Davlat madhiyasi musiqasi muallifi uy-muzeyini gulzorga aylantirish shu qadar qiyinmi?

22:20 26 Mart 2021 Madaniyat
2656 0

Atoqli sanʼatkor, “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni sohibi, mamlakatimiz Madhiyasi bastakori Oʻzbekiston xalq artisti Mutal Burhonovning ogʻir kechgan bolaligi, tahlikada oʻtgan yoshligi, yaratgan oʻlmas asarlari haqida uzoq soʻzlash mumkin. Uning “Boy ila xizmatchi”, “Orol baliqchilari”, “Abu Ali ibn Sino”, “Maftuningman”, “Samolyotlar qoʻna olmadi”, “Surayyo” filmlariga bastalagan kuylari, “Alisher Navoiy” nomli operasi va boshqa asarlari musiqa sanʼatimizning oltin xazinasidan joy olgan. Bastakor “Tabassum qilmading hech” deb nomlangan ilk romansi, “Alisher Navoiyga qasida”, “Alisher Navoiy” operasi bilan musiqiy navoiynomaga asos soldi, desak xato qilmaymiz.

Ohanglar ohanrabosi

Oʻn yoshida ota-onasiz qolgan Mutal va uning ikki opasini 1926-yilda amakilari Buxorodan Samarqand shahriga koʻchirib olib kelishadi. Oradan koʻp oʻtmay u Sherdor madrasasida ochilgan Oʻzbekiston ilmiy tekshirish musiqa va xoreografiya instituti talabasiga aylanadi. Institut direktori Nikolay Mironov Mutalning tanbur chertishini koʻrib, aytgan qoʻshigʻini tinglab, “Bu bolada talanti bor, oʻqitamiz”, deydi.

Musiqaga mehru muhabbat Mutalga Abdurauf Fitrat xonadonidan yuqqan. Buni bastakor oʻzining “Koʻngil xazinasi” kitobida ham alohida taʼkidlaydi. Gap shundaki, uning opasi Fotima Fitratga turmushga chiqqan edi. Shu boisdan Mutal Fitratning xonadoniga tez-tez borib turardi. Bu uyda haftada bir bor musiqashunoslar toʻplanishar, ular orasida Domla Halim Ibodov, Ota Gʻiyos, Ota Jalol singari mashhur ashulachiyu cholgʻuchilarni koʻrish mumkin edi.

«Shu yerda men Choʻlpon, Gʻafur Gʻulom, Hamid Olimjon, Elbek, Usmon Nosir kabi shoiru adiblarni koʻrganman, ularning qizgʻin suhbat va bahslari guvohi boʻlganman», deya yozadi u.

Endigina 13 yoshga kirgan Mutalda ana shunday ulugʻ ijodkorlarning taʼsiri katta boʻldi, albatta.

Kitob qalbni poklaydi

Donishmandlardan biri «Shahar uchun eng muhim uch narsa bor. Biri kanalizatsiyadir. U shahardagi iflosliklarni tozalaydi. Yana biri hammom. U tanani kirlardan forigʻ qiladi. Uchinchisi esa kutubxonadir.U qalblarni poklaydi», degan ekan. Mutal Burhonovning Buxoro shahridagi uy-muzeyida ana shunday goʻsha — moʻjazgina kutubxona ham bor.Bu yerda bastakorning kitoblari saqlanmoqda.

Bu haqda toʻxtalishdan avval Mutal Burhonovning kitobga mehru muhabbatini ifodalovchi bir dalilni keltirmoqchimiz. Bu voqea 1934-yilda u Moskvada oʻqib yurgan kezlarida roʻy bergan.

“Bir kuni nota magaziniga kirsam ”Musiqa tarixi“ degan kitobga koʻzim tushdi, — deb yozadi bastakor. — Qimmat boʻlsa-da sotib oldim. Oradan koʻp vaqt oʻtmasdan pulim tugadi. Stipendiya berilishiga hali oʻn kun bor edi. Ikki kun och yurdim, konservatoriyaga tramvayda emas, piyoda kelardim... Shu qiyinchilikka chidadim, noliganim yoʻq. Fotima opam va amakilarimga xat yozganimda ”Men oʻqishga kirdim, juda yaxshi yashayapman, menga yordam kerakmas“,  derdim”.

Endi esa uy-muzeydagi kitoblar haqida. Bu yerda koʻplab nodir manbalar bor. 1944-yilda nashr etilgan «Kompozitorы Uzbekistana v dni otechestvenniy voynы» kitobi, Hamid Olimjonning 1940-yilda lotin yozuvida chop qilingan “Baxt” sheʼrlar toʻplami shular jumlasidan. Mutal Burxonov Motsart, S. Raxmaninov, P. Chaykovskiy singari jahon musiqa sanʼati dargʻalari qatorida Hofiz Sheroziy, Alisher Navoiy, Abu Nasr al-Forobiy, Berdaq asarlarini ham sevib oʻqiganini koʻramiz. Shaxsiy kutubxonasida Uygʻun, Ozod Sharafiddinov dastxati bilan tuhfa qilingan kitoblar bor. Bastakor ayniqsa, Oʻzbekiston Qahramoni, xalq shoiri, ayni kunlarda qutlugʻ 80 yilligi keng nishonlanayotgan Abdulla Oripov bilan yaqin ijodiy hamkorlik qilgan.Oʻzbekiston Respublikasi Davlat Madhiyasi ana shu hamkorlikning oʻlmas mahsulidir. Abdulla Oripovning dastxati tushirilgan “Ishonch koʻpriklari” kitobi, shubhasiz, uy-muzeyning tabarruk eksponatlaridan.

Koʻngil nega xijil boʻldi?

Bilamizki, ulugʻ bastakor umrining soʻnggi yillarini ona-shahri Buxoroda oʻtkazdi. U istiqomat qilgan goʻsha taʼkidlanganidek, uy- muzeyga aylantirilgan. Biroq uy-muzeyga kiraverishda koʻngilni xijil qiladigan manzaraga duch kelasan, kishi. Yoʻlakka oʻz vaqtida tosh yotqizilgan. Ammo negadir uy-muzeyga chiqiladigan zinapoya taʼmirlanmagan. Bino oldidagi kichik gulzor qarovsiz. Havoza tiklanganicha shu boʻyi turibdi. U nimaga qurilgan? Bunisi nomaʼlum. Shu moʻjaz yerni deylik, gulu gulzorga aylantirish shu qadar qiyinmi, degan savol tugʻiladi.

Bu haqda Buxoro davlat muzey-qoʻriqxonasi, qolaversa, uy-muzeydan nari borsa 100 qadam narida joylashgan mahalla masʼullari oʻylab koʻrishsa ziyon qilmasdi. Muzeylar milliy qadriyatlarimiz, boy oʻtmishimiz koʻzgusi, tarbiya maskani ekan, masalaning bu jihatini unutishga haqqimiz yoʻq!

Istam IBROHIMOV
(“Xalq soʻzi”)

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?