Davlat rahbari investorlarni jalb qilish boʻyicha koʻrsatmalar berdi

18:12 09 Aprel 2025 Siyosat
411 0

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida oʻtayotgan videoselektor yigʻilishida oʻtgan yili ayrim mamlakatlardan investitsiyalar kamaygani, bu yilda qator yetakchi davlatlar investorlari bilan loyiha qilinmagani koʻrsatib oʻtildi.

Xitoy, Rossiya va Malayziya bilan hokimlar va investorlarni bir-biriga bogʻlash tajribasi qolgan mamlakatlardagi elchixonalarimizda ham yoʻlga qoʻyilishi zarurligi qayd etildi.

Oʻtgan oyda Londonda “Oʻzbekiston investorlari kuni” tashkil etilgani natijasida 2,77 milliard dollar jalb qilish boʻyicha kelishuvga erishildi. Bunday tadbirlarni Nyu-York, Singapur, Gonkong, Dubay, Shanxay, Tokio, Istanbul kabi megapolislarda ham oʻtkazish topshirildi.

Xususiylashtirish boʻyicha muhim qarorlar qabul qilinishi kutilmoqda. Bunda 15 ta yirik davlat korxonasi yevrobond chiqarib, IPOga qoʻyiladi, 49 ta korxonadagi davlat ulushi xalqaro bozorda sotiladi.

“Bu oʻz-oʻzidan boʻlmaydi. Investor keladi, deb oʻtirmasdan, elchilar uchrashuv tashkil etishi, vazirlar va hokimlar borib taqdimot qilishi kerak. Shunda natija boʻladi”, dedi Prezident.

Shu oyda Jizzaxda, iyun oyida esa Toshkent shahrida xalqaro investitsiya forumlari oʻtkaziladi. Vazirlar va hokimlarga hozirdan puxta tayyorlanib, investorlarga taklif qilish uchun loyihalar portfelini shakllantirish topshirildi. Bunday forumlarni yil davomida barcha hududlarda tashkil etish vazifasi qoʻyildi.

Xalqaro moliya institutlari bilan ishlashning yangi tizimi tufayli yil boshidan 706 million dollarlik ishlar bajarildi.

“Issiqlik stansiyalari, hududiy elektr tarmoqlari, avtoyoʻllar, qishloq xoʻjaligi, temir yoʻllarda ishlar ancha oldinga siljidi. Uzoq muddat toʻxtab yotgan jami qiymati 2,9 milliard dollarlik 22 ta loyiha yurib ketdi”, dedi davlatimiz rahbari.

Shu bilan birga, baʼzi loyihalarga tasdiqlanganidan keyin ham hokimliklar tomonidan oʻzgartirishlar kiritilayotgani ularning ishga tushirilishini kechiktirmoqda.

Bundan keyin tayyor loyihaga oʻzgartirish kiritish faqat hukumat doirasida koʻrib chiqilishi belgilandi. Qoʻshimcha ishlar loyiha tugagandan keyin iqtisod boʻlgan mablagʻ hisobidan qilinadi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?