Chirkay mahallasi koʻrkam koʻrinishga ega boʻldi
Mamlakatimiz boʻylab eng chekka va olis hududlarda “Obod xonadon — obod koʻcha — obod mahalla” tamoyili asosida keng koʻlamli bunyodkorlik hamda obodonlashtirish ishlari olib borilayotir.
Respublika ishchi guruhi boshchiligida tanlangan 56 ta “qizil” toifadagi mahallalar qatoriga Fargʻona viloyatining Furqat tumanidagi “Chirkay” mahalla fuqarolar yigʻini ham kiritilgan edi.
Bosh Qonunimiz qabul qilinganining oʻttiz bir yilligi bayrami kunlari mahallada ayni yoʻnalishda amalga oshirilgan ishlar toʻliq yakunlandi.
Shu munosabat bilan tashkil etilgan tantanali tadbirda Fargʻona viloyati sektorlari rahbarlari hamda Respublika ishchi guruhi vakillari ishtirokida respublika byudjetidan 900 million soʻm mablagʻ sarflab bitkazilgan mahallaning yangi binosi foydalanishga topshirildi. Davr talabiga mos tarzda jihozlangan binoda mahalla “yettiligi” uchun alohida xonalar, majlislar zali, “Jamoatchilik maskani” barpo etildi. Yangi binoga “Mahalla” xayriya jamoat fondi jamgʻarmasi tomonidan mebellar toʻplami va kompyuter jihozlari ajratildi.
Mahalla binosiga tutash hududda “Mahalla bogʻi” bunyod qilinib, 500 tup manzarali daraxtlar, 600 tup gul koʻchatlari ekildi. Bogʻ atrofi obodonlashtirilib, oʻrindiqlar va sayr yoʻlaklari tashkil etildi. Bundan tashqari yoshlarning boʻsh vaqtlarini mazmunli tashkil etish maqsadida eski futbol maydoni taʼmirlandi hamda “Workout“ maydoni qurib bitkazildi.
Bayram munosabati bilan mahallada oziq-ovqat yarmarkasi tashkil etilib, aholi uchun zarur mahsulotlar arzonlashtirilgan narxlarda sotildi. Mehnat yarmarkasida 9 nafar ishsizning bandligi taʼminlangan boʻlsa, 17 nafar xotin-qizga subsidiya asosida mehnat anjomlari tarqatildi.
“Konstitutsiya – xalqchil davlat, barqaror taraqqiyot va farovon hayot asosi!» degan bosh gʻoyani oʻzida mujassam etgan bayram tadbirida bir guruh fidoyilar taqdirlandi.
Shuningdek, “Sogʻlom hayot uchun 5000 qadam” yurish marafoni oʻtkazildi va unda 500 nafardan ziyod koʻngillilar qatnashdi. Marafon yakunida mahallada yangidan qurib foydalanishga topshirilgan 8-umumtaʼlim maktabi binosida Davlat madhiyasi yangradi.
— Oʻtgan qisqa davr mobaynida nafaqat yashash sharoitimiz, turmush tarzimiz, balki dunyoqarashamiz, tafakkurimiz butunlay yangilandi, — deydi “Chirkay” MFY xotin-qizlar faoli Davlatoy Meliboyeva. — Bu hayotga va yashashga boʻlgan ishtiyoq, munosabatimizni ham oʻzgartirdi. Bugun mahallamizning zamonaviy va muhtasham koʻrinishiga barchaning havasi kelmoqda.
Botir MADIYOROV, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Tinchlik sulhi shartlari bajarilmoqda: Gʻazo 3 nafar, Isroil 90 nafar mahbusni vataniga qaytardi
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
- Voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimi takomillashtirilmoqda
- Harbiy xizmatni oʻtash bilan bogʻliq tartiblar yangilanadi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring