yoʻl belgilarini, chiziqlarini, svetoforlarni oʻzgartirish va oʻrnatish yuzasidan, yoʻl qoplamasining holati haqidagi takliflar hamda yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash masalalariga doir boshqa takliflar bilan tegishli organlarga murojaat etish huquqiga ega.

Qonunning qabul qilinishi yoʻllarda fuqarolarimiz xavfsizligini taʼminlashga, yoʻl harakatini tashkil etishni toʻgʻri va tizimli yoʻlga qoʻyishga, Davlat boshqaruvi va vakolatli organlar oʻrtasida samarali hamkorlik tizimlarini joriy qilishga, shuningdek, yoʻl harakati ishtirokchilarining huquq va manfaatlarini himoya qilishga xizmat qiladi.

Shundan soʻng muhokamalar jarayonida “Qoʻriqlash faoliyati toʻgʻrisida»gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni qabul qilinishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartishlar kiritish haqida»gi Qonun ham koʻrib chiqildi.

Taʼkidlanganidek, Qonun bilan “Fuqarolarning davlat pensiya taʼminoti toʻgʻrisida»gi va “Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi toʻgʻrisida»gi qonunlarning, shuningdek Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning ayrim normalarini “Qoʻriqlash faoliyati toʻgʻrisida»gi Qonunga muvofiqlashtirishni nazarda tutuvchi oʻzgartishlar kiritilmoqda. 

Senatorlar tomonidan mazkur Qonun qoʻriqlash faoliyati sohasidagi tushunchalarning aniq va bir xil qoʻllanilishiga xizmat qilishi aytib oʻtildi.

Majlis yakunida Qoʻmitaning tegishli qarorlari qabul qilindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?