Davlatobod korrupsiyadan xoli hududga aylanadi

19:14 29 Noyabr 2023 Jamiyat
160 0

Foto: “Xalq soʻzi”

Namangan viloyatining mazkur tumanida bundan ikki yil avval davlatimiz rahbarining “Oʻzbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini takomillashtirish boʻyicha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori ijrosi doirasida korrupsiyasiz hudud loyihasini amalga oshirishga kirishilgan edi.

Hozirgi kunda shu maqsadda ishlab chiqilgan “yoʻl xaritasi” izchillik bilan roʻyobga chiqarilayotir. Xususan, fuqarolarning huquqiy madaniyati va ongini oshirish, aholi oʻrtasida manfur illatga qarshi murosasiz muhitni shakllantirish uchun davlat muassasalari, xoʻjalik yurituvchi subyektlar, barcha mahalla fuqarolar yigʻinlarida koʻrgazmali targʻibot vositalari oʻrnatildi. Shuningdek, joylarda muntazam ravishda suhbat va uchrashuvlar tashkil etilmoqda. Mahalliy hokimiyat huzurida tuzilgan 11 kishidan iborat jamoatchilik kengashi aʼzolari tomonidan boshqaruv va huquq-tartibot idoralari masʼullarining hisobotlari eshitib borilyapti.  

Aytish mumkinki, dolzarb masala boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar samaradorligi asta-sekin koʻzga tashlanib boryapti. Loyiha ijrosiga kirishilgan dastlabki paytda tumanda korrupsiya bilan bogʻliq 18 ta holat qayd etilgan boʻlsa, joriy yilning oʻtgan davrida koʻrsatkich uchtani tashkil etdi. Taʼlim, sogʻliqni saqlash va boshqa qator muassasalar xodimlari faoliyati ustidan nazorat oʻrnatilib, korrupsiyaga moyilligi aniqlangan uch nafar mutasaddi rahbar bilan mehnat shartnomasi bekor qilindi.

— Jirkanch illat bilan bogʻliq jinoyatning bittasi ham ortiqcha, — dedi kecha mazkur mavzu boʻyicha oʻtkazilgan matbuot anjumanida soʻz olgan tuman hokimi Anvarjon Tojimirzayev. — Unga butunlay chek qoʻyish uchun davlat idoralari faoliyatining oshkora va shaffofligini toʻla taʼminlash, xizmatlarda inson omilini kamaytirish, tartib-taomillarni soddalashtirish, innovatsion usullardan keng foydalanishga yanada koʻproq eʼtibor qaratishimiz zarur.

Darhaqiqat, tumanda davlat xizmatchilari ish joyi va fuqarolarni qabul qilish xonalariga kuzatuv moslamalarining oʻrnatilishi, davlat xaridlarining shaffofligiga erishish, joylarda elektron xizmatning joriy etilishi natijadorlikni taʼminlayapti. Masalan, mahallalardagi 28 nafar profilaktika inspektorlariga zamonaviy planshetlar ajratilgan. Endilikda ularning har biri bodi kameralardan foydalanishiga harakat qilinmoqda.

Viloyatdagi ommaviy axborot vositalari vakillari, jurnalist va blogerlar ishtirokidagi matbuot anjumanida yuqorida tilga olingan “yoʻl xaritasi” ijrosining borishi tahlil etilib, tumandagi sektor rahbarlarining mavzu boʻyicha hisobotlari eshitildi.

Qudratilla NAJMIDDINOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?