Chempion qizning orzulari ushalmoqda
Joriy yilning 15-16-noyabr kunlari Koreyada sportning Oʻzbek jang sanʼati boʻyicha jahon chempionati boʻlib oʻtdi. Musobaqada Oʻrta Osiyo va Osiyo davlatlaridan ellikdan ziyod davlatlar sportchilari ishtirok etdi.
Eʼtiborlisi, musobaqalarda Oʻzbekiston terma jamoa aʼzolari muvaffaqiyatli oʻrinlarni olib kelishdi. Xususan, jizzaxlik yosh sportchimiz Gulchehra Sanaqulova ushbu chempionatda 54 kg. vazn toifasida 1-oʻrinni qoʻlga kiritib, Vatanimiz bayrogʻini baland koʻtardi.
— Oʻzbek jang sanʼati sporti bilan 2016-yildan beri shugʻullanaman, — dedi Gulchehra Sanaqulova. — Ustozim bu sportni bizga qunt bilan oʻrgatib kelmoqda. Aslida sportning ushbu turiga qiziqib, muntazam ravishda shugʻullanib kelishimda rahmatli dadajonimning hissalar katta, deb hisoblayman. Sababi yoshligimdan dadam qoʻlimdan yetaklab mashgʻulotlarga olib borardilar. Dadam mening chempion boʻlishimni, boʻynimda shoda-shoda medallar bilan koʻrishni bir umr orzu qilgan. Mana, hozir uch karra Oʻzbekiston chempioni, ikki karra jahon chempioniga aylandim. Afsuski, dadam buni koʻrolmadi. Lekin men oilamiz orzusini amalga oshirish uchun bor kuchim va gʻayratim bilan harakat qilaman.
Qahramonimiz ilk marotaba 2018-yil tashkil qilingan Prezident kubogida 45 kg. vaznda, xuddi shu yili Toshkent viloyati hokimi kubogida, 2019-yil Milliy gvardiya qoʻmondoni kubogida zamonaviy oʻzbek jang sanʼati boʻyicha 1-oʻrinlarni qoʻlga kiritgan.
Muvaffaqiyatlar shu sari davom etaverdi. Zero, tinimsiz mehnat va harakat uni ana shunday yutuqlar sari yetakladi. Oʻzining tirishqoqligi, ezgu maqsadiga intiluvchsanligi sabab oʻsmirlar oʻrtasida oʻzbek jang sanʼati boʻyicha oʻtkazilgan Oʻzbekiston chempionatida faol qatnashib, yakunda Oʻzbekiston chempioni boʻldi.
Bu hali hammasi emas. Gulchehra Sanaqulova joriy yilda Moskva shahrida oʻtkazilgan xalqaro musobaqada raqiblarini magʻlub etib, 1-oʻrinni zabt etdi.
Endigina 16 yoshni qarshilagan sportchimiz Gulchehraning orzulari osmon qadar. Bugun mamlakatimizda yoshlarga, qolaversa, sportga qaratilayotgan yuksak eʼtibor, albatta, Gulchehra kabi yosh sportchilarni kashf etib, ularning orzulari roʻyobida muhim ahamiyat kasb etadi.
Iroda BOYMIRZAYEVA,
Oʻzbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti talabasi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Harbiy xizmatni oʻtash bilan bogʻliq tartiblar yangilanadi
- Namanganda 3 ta yirik institut bitta universitetga birlashtiriladi
- Voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimi takomillashtirilmoqda
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring