“Chor darvesh” dramasi sahnalashtirildi

11:55 24 Dekabr 2024 Jamiyat
122 0

Istam IBROHIMOV/“Xalq soʻzi”. Buxoro viloyat musiqali drama teatri repertuari yana bir asar hisobiga boyidi. Bu yerda teatr bosh rejissyori Laziz Navroʻzov tomonidan Xoja Ahmad Yassaviyning “Devoni hikmat” asari asosida inssenirovka qilingan “Chor darvesh” dramasi sahnalashtirildi.

Buyuk ajdodlarimiz, jumladan Ahmad Yassaviy ham oʻzida milliy va umumbashariy fazilatlarni mujassam etgan komil inson orzusi bilan yashab ijod etgan. Sirasini aytganda, komillikni orzu qilmagan xalqning ertasini tasavvur etish mushkul. “Devoni hikmat”da shu orzu-niyatlarning sheʼriy ifodasi mujassam.

— Ahmad Yassaviyning hikmatlari asrlar sinovidan oʻtgan bitiklardir, — deydi teatrning adabiy boʻlimi boshligʻi Mohigul Nazarova. — Asarda shu hikmatlar mazmun-mohiyatidan kelib chiqqan holda bugungi kun odamlari orasida mehr-u diyonatning yoʻqolib borayotgani, shayton soʻziga kirib, nojoʻya yoʻllarga kirib ketish oqibatlari koʻrsatilgan. U yon-atrofga yanada teranroq nazar tashlashga, oʻz-oʻzimizni taftish qilishga undaydi. “Chor darvesh” tarbiyaviy ahamiyatga egaligi bilan oʻz tomoshabinlarini topadi, degan umiddamiz.

Asardagi rollarni Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist Saodat Gʻulomova, “Doʻstlik” ordeni sohibi Rahim Ergashev, shuningdek, Siroj Vafoyev, Murod Hasanov, Dilfuza Joʻraqulova singari iqtidorli aktyorlar ijro etgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?