Chortoqda zamonaviy shaharcha qurilishiga kirishildi
Foto: Халқ сўзи
Loyiha qiymati 120 milliard soʻmga teng boʻlgan ushbu shaharcha Namangan-Chortoq avtomobil yoʻlining tuman markaziga kiraverish qismida barpo etiladi. Bogʻ mahallasi hududidan joy oladigan moʻjaz shaharchadan dastlabki bosqichda 7,9 va 12 qavatli yettita turar joy binosi quriladi. 440 xonadondan iborat bu binolarning birinchi qavati savdo va maishiy xizmat koʻrsatish shoxobchalari uchun moʻljallangan. Qurilish ishlari ayni sohada yetarli tajribaga ega boʻlgan “Osiyo” masʼuliyati cheklangan jamiyati tomonidan amalga oshirilmoqda.
– Chortoqda hozirga qadar 4-5 qavatli binolargina qurilgan, -deydi bosh pudratchi jamoa ish yurituvchisi Abduolim Botirov. – Boisi, tuman togʻoldi hududga joylashgan boʻlib, seysmik jihatdan faol nuqtalardan. Ayni jihatini hisobga olib, loyihaga kiritilgan koʻp qavatli binolarning seysmik mustahkamligiga alohida eʼtibor qaratildi. Ular 7-8 ball darajadagi yer silkinishiga bardosh bera oladi.
Shaharcha uchun ajratilgan 1,8 gektar maydonda qurilish ishlari boshlanganiga bir oydan oshdi. Hozirgi kunda bu yerda yetarli texnika vositalari va 50 dan ortiq quruvchi tomonidan poydevor qoʻyish yumushlari tezkorlik bilan olib borilmoqda. Binokorlar loyiha ijrosini kelgusi yil oxirigacha nihoyasiga yetkazishni moʻljallashgan.
Boʻlajak shaharchada bolalar va keksalar dam olish maydonlari, avtoturargoh, yer usti oʻtish yoʻlagi, xiyobon hamda boshqa infratuzilma inshootlari barpo etilib, aholi uchun munosib turmush sharoiti yaratiladi. Uncha uzoq boʻlmagan joyda kichik sanoat zonasi ham ishga tushiriladi.
Qudratilla NAJMIDDINOV. “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Investorlar uchun eng jozibador hudud yoxud investitsiya oqimidagi keskin tafovutning sabab va oqibatlari
- AQSH Adliya vazirligi Epshteyn ishi boʻyicha 3 millionta faylni eʼlon qildi
- Oʻzlikni anglash sari muhim qadam: “Milliy qadriyatlar atlasi” kitob-albomi taqdimot qilindi (+video)
- Oʻzbekistonda inson aʼzolarini 3D bioprinterda chop etish imkoniyati yaratilmoqda
- Bedilni xalqqa tanitgan xattot
- Buyuk shoirning Samarqanddagi tabarruk izlari
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring