Davlat tibbiy sugʻurtasi — sifatli tibbiy xizmat kafolati

13:24 27 Noyabr 2024 Jamiyat
234 0

Mamlakatimizda ilk bor Sirdaryo viloyati sogʻliqni saqlash tizimida davlat tibbiy sugʻurtasi mexanizmlari joriy etildi. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 12-noyabrdagi “Sogʻliqni saqlash tizimini tashkil etishning yangi modeli va davlat tibbiy sugʻurtasi mexanizmlarini Sirdaryo viloyatida joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori asosida amalga oshirilgan ushbu mexanizm kutilgan natijasini bermoqda.

Ulardan eng muhimi, endi bemor oilaviy shifokor yoʻllanmasi asosida bepul tibbiy yordam olish imkoniga ega boʻldi. Kasalliklarni erta bosqichlarda aniqlash, davolash maqsadida 421 ta tibbiyot brigadalari va 202 ta koʻrik xonalari tashkil qilindi. Shuningdek, bemorlar tuman, shahar shifoxonalariga toʻgʻridan-toʻgʻri emas, balki oilaviy shifokor yoʻllanmasi bilan murojaat qiladigan boʻlishdi. Eng asosiysi, tor soha mutaxassislariga murojaatlar soni 11 foizga kamaydi.

Mazkur mexanizm asosida kafolatlangan paket doirasidagi xizmatlar yoʻlga quyilib, oilaviy shifokorlik punktlari, oilaviy poliklinika va koʻp tarmoqli markaziy poliklinikalar 235 turdagi asosiy dori vositalari, 76 turdagi tibbiy vositalar bilan taʼminlandi. Davlat tibbiy sugʻurta jamgʻarmasining “Reimbursatsiya” dasturi doirasida elektron retsept asosida “Surunkali kasalliklar (yurak ishemik kasalligi, yuqori qon bosimi, qandli diabet II turi, bronxial astma va oʻpkaning surunkali obstruktiv kasalligi) bilan ogʻriydigan bemorlarni 11 turdagi dori vositalari bilan kafolatli taʼminlash tizimi joriy etildi.

Yana bir muhim jihat shuki, davlat tibbiy sugʻurtasi tufayli sohani moliyalashtirish yoʻnalishida ham ijobiy natijalar kuzatildi. Xususan, mahalliy byudjetdan ajratilgan mablagʻlar konsalidatsiya qilinib, mablagʻlarni tibbiyot muassasalari boʻyicha ularning hududiy joylashuvidan qatʼi nazar erkin taqsimlash imkoniyati yaratildi. Shuningdek, tibbiyot muassasalariga biriktirilgan aholi soni va tarkibi (yoshi, jinsi) asosida aholi jon boshiga moliyalashtirish yoʻlga qoʻyildi. Natijada tuman va shaharlarning tutash chegarasida yashovchi aholiga geografik joylashuvi boʻyicha oʻziga yaqin tibbiyot muassasasiga murojaat qilishi hamda aholining har bir aʼzosi uchun ajratilgan mablagʻni u murojaat qilgan tibbiyot muassasasiga yoʻnaltirish imkoniyati ham yaratildi.

Qolaversa, ajratilgan mablagʻlardan foydalanish boʻyicha tibbiyot muassasalariga moliyaviy mustaqillik berildi. Bunda tibbiyot muassasalari ajratilgan mablagʻlarni ehtiyojdan kelib chiqib, erkin taqsimlash imkoniga ega boʻldi.

Eng asosiysi, ushbu mexanizm tufayli aholiga koʻrsatilayotgan tibbiy xizmat sifati oshdi, kasalliklarni erta bosqichda aniqlash, davolash borasida olib borilayotgan ishlar natijasida yuqumli boʻlmagan kasalliklar soni sezilarli darajada kamaydi.

Yusuf MIRXONOV,

Sirdaryo viloyati sogʻliqni saqlash boshqarmasi

boshligʻining birinchi oʻrinbosari.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?