“Chelsi” va “Liverpul” magʻlubiyatga uchradi, “Manchester Yunayted”dan navbatdagi gʻalaba

12:17 26 Oktyabr 2025 Sport
294 0

Kecha, 25-oktyabr kuni Angliya Premyer-ligasi musobaqasining 9-tur oʻyinlari start oldi. Tur doirasida bir qator qiziqarli oʻyinlar boʻlib oʻtdi.

“Chelsi” autsayderga yutqazdi

Oʻtgan tahlillarimizda “Chelsi” klubining asosiy muammolaridan biri jamoa oʻyinida barqarorlik yetishmasligida deb koʻp gapirgan edik. Lekin soʻnggi paytlarda “aristokratlar”ning oʻyiniga mazmun qaytgani va London klubi qator oʻyinlarda ketma-ket gʻalaba qozongani haqida esa oxirgi tahlilda taʼkidlab oʻtgandik. Ammo bu turga kelib jamoa yana kutilmagan natija qayd etdi.

Londonliklar oʻz maydonida autsayder “Sanderlend”ga magʻlub boʻldilar.

Oʻyin oldidan har ikki jamoada jiddiy yoʻqotishlar bor edi. “Chelsi”da Gusto, Palmer, Dario, Delap, Kolvin va Mudrik kabi futbolchilar jarohati tufayli maydonga tusha olmagan boʻlsa, mehmonlardan Ales, Diarra, Dennis, Mandl va Alderete kabi futbolchilar safdan chetda qolishdi.

“Chelsi”ning markaziy himoyasidan Achiampong va Chaloba oʻrin olgan boʻlsa, qanotlar Kukurelya va Jeymsga topshirildi. Enso va Kaysedo tayanch yarim himoyada, Garnacho, Pedro, Netu va Giu esa hujum guruhidan oʻrin oldilar.

Uchrashuvda hisob 4-daqiqadyoq mezbonlar tomonidan ochildi. Pedro Netunun uzatmasidan keyin Aleshandro Garnacho hisobni ochdi.

22-daqiqaga kelib hisob tenglashdi. “Sanderlend”ning dastlabki goliga Vilson Izidor mualliflik qildi. Birinchi boʻlim 1:1 hisobida yakunlandi.

Ikkinchi boʻlimning asosiy vaqtida hisob oʻzgarmadi. Ammo, hakam tomonidan qoʻshib berilgan daqiqalarda Chemsdin Talbi “Sanderlend”ga gʻalaba olib kelgan golni kiritdi. Yakuniy hisob — 1:2.

Chelsi — Sanderlend 1:2

Gollar: Garnacho (4) — Izidor (22), Talbi (90+3).

Chelsi: Sanches, Jeyms, Achiampong (Adarabioyo, 76), Chaloba, Kukurelya, Kaysedo, Fernandes, Netu (Santos, 85), Garnacho (Estevao, 58), Pedro (Jorj, 85), Giu (Gittens, 76).

Sanderlend: Rufs, Mukiele, Ballard, Gertryuyda, Mandava, Hum, Traore (Talbi, 65), Sadiki, Jaka, Le Fe (Rigg, 75), Izidor (Brobbi, 75).

Ogohlantirishlar: Le Fe (70), Santos (88).

“Liverpul”da inqiroz davom etadi

“Liverpul” jamoasi uchun oktyabr oyi juda yomon oʻtdi desak, adashmaymiz. Jamoa sentyabr oxiriga kelib mavsumdagi dastlabki magʻlubiyatini “Kristal Pelas”dan qabul qilib olgan va bu Angliya matbuotida katta shov-shuvlarga sabab boʻlgandi. Ammo oktyabr oyida “mersesaydliklar” bir yoʻla 4 ta oʻyinda magʻlubiyatga uchradilar.

Jamoa dastlab UYEFA Chempionlar Ligasida “Galatasaray”ga, soʻng APL doirasida “Chelsi” va “Manchester Yunayted”ga magʻlub boʻldi.

Chempionlar Ligasining 3-turida jamoa Frankfurt shahrida “Ayntraxt”ga yirik hisobda magʻlub boʻldi. Shundan soʻng hammasi oʻz iziga tushgandek tuyulgandi, ammo bu safar ham Arne Slot jamoasi navbatdagi magʻlubiyatni qayd etdi.

Yozgi transferlar oynasida yangi futbolchilar xaridi uchun eng katta mablagʻ sarflagan jamoa bu gal Angliya Premyer-ligasining oʻrtamiyona klublaridan biri — “Brentford” maydonida mehmon boʻldi.

UYEFA Chempionlar Ligasida gʻalaba qozongan oʻyinda 2 ta markaziy hujumchi bilan oʻynagan “Liverpul” bu safar Aleksandr Isakning jarohati tufayli hujum markazini faqatgina Hugo Ekitikega topshirdi.

Shuningdek, oʻtgan oʻyinda asosiy tarkibdan oʻrin olmagan Kerkez, Bredli va Muhammad Saloh bu gal asosiy tarkibdan joy oldi.

Uchrashuvda hisob 5-daqiqadayoq mezbonlar futbolchisi Dango Uattara tomonidan ochildi. Taymning soʻnggi daqiqasida Kevin Shade hisobni 2:0 koʻrinishiga olib keldi. Hakam tomonidan birinchi boʻlimga qoʻshib berilgan daqiqalarda Kerkez hisobni 2:1 holatida jamoalarning tanaffusga yoʻl olishini taʼminladi.

Ikkinchi boʻlimning 60-daqiqasida mehmonlar darvozasi tomon penalti belgilandi. 11 metrlik jarima toʻpidan Igor Tiago aniq foydalanib, hisobni 3:1 koʻrinishiga olib keldi.

Oʻyin asosiy vaqtini soʻnggi daqiqasida Muhammad Saloh oʻyindagi soʻnggi golni kiritdi. Yakuniy hisob — 3:2, “Liverpul”dan navbatdagi magʻlubiyat.

“Brentford” — “Liverpul” 3:2

Gollar: Uattara (5), Shade (45), Igor (60, penalti) — Kerkez (45+5), Saloh (89).

“Brentford”: Kelleher, Ayer (Henri, 90+6), van den Berg, Kollinz, Kayode, Henderson, Yarmolyuk (Yanelt, 29), Damsgor (Yensen, 79), Shade (Lyuis-Potter, 79), Igor Tiago, Uattara (Oniyeka, 90+6).

“Liverpul”: Mamardashvili, van Deyk, Konate, Kerkez (Robertson, 61), Bredli (Mak Allister, 62), Soboslai, Virts (Gomes, 83), Jons (Ngumoha, 70), Gakpo (Kyeza, 61), Ekitike, Saloh.

Ogohlantirishlar: Kerkez (33), Saloh (57), Shade (76), Lyuis-Potter (90+4), Igor (90+10).

“Manchester Yunayted”dan navbatdagi gʻalaba

“Manchester Yunayted” jamoasi uchun oktyabr oyi juda zoʻr oʻtdi. Jamoa ushbu oyda 3 ta oʻyin oʻtkazishi kerak edi.

Dastlabki ikki bahsda Amorim shogirdlari “Liverpul” va “Sanderlend”ni magʻlub etgan boʻlsa, bu turga kelib “qizil iblislar” Falmer shahrining “Brayton” jamoasini magʻlub etdilar.

Uchrashuvda hisob 24-daqiqada Mateus Kunya tomonidan ochildi. Oradan 10 daqiqa oʻtib, Kazemiro hisobni 2:0 koʻrinishiga olib keldi. Birinchi boʻlim 2:0 hisobida yakunlandi.

Ikkinchi boʻlimning 61-daqiqasida Brayan Mbeumo hisobni 3:0 koʻrinishiga keltirdi. Oradan 12 daqiqa oʻtib, “Brayton” futbolchisi Denni Uelbek hisobni qisqartirdi. Hakam tomonidan ikkinchi boʻlimga qoʻshib berilgan daqiqalarda dastlab “Brayton” futbolchisi Kostulas hisobni 3:2 koʻrinishiga olib kelgan boʻlsa, keyinchalik Mbeumo dublga erishgan holda oʻyin 4:2 hisobida yakunlandi.

“Manchester Yunayted” — “Brayton” 4:2

Gollar: Kunya (24), Kazemiro (34), Mbeumo (61, 90+7) — Uelbek (74), Kostulas (90+2).

“Manchester Yunayted”: Lammens, Dalot, Yoro, De Ligt, Shou (Heven, 65), Amad (Dorgu, 70), Kazemiro (Maynu, 70), Fernandesh, Mbeumo, Kunya (Ugarte, 81), Sheshko.

“Brayton”: Verbryuggen, Van Hekke, Dank, Ryutter (Kostulas, 79), Minteh, Baleba (Milner, 59), Uelbek, Kadioʻgʻli, Ayyari (Gomes, 60), Viffer (Simas, 87), De Kuyper (Uotson, 59).

Ogohlantirishlar: Baleba (41), Dorgu (72), Sheshko (81), Kadioʻgʻli (90+4).

“Nyukasl”dan yana gʻalaba

Uch kun oldin UYEFA Chempionlar Ligasida Portugaliyaning “Benfika” jamoasi ustidan 3:0 hisobida gʻalabaga erishgan “Nyukasl” klubi bu gal APL tur oʻyinida ham gʻalaba qozondi.

Jamoa bu safar Londonning “Fulhem” klubini magʻlubiyatga uchratdi.

Uchrashuvda hisob 18-daqiqada mezbonlar futbolchisi Jakob Merfi tomonidan ochildi. Birinchi boʻlim aynan 1:0 hisobida yakunlandi. 56-daqiqada Sasha Lukich hisobni 1:1 koʻrinishiga olib keldi. Ikkinchi boʻlimning soʻnggi daqiqasida Brunu Gimaraes “Nyukasl”ning gʻalaba golini kiritdi. Yakuniy hisob — 2:1.

“Nyukasl” — “Fulhem” 2:1

Gollar: Merfi (18), Gimaraes (90) — Lukich (56).

“Nyukasl”: Pop, Trippiyer, Tiau, Botman (Sher, 61), Bern, Joelinton, Gimaraes, Mayli (Tonali, 61), Merfi (Barns, 61), Gordon (Elanga, 76), Voltemade (Osula, 86).

“Fulhem”: Leno, Tete, Diop, Bessi, Sessenion, Lukich (Kerni, 85), Berg, Traore (King, 76), Smit-Rou (Kevin, 46), Ivobi, Ximenes.

Ogohlantirishlar: Tete (3), Ivobi (66).

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?