Denis DELI, shoir va adabiyotshunos (AQSh): G’arbda Alisher Navoiy asarlarini o’qishga ehtiyoj katta

11:51 05 Aprel 2018 Madaniyat
17515 0

Bobokalonimiz Alisher Navoiy ijodi xorijiy mamlakatlarda ham sevib o’qilib, asarlari bot-bot tarjima qilinmoqda. Amerika Qo’shma Shtatlarining Massachusets shtatida istiqomat qiluvchi adabiyotshunos, yozuvchi va shoir Denis Deli ko’p yillik izlanishlari tufayli Alisher Navoiyning g’azallarini ingliz tiliga o’girdi hamda “Cervena Barva Press” nashriyotida “Alisher Navoiyning yigirma bir g’azali” (“Twenty one ghazals by Alisher Navoiy”) deb nomlangan kitobni chop ettirdi.

To’plam xorijliklar tomonidan katta qiziqish bilan kutib olindi.

Muxbirimiz yaqinda Amerika Qo’shma Shtatlarida bo’lganida, Denis Deli bilan uchrashib, uning fikr-mulohazalarini yozib oldi. 

— Qizim Jenifer Deli 2001 yilda Urganchda ishlardi, — deydi Denis Deli. — Men uni ko’rib kelish niyatida mamlakatingizga safar qildim.  Mo’ynoq, Orol dengizi, Samarqand, Buxoro, Xiva, ularning mahobatli tarixi, muqaddas qadamjolari bilan tanishdim. O’zbekiston haqidagi ilk taassurotlarimni  o’sha kezlarda olganman. Bir kuni qizim safar davomida Alisher Navoiy she’riyati va u yashagan zamon — temuriylar davri haqida gapirib berdi. Shundan so’ng Navoiy ijodi va she’riyatiga qiziqib qoldim. Keyinchalik AQShning nufuzli kutubxonalariga borib, Navoiy haqida ko’proq ma’lumot to’plashga harakat qildim. 

Alisher Navoiy — buyuk shoirlardan biri. Italiyaliklar uchun  Dante qancha qadrli bo’lsa, Navoiy ham o’zbeklar uchun shunchalik buyuk shaxs. Qisqa vaqt ichida uning barcha ijodi bilan tanishish mushkul. Buning uchun bir insonning umri etmaydi. Men uning ingliz, rus, frantsuz tillaridagi tarjima asarlarini ko’zdan kechirdim.  

Angladimki, Alisher Navoiy ijodiga butun dunyoning qiziqishi hamon davom etib kelmoqda. Ulug’ shoir ijodining bir qatrasini kashf qilgan kishi borki, hayratini yashira olmaydi. Tezroq Navoiy haqida zamondoshlariga xabar bergisi, uning yozganlarini o’z ona tiliga o’girgisi kelaveradi. Men bunga aminman. Masalan, mamlakatingizda  Alisher Navoiy ijodi haqida ilmiy tadqiqot olib borgan kanadalik Harri Dik Navoiyga “Dunyoni ma’naviy tanazzuldan qutqara oladigan ko’ngil bog’ining bog’boni” deya ta’rif beradi va “Lison ut-tayr” asarini ingliz tiliga tarjima qiladi. Bular qatoriga “Farhod va Shirin”ni ukrain tiliga tarjima qilgan shoir Nikolay Bajan, polyak tarjimoni Yanush Kjijovskiyni ham qo’shish mumkin.   

Navoiy ijodi shunchalik serqirraki, uning tarjimasiga qo’l urish uchun, avvalo, islom dini g’oyasi va qarashlari, turkiylar madaniyati, yashash tarzi, so’zlarning kelib chiqish etimologiyasini ham bilish juda zarur ekan. Qisqasi, Alisher Navoiy o’z ijodi bilan menga chinakam  izlanishni o’rgatdi. Tarjima jarayonida hatto bir so’z uchun necha kunlab kitob varaqlashga, sharqshunos do’stlarimdan maslahat so’rashga to’g’ri keldi. Bildimki, dastlab Navoiy g’azallarining asl ma’nosini to’liq tushunib, his etish kerak ekan. Keyin asl ma’nodan uzoqlashmagan holatda nazm bayoniga o’tdim. Shu tariqa juda mashaqqat bilan hazratning 21 g’azalini ingliz kitobxonlariga taqdim etdim. Bor imkoniyatimni ishga soldim. To’plamdagi ba’zi g’azallar tarjimasida ancha qiynaldim, buni tan olaman. Chunki ularda ishqiy tuyg’ular zamirida ilohiy ishqqa ishora mavjud. Ikki holatni ham tarjimada etkazib berish nihoyatda qiyin. Navoiy ijodining o’ziga xos jihati aslida mana shunda, deb o’ylayman.

Kitob nashr etilgach, unga bo’lgan qiziqish oshib ketdi. O’zimdan so’rovchilar ham ko’p bo’ldi. Natijada imkon qadar uni ko’proq tarjima qilish kerak,  degan xulosaga keldim.    
Qizimning o’zbek, rus tillarini bilishi menga Navoiy g’azallarining ingliz tilidagi badiiy matnini yaratish imkonini berdi. Tarjimam mukammal darajada, deb aytolmayman. Biroq shoir ijodini imkon boricha tezroq amerikaliklarga, oz bo’lsa-da, yetkaza oldim. 

Albatta, Navoiy asarlarini ingliz tiliga yanada ko’proq  tarjima qilish uchun menga ingliz va o’zbek tilini puxta biladigan hamkorlar kerak. O’zbek olimlari va adabiyotshunoslari bilan hamkorlik qilish niyatidaman. Chunki  Garvardda ilmiy tadqiqot olib borgan kezlarimda universitet kutubxonasida Navoiyning turk tilidagi tarjimasini ko’rganman. Hali o’rganilgani yo’q. Navoiydek ulug’ ijodkorni g’arbliklarga ko’proq tanishtirish uchun esa mening kichik tarjima kitobim dengizdan bir tomchi, xolos. Odamlar uni ko’proq o’qishsa deyman. Navoiy haqida ko’proq bilishlarini istayman. Buning eng asosiy sababi, G’arb dunyosining umuminsoniy g’oyalar, falsafa va ishq, asliyatga intilish, so’fizm, naqshbandiya g’oyalarini o’z she’riyatida aks ettira olgan Alisher Navoiydek shoirlar ijodini o’qishga ehtiyoji katta.

«Xalq so’zi» muxbiri
Elyorjon EHSONOV yozib oldi.
AQSh, Massachusets shtati

 

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?