Daraxtlarni nomiga emas, hayotimiz, ertangi kunimiz uchun ekaylik

15:18 29 Oktyabr 2024 Jamiyat
202 0

Abdulaziz YOʻLDOSHEV/“Xalq soʻzi”. Prezidentimiz “Yashil makon” milliy loyihasini amalga oshirishga bagʻishlangan videoselektor yigʻilishda daraxtlarning ahamiyati, ularni nomiga ekishga yoʻl qoʻyish kerak emasligi haqida gapirdi. “Yashil makon” nomiga emas, oʻzimizning hayotimiz, oʻpkamiz tozaligiga, jamiyatimizga, salomatligimizga kerak.

Videoselektor yigʻilishida belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlash maqsadida Samarqand viloyatida ham zarur chora-tadbirlar belgilanib, shu asosda ishlar olib borilmoqda.

– Viloyatimizda 6 million 125 ming tup koʻchat ekish belgilangan, – deydi Samarqand viloyat hokimi oʻrinbosari Akmal Shukurov. – “Mening bogʻim” loyihasi doirasida 16 ta tuman va shahar hududida 18,6 gektar yer maydonda “Yashil bogʻ”, “Yashil jamoat parki” tashkil qilinadi.

Past Dargʻom tumanida “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida har yili minglab koʻchatlar parvarishlanmoqda. Dargʻom kanali yoqasidagi boʻsh yer maydonida koʻchat ekish bilan hududda “Yashil makon” umummilliy loyihasining kuzgi mavsumiga kirishildi.

Tuman sektor rahbarlari, korxona va tashkilotlar xodimlari va tuman jamoatchiligi vakillari kanal boʻyicha ming tupga yaqin qayragʻoch, katalpa, safura singari daraxt koʻchatlari oʻtqazib, ezgu ishga hissa qoʻshdi. Shundan soʻng tumanning 1-sektori hududi joylashgan Qoʻshquduq mahallasidagi boʻsh yer maydonlarga tumandagi barcha tashkilot va korxonalarning koʻngilli vakillari hamda faol fuqarolar tomonidan ming tupga yaqin mevali, manzarali daraxt koʻchatlari oʻtqazildi.

Tumanda kuzgi mavsumda 600 ming tup mevali va manzarali daraxt koʻchatlari ekish rejalashtirilgan.

Samarqand tumanida ham “Yashil makon” loyihasi doirasidagi ishlarni uyushqoqlik bilan tashkil etishga kirishilgan. Tuman markazidagi hokimlik zaxirasida 5 gektar maydonga manzarali va mevali daraxt koʻchatlari oʻtqazilib, bogʻ barpo etildi. Muhimi, bu xayrli ishda tuman ahli, yoshu qari birdek jonbozlik koʻrsatib ishtirok etmoqda.

Samarqand viloyat ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi boshqarmasi xabariga koʻra, “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida ekilgan koʻchatlarga eʼtiborsizligi oqibatida aniqlangan 62 nafar mansabdorlar 221 million soʻm miqdorida jarimaga tortilgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?