Iqror

18:36 01 Fevral 2024 Madaniyat
398 0

Bugun oʻzbek adabiyotida oʻziga xos oʻringa ega boʻlgan taniqli adib, mohir tarjimon, Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan jurnalist Mamatqul Hazratqulov tavvallud topgan kun.

Tahririyatimiz jamoasi nomidan ijodkorga uzoq umr, sihat-salomatlik, barakali ijod, soʻz ishqida yonayotgan ruh va yurak tilab, eʼtiboringizga ushbu hikoyasini havola etamiz.

IQROR

hikoya

Almat aka maorif boʻlimidan koʻngli koʻtarilib chiqdi. Ogʻir bir yuk, atrofni qurshab olgan mana shu oqsoch togʻlarday zalvorli tashvish anchadan beri uning yelkasidan qattiq bosib turar edi. Endi u oʻzini qushday yengil his qildi.

Istirohat bogʻi tomonga yurdi. Bir nafas yolgʻiz qolgisi, oʻzi bilan oʻzi suhbatlashgisi keldi. Keksa chinor tagidagi skameykaga oʻtirdi. Chinorning sargʻaygan barglari “shirt” etib uziladi-da, pirpirab yerga uchadi. Shapaloqday barg Almat akaning yonginasiga tushdi. U bargni qoʻliga oldi: sap-sariq. “Hayot qonuni... Shu barg bahorda tangaday yaproq yozadi. Oʻshanda odamning dilini yayratadi. Endi boʻlsa... Hech kim eʼtibor bermaydi.

Balki bosib, ezgʻilab oʻtadi. Inson hayoti ham shunga oʻxshash. Umrining kuzi... Uni payqaganlar bor, payqamaganlar bor. Qay biri maʼqul?”

Barg bandidan ushlab, yuziga siypaladi. Nigohi hamon chinor shoxlarida. Cheti yirtilgan sap-sariq barg uning diqqatini tortdi. U nima uchundir dirillar edi. Qiziq... Nega titrayapti? Yashash uchun kurashish kerak, degani shumi? Nahotki? Balki toʻgʻridir? Men-chi? Boʻyin berdimmi? Umr kuzini erta tan oldimmi? Boʻlmasa nega ariza yozdim?

Almat akaning xayoli hozirgina rayon maorif boʻlimi mudiri bilan boʻlgan suhbatga koʻchdi. Mudir Almat akaning arizasini oʻqimadi. Bu masalada oldin ham bir necha marta kelgan, har gal “oʻylashib koʻramiz”, deb qaytarib yuborgan.

Mudir Almat akaning ozgʻin, ajin bosgan yuzlariga, maʼyus koʻzlariga boqdi. Bu koʻzlarda zigʻirning gulicha boʻlsa-da, soxtalik sezmadi. Almat akaning qaysi gapida, qaysi ishida gʻayritabiiylik koʻrgan?

— Xoʻsh, sababi nima oʻzi, domla? Ochigʻini ayting-chi?

Yoki biror gap oʻtdimi? – dedi mudir.

Almat aka oʻtirgan joyida bir qoʻzgʻalib qoʻydi.

— Nimaga unday deysiz. Hech gap oʻtgani yoʻq.

Jamoa-miz yaxshi, hamma hurmat qiladi.

— Shunday boʻlsa, ishlayvermaysizmi? Maktabga sizday odamning bosh boʻlib turganiga nima yetsin. Oʻquvchilargayam, oʻqituvchilargayam, ayniqsa, yosh muallimlarga sizning tajribangiz, maslahatingiz juda zarur-ku.

Qobiliyatli yoshlar bor. Biz endi keksayib qoldik.

— Birinchidan, hali baquvvatsiz, ikkinchidan, qari bilganni pari bilmas, deydilar. Sizning maktab ga kelib-ketib, u-bu ishlarga bosh boʻlib turishingiz jamoaning baxti-ku...

Almat aka qoʻlidagi bargni ikki barmogʻi orasida aylantirdi. “Baxt. Uni kim qanday tushunadi? Menday keksa oʻqituvchi, buning ustiga maktab direktoridan savoliga javob ololmagan oʻquvchi nima deb oʻylaydi?..”

Darsdan keyin savol-javob boʻldi. Suhbat adabiyotning bugungi ahvoli, hozirgi yosh shoir va yozuvchilar ijodi haqida bordi. Oʻquvchilar koʻp yangi nomlarni sanashdi. Ularning sheʼrlaridan oʻqib berishdi, kitoblari xususida fikrlarini aytdilar. Ochigʻi, Almat aka biroz dovdirab qoldi. Bu yoshlarning koʻpini eshitgan, u-bu narsasini oʻqigan boʻlsa-da, tan olish kerak, ijodini toʻliq bilmas edi. Shuning uchun oʻquvchilarning savollariga aniq javob berolmadi, chaynalib qoldi.

Oʻsha kuni darsdan juda horgʻin chiqdi. U butun muallimlik faoliyatida koʻp qiyinchiliklarni boshidan kechirdi, ogʻir yillarda, qiyin sharoitlarda dars berdi. Lekin biron marta charchaganini, ruhi tushganini eslayolmaydi. Bugun juda ezildi. Umrida birinchi marta oʻzini ojiz sezdi. “Demak, bizning davrimiz oʻtibdi-da...” Xayoliga kelgan birinchi fikr shu boʻldi. “Oʻquvchilarning savoliga javob berolmagan, loaqal ular bilgan narsani bilmagan oʻqituvchi oʻqituvchimi? Darslikdagi gaplarni oʻqib berish bilan ish bitmaydi”.

Oʻz ustida ishlamaydigan, bilimini oshirib, yangiliklardan xabardor boʻlib bormaydigan oʻqituvchilarni Almat aka kechirmas, buni sira yashirmay, ularning yuziga aytar edi.

Bugun esa oʻzi... “Qachondan beri shunday boʻlib qoldim? Balki ancha boʻlgandir, sezmagandirman?! Nega endi oʻsib kelayotgan avlodning fikrini oʻtmaslashtiramiz?! Ularning mulohazasini nima uchun oʻz qolipimizga solishimiz kerak? Oʻquvchilarning kelajagi, taqdiri menga, menga oʻxshaganlarga bogʻliq-ku. Yoʻq, endi tamom! Har kimning oʻz davri boʻladi. Ammo bu davr mutlaq emas! Buni tushunish, anglash darkor. Kimki buni oʻz vaqtida tushunsa, hayotning shiddatli oqimi bilan baravar suzishga qudrati yetmaganligini payqab, oʻzini qirgʻoqqa olsa – shuning oʻzi baxt!..”

Direktor shular haqida oʻy surib oʻtirgandi, eshik taqilladi. Darhol oʻzini qoʻlga oldi, kostyumini, galstugini toʻgʻriladi.

— Mumkinmi, domla?

Uch yil burun universitetni bitirib kelgan yosh adabiyot muallimi eshikni ochdi.

— Keling.

Yosh oʻqituvchilar orasida Almat akaning sobiq oʻquvchilari anchagina. Direktor ularning hammasiga bir ustoz kabi mehribonlik qilar, zarur maslahat va kengashini ayamasdi. Mana bu yigitga esa uning hurmati oʻzgacha. Bu ham adabiyotchi boʻlgani uchunmi, kamtar, ishchanligi tufaylimi – harqalay Almat aka aniq sababini bilmaydi – lekin alohida bir mehr bilan yaxshi koʻradi. Hozir yuragi siqilib, oʻzi bilan oʻzi bahslashib turganda sevimli shogirdining kirib kelishi, uning ayni koʻnglidagi ish boʻldi. U oʻrnidan turib, shogirdiga peshvoz yurdi.

— Bir maslahat bor edi, domla.

— Oʻtiring-chi. Xoʻsh, nima ekan?

— Rayonimizga bir-ikkita yosh shoirlar keli- shipti. Ularni maktabimizga chaqirib uchrashuv oʻtkazsak. Bahonada adabiyotimizning bugungi ahvoli bilan yaqinroq tanishar edik. Ulardan koʻp narsa soʻrab-bilish mumkin. Oʻquvchilarimizga ham nafi tegadi.

Sinfdagi savol-javob Almat akaning yodiga tushdi. Lekin buni shogirdiga sezdirmadi.

— Mayli, – dedi loqaydlik bilan. Keyin qoʻshimcha qildi: – Kimlar ekan?

Muallim rayonga kelgan yosh shoirlarni aytdi. Almat aka barmoqlarini stol ustida oʻynatar ekan, “O, juda yaxshi! Zoʻr shoirlar. Ular bilan uchrashuv oʻtkazish kerak, juda yaxshi...”, dedi. Aslida ularning birontasini ham tuzukroq bilmas edi.

— Boʻpti, gaplashib keling, – dedi. – Qachon oʻtkaz-moqchisiz uchrashuvni?

— Ertaga chaqirsam devdim.

— Mayli. Meni ertaga boshqarmaga chaqirishgan. Za-vuchga tayinlayman, birgalikda uyushtiringlar. Agar ularning yonida kitoblaridan boʻlsa, kutubxonamiz uchun dastxat yozdirib oling.

Yosh muallim biroz boʻshashdi.

— Siz qatnashmasangiz qanday boʻladi?

— Zarari yoʻq. Nima qipti? Men bormasam boʻlmay-di-da. Indinga oʻtkazaylik desam, ularning vaqti bormi-yoʻqmi, balki ketib qolishadimi...

— Boshqarmaga bir kun keyin borsangiz-chi? Oʻzin-giz ishtirok etganingizda yaxshi boʻlar edi-da. Ham direktor, ham tajribali adabiyot oʻqituvchisi. U shoirlarni yaxshi bilasiz...

Yosh muallimning oxirgi soʻzlari Almat akaga kinoya kabi eshitildi. “Shoirlarni yaxshi bilasiz”. U hozir ovozini boricha “Yoʻq, men hech kimni, hech narsani bilmayman! Mening davrim oʻtdi!” deb baqirgisi, shu bilan koʻnglini sal boʻshatgisi keldi. Biroq Almat aka... Almat Murodov uchun bunday qilish yarashmas, yarashmaydigina emas, umuman aqlga sigʻmaydigan bir gap edi. Uning kuchli irodasi, keng mulohazasi, katta hayotiy tajribasi har doimgidek, bu safar ham bir lahzalik yengil hissiyotdan ustun chiqdi. Oʻrnidan ogʻir turdi-da, shogirdining yoniga kelib, yelkasiga qoʻlini qoʻydi.

— Tushunaman, oʻgʻlim, – dedi u otalarcha vazminlik bilan, – lekin siz ham meni tushuning: men uchrashuvda qatnasholmayman. Buning uchun men ertaga oblonoga borish-bormasligimning ahamiyati yoʻq!.. Sababini soʻramang. Mavridi kelsa, aytarman.

Bu gapdan yosh muallim hayratga tushdi. “Nima gap oʻzi? Bu gaplarni Almat aka aytyaptimi?” Quloqlariga ishonmadi. Roʻparasida turgan odam oʻsha – oʻziga ilk bor harf oʻrgatgan, qalbida adabiyotga ishtiyoq uygʻotgan, qancha-qancha yoshlarga ustozlik qilgan, shaharchada yetti yoshdan yetmish yoshgacha hamma domla, deb hurmat qiladigan Almat Murodov turganiga shubha qilgandek unga sinchkovlik ila tikildi.

Buni Almat aka sezdi. U ham shogirdining javdirab turgan koʻzlariga qaradi-da:

— Shunday, oʻgʻlim! – dedi.

...Almat aka chuqur xoʻrsindi. Chinorning koʻm-koʻk bargiga termildi. “Xoʻsh, oʻsha yosh muallim qanday tushunadi bu baxtni? Baxt emish. Yuz mehri – issiq qabilida indamay yurishganini, yuziga solmayotganini baxt, deb oʻylash kerakmi?..”

Balki shundaydir. Lekin men uchun bunday baxtni koʻtarish ogʻir. Oʻyinga yaramay qolganini sezib oʻzini chetga olish, yoshlarga oʻrin berish darkor. Oʻzini ham, oʻzgalarni ham qiynab, koʻzga chiqqan govmijjaday xunuk koʻrinib yurish nahoki baxt boʻlsa?”

Mudir oʻylanib qoldi. Almat akaga sinovchan razm soldi. U nigohini bir nuqtaga qadab, indamay oʻtirar edi. Mudir oxirgi marta Almat akaning qoʻyniga qoʻl soldi.

— Men sizdan buni kutmagan edim, – dedi ranjigan ohangda, – Sizni sirayam shunaqa odam, deb oʻylamovdim.

Almat aka yalt etib mudirga qaradi. Uning bu qarashida “Men qanaqa odam ekanman? Nima demoqchisiz?” degan keskin savol zohir edi. Mudir buni sezmagan kabi oʻsmoqchiladi. – Nahotki, shu qadar shaxsiyatparast boʻlsangiz?

Almat aka avval oqardi, keyin uyat ish qilib qoʻygan boladay qizarib ketdi. Ilkis nima deyishini bilmay qoldi.

— Bu nima deganingiz? – dedi nihoyat.

Mudir iloji boricha oʻzini jiddiy tutishga, hazilini sezdirmaslikka harakat qildi. Gapirish ohangini ham oʻzgartirmadi.

— Toʻgʻri-da! Shaxsiy halovatingizni oʻylab hamma-sidan voz kechyapsiz. Jamiyat manfaatidan oʻzingizni olib qochyapsiz. Boshqa maktablarda shunday oʻqituvchilar borki, pensiyaga chiqqaniga bir necha yil boʻlganiga qaramay, ishlamaslikni xayoliga ham keltirmaydi. “Koʻp yillik halol xizmatlaringiz evaziga endi hordiq olinglar”, deb qancha aytdik. Ammo ular “Tanamda jonim bor ekan, jamiyat uchun, xalq uchun xizmat qilaman! Mayli, murdam chiqsin maktabdan”, deyishadi. Ularni haqiqiy pedagog, jamiyat uchun, xalq uchun umrini baxshida qilgan fidoyilar desa boʻladi. Siz oʻshalardan yoshsiz, lekin “Keksaydim, charchadim, sogʻligʻim yomon, ishdan boʻshating”, deysiz.

Mudir kimlarni nazarda tutayotganini Almat aka biladi. Tumanda besh-oltita keksa oʻqituvchi bor. Oʻqituvchilar yetishmasligi tufayli bir vaqtlar muallim boʻlib olgan. Lekin buni oʻzlari tan olmaydi. Bu haqda soʻz ketdimi, “biz yoshligimizda...” deb gapni uzoqdan boshlashadi. Oʻquvchilarning masxara qilishi ham, majlislardagi dashnomlar ham, qizim senga aytaman, kelinim sen eshit, qabilidagi uchiriqlar ham ularga taʼsir etmaydi...

Oʻzini oʻshalarga mengzagani uchun Almat aka mudirdan ranjidi. Vujudi jimirlab, boshiga issiq qon yugurdi, ikki chakkasi qizib ketdi.

— Menga qarang, hurmatli mudir, – dedi salmoqlab. – Bordi-yu, hazil qilayotgan boʻlsangiz, sizdan qattiq iltimos, ikkinchi bunaqa hazilni yigʻishtiring, agar rost aytayotgan boʻlsangiz...

U gapirolmay qoldi. Hazili qaltis chiqqanini mudir sezdi. Stakanga suv quyib, Almat akaga uzatdi.

— Domla, domla... Qoʻying-e, nahotki, hazilni tu- shunmasangiz. Men sizning kimligingizni bilmaymanmi?!

Almat aka bir qultum suv ichib, boshini kaftlari orasiga oldi. Tirsaklarini stolga tiragancha uzoq jim qoldi. Mudir sarosimaga tushib, qoʻrqib ketdi. “He, shu hazilni chiqarganning padariga laʼnat!” Almat akaga yaqin bordi.

— Doktor chaqiraymi, domla?

Almat aka “yoʻq” degan maʼnoda bosh irgʻadi. Birozdan keyin qoʻllarini tushirdi. Ojizlik bilan mudirga qaradi.

— Kechiring, domla. Hazillashaman, deb...

— Oʻsha vatanparvarlar, jamiyatga jonini fido qilgan fidoyilar bilan ishlayvering-da, – dedi Almat aka juda siniq tovushda. – Mendek shaxsiyatparast, xudbin odamni nima qilasiz. Undan koʻra arizamga tezroq qoʻl qoʻyib, tezroq qutulmaysizmi! – U endi oʻziga oʻzi gapirar edi. – Shaxsiyatparast emishman. Salkam ellik yil muallimlik qilib, hech kimdan bunday gapni eshitmovdim. Yoshim bir joyga borganda shaxsiyatparastlik qilamanmi? Boʻshatinglar, quvvatim yetmayapti, hozirgi bolalarga aqlim, bilimim ojizlik qilib qoldi, endi yoshlar ishlasin, desam xudbinlik boʻladimi... Nega bir- birimizni toʻgʻri tushunmaymiz? Hayronman, yolgʻon gapga darrov ishonishadi-yu, rost soʻzingga quloq solishmaydi!

U bir lahza jim qoldi. Nafasini rostladi.

Keyin mudirga yuzlandi:

— Jamiyat taraqqiyotiga qoʻshilish, bu taraqqiyot bilan baravar yurish qoʻlimizdan kelmagach, ortiqcha chiranishning nima keragi bor? Bordi-yu, men shuni sezgan boʻlsam, shuni tan olib tursam – bu aybmi? Oldin ham necha marta keldim huzuringizga. Har gal paysalga solasiz. Hurmatingizni qildim, indamay qaytib ketaverdim. Endi esa...

Almat akaning maktabi tumandagi eng ilgʻor, har tomondan namunali. U direktorlikni topshirsa, maktabning obroʻsi nima boʻladi? Yangi direktor bu obroʻni saqlab qola oladimi? Axir, maktab butun tumanning faxri-ku!

Mudirning tashvishi bu yoqda edi. Direktorning arizasiga qoʻl qoʻymay, galga solishining boisi ham shu.

Almat aka uni ishontirdi: Maktabning obroʻsini saqlab qola oladigan, shuhratini yana ham oshirish qoʻlidan keladigan yoshlar bor...

Bu gapdan mudirning koʻngli oʻrniga tushdi...

Almat aka avval qoʻlidagi bargning tomirlariga, soʻng oʻzining qoʻl tomirlariga razm soldi. Ozgʻin qoʻllarida boʻrtib turgan tomirlar hali uncha-muncha ishni pisand qilmayotgandek tuyuldi. U ichki bir qoniqish, qandaydir xursandlik hissini tuydi... “Direktorlikdan boʻshaganim bilan qiladigan ishlarim koʻp hali... Oʻgʻil-qizlarim, nevaralarim...”

— Assalomu alaykum, domla.

Almat akaning xayoli boʻlindi. Qarshisida shogirdi – yosh adabiyot muallimi turardi.

— Yolgʻiz nima qilib oʻtiribsiz bu yerda? Almat aka unga yonidan joy koʻrsatdi.

— Oʻtiring. Shoshilmayapsizmi? Qayerga ketyapsiz?

— Yoʻq. Kinofikatsiyadagi oʻrtogʻimning oldiga bo-rayotgan edim. Yangi film kelganmish. Oʻqituvchilar hayotidan ekan. Gaplashib koʻray, maktabimizga olib borib koʻrsatsa, yaxshi boʻlardi.

“Direktorlikka buning nomzodini koʻrsatib chakki qilmadim. Juda kuydi-pishdi yigit. Oʻz fanini, umuman maktabni, bolalarni yaxshi koʻradi. Ana shundaylar direktor boʻlgani tuzuk”.

— Hozir sizni oʻylab oʻtirgandim.

— Meni? Qiziq-ku!

— Ha, sizni, – dedi Almat aka shogirdiga sinovchan tikilib. – Bilasizmi, men hozir rayono mudirining oldidan kelyapman...

Almat aka boʻlgan gapning hammasini aytib berdi.

— Bundan bir oycha ilgari yosh shoirlar bilan uchra-shuv oʻtkazmoqchi boʻlganingizda men qatnasholmayman, deganim esingizdami? Sababini endi bildingizmi?

— Qoʻying domla, biz adabiyotni sizchalik tushuni-shimizga hali ancha bor.

— Yoʻq, oʻgʻlim. Gaplarimni soxta kamtarlik, deb oʻylamang. Bori shu. Sizga aytadigan muhim gapim bor.

Mening arizamga qoʻl qoʻydi.

Muallim oʻrnidan sapchib turib ketdi.

— Nimalar deyapsiz, domla?! Maktabning holi ne kechadi?

— Xavotir olmang. Hammasi yaxshi boʻladi... Mayli, hozir yoʻldan qolmang. Boshqa gaplarni ertaga majlisda gaplashamiz. Xayr, omon boʻling...

...Ular ota-bolalarday xayrlashdi. Almat aka shogirdining orqasidan qarab qoldi. Uning yurishida qandaydir vazminlik, salobat bor edi. “Uyaltirmaydi... Ishonaman...”

1982-yil

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?