Chiqindi islohotiga fuqarolar tayyor. Xizmat koʻrsatuvchilar-chi?
Jahongir BOYMURODOV/“Xalq soʻzi”. Bundan oʻn-oʻn besh yil avval oʻzlarining “svet”, gaz, suv, issiqlik manbai, chiqindi xizmati, “shirkat” yoki shu kabi boshqa kommunal xizmat koʻrsatish idoralaridan ekanini aytib, toʻlov qilishingizni soʻrab keluvchilar koʻp edi. Toʻlovlar bilan bogʻliq firibgarliklar-u, turli muammolar, urchib ketgan noreal qarzdorliklar borasidagi mojarolarni ham koʻpchilik yaxshi eslasa kerak.
Soʻnggi yillarda mamlakatimizda kommunal xizmatlar uchun toʻlovlar tizimiga zamonaviy texnologiyalarning joriy etilishi natijasida bu boradagi vaziyat ancha yaxshilandi. Masalan, endilikda elektr energiyasi, gaz, suv yoki chiqindi uchun toʻlovni istalgan vaqtda telefoningizdagi maxsus ilovalar orqali amalga oshirishingiz, hisobingizni ham kuzatib borishingiz mumkin. Hammasi shaffof. Bundan albatta, xizmat koʻrsatuvchi ham, aholi ham mamnun.
Prezidentimizning 2024-yil 4-yanvardagi “Chiqindilarni boshqarish tizimini takomillashtirish va ularning ekologik vaziyatga salbiy taʼsirini kamaytirish boʻyicha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoni ham ushbu turdagi xizmatlar koʻrsatish sifatini yanada yaxshilash, toʻlov intizomini oshirish borasida muhim ahamiyatga ega boʻldi.
Farmonda belgilangan muhim jihatlardan biri — endilikda chiqindi xizmatlaridan qarzdorligi boʻlgan abonentlarning elektr energiyasiga toʻlovlarni amalga oshirishiga cheklov oʻrnatiladi. Bu tartib joriy yilning 1-iyunidan Toshkent va Nukus shaharlari hamda viloyatlar markazlarida, keyinchalik esa bosqichma-bosqich boshqa hududlarda ham joriy etilishi belgilangan.
Darhaqiqat, elektr energiyasi, tabiiy gaz yoki ichimlik suvi uchun toʻlovlarni oʻz vaqtida amalga oshirmagan fuqarolarni tarmoqdan uzib qoʻyish mumkin. Chiqindi bilan bogʻliq holatda esa buning imkoni yoʻq. Shu bois ham aholining boshqa kommunal xizmatlarga qaraganda chiqindidan qarzdorligi katta.
Misol uchun, ayni paytda Qarshi shahri aholisiga chiqindi tashish xizmatini koʻrsatayotgan “Qashqadaryo eko trans” MCHJning debitor qarzdorligi 6 milliard 800 million soʻmni tashkil etadi. Toʻlovlarni undirishdagi yangi tizim esa ularning bu boradagi muammolariga yechim boʻlishi tabiiy.
Shundan kelib chiqqan holda, MCHJ xodimlari oʻz abonentlarini bu tizim haqida ogohlantirib, toʻlovlarni vaqtida amalga oshirishga chorlay boshladi.
Bu jarayonda esa aholining ham eʼtirozlari yuzaga chiqdi. Xususan, bizga murojaat qilgan fuqarolarning aytishicha, aslida chiqindidan qarzdorligi oshib ketishiga ularning masʼuliyatsizligi emas, balki xizmat koʻrsatuvchi tashkilot hamda abonentlar oʻrtasidagi shartnoma tizimining shaffof emasligi sabab boʻlmoqda.
Masalan, belgilangan tartibga koʻra chiqindi tashish xizmati uchun toʻlov har bir xonadondan shu oila aʼzolari sonidan kelib chiqqan holda undiriladi. Biroq koʻp hollarda xonadonda yashovchilar soni hamda xizmat koʻrsatuvchi tashkilotdagi roʻyxat bir-biriga muvofiq kelmayapti.
— Ikki yil avval yangi xonadon olib koʻchib chiqqanmiz va ayni paytda shu xonadonda roʻyxatda turib, 4 kishi uchun chiqindiga toʻlovlarni oyma-oy amalga oshirib kelayapmiz, — deydi Qarshi shahrida yashovchi Shohista Safarova. — Eski uyimizda esa hozir hech kim yashamaydi. Lekin u yerdan ham oyiga 4 kishi uchun toʻlov chiqib keladi. Ikki yildan buyon shu muammoni hal qila olmay sarsonman. Bir necha marotaba “Qashqadaryo eko trans” MCHJ nazoratchilariga shuni tushuntirdim, ular soʻragan hujjatlarni keltirib berdim, lekin muammo hal boʻlmadi. Bizda qarzdorlik yuzaga kelishiga shu holat sabab boʻlgan.
Aholi vakillarining aytishicha, yana kimningdir oila aʼzolaridan biri uzoq vaqtdan buyon xorijda ishlayapti, qizi turmushga chiqib ketgan, farzandi boshqa shaharda oʻqishda yoki shunga oʻxshash holat. Ammo yaqinlari ular uchun ham chiqindiga toʻlov qilishga majbur boʻlmoqda. Toʻlamasa xizmat koʻrsatuvchi qarzdorlik hisoblab boraveradi. Ularni hisobdan chiqarish esa bir dunyo yugur-yugurlar-u hujjatbozliklardan iborat. Bunga hammaning ham vaqti, imkoni boʻlmaydi.
“Qashqadaryo eko trans” MCHJ masʼul xodimi Nuriya Sultonova bu holatga izoh berar ekan, dastlab ular xonadonlarda yashovchi aholi roʻyxatini IIB bazasidagi maʼlumot boʻyicha, keyinroq esa mahalla raislari bergan roʻyxat asosida shakllantirishini aytdi.
— Mavjud tartibga koʻra, biz aholi bilan toʻgʻridan-toʻgʻri emas, balki mahalla bilan umumiy shartnoma tuzamiz, — deydi u. — Roʻyxatni ham mahalla beradi va shu roʻyxatdagi odam soni boʻyicha xonadonlarga toʻlov yoziladi. Ammo roʻyxatda nomuvofiqlar boʻlsa, xonadon sohiblari ofisimizga kelib, kerakli hujjatlarni taqdim etsa, xonadonda yashovchilar soni oʻzgartirib beriladi.
Bundan shunday xulosa qilish mumkinki, demak xizmat koʻrsatuvchi korxona roʻyxatining haqiqiy aholi sonidan farq qilishiga mahallalardan berilayotgan maʼlumotlarning noaniqligi ham sabab boʻlmoqda. Buning ustiga, MCHJ roʻyxatiga tuzatish kiritish ham Nuriya Sultonova aytganchalik oddiy ish emas, yoʻqsa, Shohista Safarova ikki yildan buyon sarson boʻlib yurmasdi.
Sohadagi muammolardan yana biri SMS xabarnomalar bilan bogʻliq.
Xususan, Prezident farmonida chiqindi xizmatlari uchun oylik toʻlovlardan qarzdorligi boʻlgan abonentlarni SMS orqali xabardor qilib borish tizimi yoʻlga qoʻyilishi, shuningdek, yangi tizimning ishga tushirilishidan avval abonentlar qarzdorlik vujudga kelganligi toʻgʻrisida oldindan elektron toʻlov tizimlari orqali ogohlantirilishi lozimligi aniq belgilab qoʻyilgan.
Biroq biz suhbatlashgan koʻplab aholi vakillari ayni paytda chiqindidan qarzdorligi haqida SMS xabarnomalar kelmayotganini aytishdi. Shunday boʻlgach, aholi chiqindi boʻyicha qarzdorligidan xabari boʻlmay, istalgan paytda chiroqsiz qolib ketishi ham mumkin.
Nuriya Sultonova esa aksincha, abonentlarga chiqindi qarzdorligi boʻyicha SMS xabarnomalar joʻnatilayotganini bildirdi. Faqat bazadagi telefon raqamlari yaqin orada yangilanmagan, shu bois kimlargadir SMS xabarnoma bormayotgan boʻlishi ehtimoldan holi emas ekan.
Mavzuni oʻrganish asnosida aholi vakillari, masʼullar va mutaxassislar bilan suhbatlashdik, ularning fikrlarini tingladik. Bir tomondan kimlardir chiqindilarni tashish xizmati uchun ortiqcha pul toʻlashga majbur boʻlayotgan boʻlsa, ikkinchi tomondan kimlardir xonadonida haqiqatda yashovchilar sonini kamaytirib, toʻlovlardan qochishga harakat qilayotgani ham bor gap. Anglaganimiz shu boʻldiki, yangi tizimni yoʻlga qoʻyishda hali nuqsonlar mavjud. Oʻylaymizki, “Qashqadaryo eko trans” MCHJ ham, u xizmat koʻrsatayotgan mahallalar mutasaddilari ham ishga professional yondashib, yuzaga kelayotgan muammolarni bartaraf etishadi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Tinchlik sulhi shartlari bajarilmoqda: Gʻazo 3 nafar, Isroil 90 nafar mahbusni vataniga qaytardi
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
- Harbiy xizmatni oʻtash bilan bogʻliq tartiblar yangilanadi
- Voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimi takomillashtirilmoqda
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring