“COVID-19” ning yangi shtammi Oʻzbekistonda aniqlangani rostmi? SSV izoh berdi

“COVID-19”ning yangi shtammi Oʻzbekistonda aniqlangani yoʻq va u salomatlik uchun jiddiy xavf tugʻdirmaydi. Bu haqda Sogʻliqni saqlash vazirligi maʼlum qildi.
Qayd etilishicha, xalqaro va mahalliy OAV hamda ijtimoiy tarmoqlarda dunyoning qator mamlakatlari boʻylab “COVID-19”ning “XEC” nomli yangi shtammi tarqalayotgani, u kelgusi oylarda dominant variantga aylanishi mumkinligi haqida xabarlar eʼlon qilinmoqda.
SSV Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasi raisining birinchi oʻrinbosari Nurmat Otabekovga tayanib quyidagilarni maʼlum qildi:
Birinchidan, xalqaro ekspertlar xulosasiga koʻra, “COVID-19”ning “XEC” versiyasi “omikron” shtammining KS.1.1 hamda KP.3.3 variantlari kombinatsisi sifatida paydo boʻlgan va ilk bor shu yil 15-iyunda Germaniyada aniqlangan. Hozirgacha u 27 mamlakatda roʻyxatga olindi.
Ikkinchidan, bugungi kunda dunyo boʻylab “omikron” shtammining 10 ta versiyasi “aylanib yuribdi”. Mutaxassislar kelayotgan qish mavsumida “XEC” versiyasi dominant, yaʼni eng koʻp qayd etiladigan variant boʻlishini prognoz qilmoqda.
Uchinchidan, bu kasallik yengil va asoratsiz, aniqrogʻi OʻRVI va grippga xos belgilar bilan kechmoqda. Faqat ayrim farqli alomatlari bor. Yengil nafas qisishi, davomli yoʻtal, taʼm va hid bilish qobiliyati qisman yoʻqolishi, holsizlik kabi simptomlar shular jumlasidan.
Toʻrtinchidan, koronavirusga qarshi qoʻllanib kelinayotgan vaksinalar hozir aniqlanayotgan barcha shtammlar, xususan, “XEC” mutatsiyasiga nisbatan ham samara beradi va yangi emlash vositasini ishlab chiqarishga ehtiyoj yoʻq.
Beshinchidan, xalqaro tibbiy amaliyotda “XEC” shtammini yuqtirgan bemorlar asosan bir-ikki haftada toʻliq tuzalib ketishi kuzatilmoqda. Amaldagi davolash protokollari, muolaja usullari kutilganidek natija beryapti.
Maʼlum qilinishicha, hozir Oʻzbekistonda “XEC” shtammi qayd etilgani yoʻq. Oʻz navbatida, mamlakat “COVID-19”ga qarshi yetarli vaksinalar zaxirasiga ega.
“Shu bois yurtimizda katta miqyosdagi epidemiya va pandemiyalar kuzatilishi ehtimoldan yiroq. Negaki, aholimizda mavjud boʻlgan jamoaviy immunitet mazkur kasallik qoʻzgʻatuvchisini mamlakatimiz hududiga kirib kelib, juda keng koʻlamda tarqalish xavfini sezilarli darajada kamaytiradi”, deyiladi xabarda.
Maʼlumot uchun aytish mumkinki, ayni kungacha jahonda “SARS-KoV-2”ning salkam 40 mingta mutatsiyasi qayd etilgan.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Ayrim oilalarga bir martalik moddiy yordam beriladi
- Oʻzbekistonda doimiy aholi soni har kuni necha kishiga oshyapti?
- Shahram Gʻiyosov tajribali raqibini muddatdan oldin magʻlub etdi
- Samarqand yana bir nufuzli forumga mezbonlik qiladi
- Markaziy bank shoshilinch ogohlantirish bilan chiqdi
- “Leapmotor” Oʻzbekistonda oʻtkazilgan avtomobil testi natijalaridan noroziligini bildirdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring