“Chinakam sanʼat asarining oʻz taqdiri bor” — Vadim MURODXONOV
1974-yili Qirgʻizistonning Bishkek shahrida tavallud topgan shoir, yozuvchi va tarjimon Vadim Murodxonov 1990-yili oilasi bilan Toshkentga koʻchib kelgan. 1996-yili Toshkent davlat universitetini tamomlagan. Vadim Murodxonovning nasriy asarlari «Novыy mir», «Znamya», “Oktyabr”, «Drujba narodov», «Novaya yunost», sheʼrlari «Zvezda Vostoka» hamda “Jahon adabiyoti” jurnallarida chop etilgan. Vadim Murodxonov oʻzbek adabiyotining tom maʼnoda katta targʻibotchisi hamdir. Uning tarjimasida Abdulla Oripov, Rauf Parfi, Xurshid Davron, Vafo Fayzulloh, Qutlibeka kabi shoirlarimiz sheʼrlari rus tilida eʼlon qilindi. Ayniqsa, Vadimning 2013-yil Moskvada bosmadan chiqqan «Uzbekskiye slova» (“Oʻzbekona kalom”) kitobi adabiy davralarda iliq fikrlarga sabab boʻldi. Kitobning ikkinchi qismiga shoirning oʻzbek shoirlari asarlaridan qilgan badiiy tarjimalari kiritilgan.
Har bir yozuvchi oʻz kuchi va salohiyatidan kelib chiqib, avvalo, milliy adabiyotiga hissa qoʻshadi, faqat kamdan-kam holatlardagina muallif tomonidan amalga oshirilganlar jahon koʻlamiga chiqadi. Ustiga ustak, aksar hollarda uning koʻlami yozuvchi bu hayotni tark etgandan soʻng maʼlum bir muddat oʻtgach koʻrinadi: chinakam sanʼat asarining oʻz hayoti va taqdiri bor. Boshqa tomondan esa har bir ulugʻ yozuvchi quruq yerdan unib chiqavermaydi. U, nomlari har doim ham jahon adabiyoti tarixida qolavermaydiganlardan koʻra koʻproq boʻy choʻzadi.
Basharti, oldindan bitiklarimni baholashga keladigan boʻlsak, mavzu hamda kolorit jihatdan zamonaviy rus adabiyotining asosiy yoʻnalishidan farq qiladigan, sharqona, oʻrta osiyocha ong va turmush tarzidan kelib chiqib yaratilgan sheʼrlarim, hikoyalarim va esselarimni tilga olgan boʻlardim.
Ehtimol, ular tobora kuchayib borayotgan globallashuvga qaramay, asl va ichki narsalarga qiziqish qoʻshni dunyoda nima boʻlayotganini eshitishimiz va toʻgʻri tushunishimizga imkon bermaydigan hozirgi murakkab davrda Sharq va Gʻarb oʻrtasida koʻprik bunyod etishga hissa qoʻshayotgandir.
Oʻzbek va boshqa tillardan oʻgirganlarim, jumladan, Togʻay Murod nasri, Rauf Parfi, Bob Dilan, Nedim Gursel va boshqa koʻplab hassos mualliflarning sheʼrlaridan tarjimalarim, umid qilamanki, shu maqsadda xizmat qiladi.
Qush qanotsiz, baliq suzgichsiz, yoʻlbars tirnoqsiz kun koʻrolmaganidek, inson ham maʼnaviy oʻlchovsiz yashayolmaydi. Agar Shekspir, Tolstoy, Navoiy, Aflotun, Da Vinchi boʻlmaganda, ularning oʻrnini boshqa siymo va boshqa gʻoyalar egallagan boʻlar edi. Gumanitar soha sira huvillab qolmaydi. Insoniyatning asosiy tashvishi mana shu jabhani nima bilan toʻldirish boʻlishi lozim.
Inson hali oʻqish va yozishni bilmay turiboq, poeziyaga duch keladi. Keyinchalik sheʼrlarda topadigani esa bizga ochilmish taassurotlarning oʻgirmas, inʼikosi sanaladi. Shu maʼnoda, har bir kishi u yoki bu darajada shoirdir.
Agar bevosita adabiyot bilan tanishuv haqida gapirsak, mana shu tanishuvga sabab boʻlmish vositachi juda muhim hisoblanadi. Afsuski, baʼzi oʻqituvchilar adabiyot fanidan zavq-shavq bilan emas, majburan dars oʻtishadi. Magarki, ustoz oʻz fanini sevmas ekan, u oʻquvchisiga ham ushbu muhabbatni yuqtirolmaydi. Bu holatda hech qanday yuksak klassika poydevordan u yogʻiga koʻtarilolmaydi.
Oʻylashimcha, sheʼriyat mass-media bilan raqobatlasholmaydi – u yoki bu shaklda mass-media bilan hamkorlik qilishga majbur, xolos. Sheʼriyat har doim oʻquvchidan javob qadamini, birgalikda harakat qilishni talab etadi. OAV esa talab qilib oʻtirmaydi – ular uzoq vaqt hazm qilinmaydiganlarni kishilarga taqab qoʻyaveradi. Madaniy oʻsimlik gʻamxoʻrlik va parvarishga muhtoj — begona oʻtlar esa oʻzi oʻsib chiqaveradi. Adabiy nashr ham xuddi shunday — davlat yoki homiy tomonidan qoʻllash-quvvatlanishi darkor, reklama-koʻngilochar yoziqlar esa oʻz-oʻzini oqlayveradi. Imkoniyatlar shubhasiz teng emas. Koʻp narsa millat va ziyoli qatlamning madaniy darajasiga bogʻliq.
Rahmatjon Bobojonov
(“Xalq soʻzi”) suhbatlashdi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Tinchlik sulhi shartlari bajarilmoqda: Gʻazo 3 nafar, Isroil 90 nafar mahbusni vataniga qaytardi
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
- Harbiy xizmatni oʻtash bilan bogʻliq tartiblar yangilanadi
- Voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimi takomillashtirilmoqda
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring