Chust palovini yeganmisiz? Yoxud Namangan gastronomik turizmi istiqbollari haqida

16:46 09 Avgust 2020 Welcome to uzbekistan
4303 0

Chustliklar nafaqat milliy doʻppi va pichoqlari, balki, oʻzbek pazandachiligining ustuni boʻlgan palov tayyorlash borasida ham mashhur. Sayyohlar ishtiyoq bilan isteʼmol qiladigan bu taomni xonakon bekalaridan tashqari umumiy ovqatlanish shoxobchalarida ham kiftini keltirib tayyorlashadi. Masalan, yil oʻn ikki oy odam arimaydigan mavlono Lutfulloh nomli madaniyat va istirohat bogʻidagi oshpazlarga buyurtma bering, bir soatga yetar yetmas vaqtda bir choʻqim devzira palov soʻridagi dasturxoningizga yetkaziladi. Bu Chust va Namanganning boshqa hududlarida gastronomik turizm allaqachondan buyon faoliyat koʻrsatib kelayotganidan dalolat.

Mahalliy va xorijiy sayyohlik istiqbollaridan kelib chiqib, ayni paytda Chustda zamonaviy osh markazi barpo etish yuzasida amaliy ish boshlangan. Bu markazni Chust doʻppisi va Chust pichogʻi xalqaro muzeylari bilan bir joyda barpo etish koʻzda tutilmoqda.

Taʼkidlash kerakki, Namangan oshxonasi maqtansa arzigulik qirralari bilan ajralib turadi. Masalan, Kosonsoy xushtaʼm mantisi, Norin va Mingbuloq baliqlari, Yangiqoʻrgʻondagi Nanay qishlogʻi “besh barmogʻi” bilan mashhur. Gullar shahrida tayyorlash yoʻlga qoʻyilgan tandirga kosasi bilan yopiladigan somsani boshqa biror viloyatda uchratmaysiz. Shuningdek, qozonkabob (asosi noʻxat va goʻshtni tashkil etuvchi suyuq taom) va koʻplab turdagi kabob somsalarning dovrugʻi ham vodiydan tashqariga oʻtib ulgurgan.

Milliy taomlar tayyorlanishi jarayoni bilan oʻsha yeguliklarning vatanida tanishish doimo turistlar uchun qiziqarli boʻlib kelgan. Bu oʻz navbatida oshpazlarimiz mahoratini namoyish etuvchi master-klasslar oʻtkaziladigan va  bir yoʻla xoʻrandalar qorni toʻygʻaziladigan kichik oshxonalar ochishni taqozo etmoqda. Shuningdek, Uchqoʻrgʻonda qulupnay, Toʻraqoʻrgʻonda gilos, Chustning Axchasida uzum, Mingbuloqda tarvuz, Popda qovun sayli kabi bayramona tadbirlarning tashkil etilishi turistlar oqimining ortishiga xizmat qiladi.

Qudratilla NAJMIDDINOV,
“Xalq soʻzi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер