“Chelsi“ Ozarbayjonda durang oʻynadi, “Manchester Siti“dan esa ishonchli gʻalaba

10:43 06 Noyabr 2025 Sport
144 0

“Chelsi” Ozarbayjonda durang oʻynadi, “Manchester Siti”dan esa ishonchli gʻalaba

UEFA Chempionlar Ligasi 4-tur oʻyinlari haqida.

Kecha, 5-noyabr kuni UEFA Chempionlar Ligasi musobaqasining 4-tur oʻyinlari yakunlandi. Kun doirasida bir qator qiziqarli uchrashuvlar boʻlib oʻtdi. Ushbu bahslarga toʻxtalib oʻtamiz.

Gollar seriyasi

Turda eng koʻp gol kiritilgan oʻyinlardan biri Belgiyada boʻlib oʻtdi. Unda “Barselona” klubi safarda “Bryugge” mehmoni boʻldi. Ochiq futbol muhitida oʻtgan oʻyinda jami 6 ta gol kiritildi.

Mezbonlar UEFA Chempionlar Ligasini “Monako” klubini 4:1 hisobida magʻlub etish bilan boshlagan, biroq keyingi 2 turda “Atalanta” va “Bavariya”dan magʻlubiyat qabul qilib olgandilar. Bu gal ham jamoa xalqaro musobaqada ochko ishlab olishni uddaladi.

“Barselona” esa mavsumni gʻalaba bilan boshlagan va 2-turda oʻz maydonida PSJga magʻlub boʻlgandi. 3-turda esa “kataloniyaliklar” “Olimpiakos” ustidan yirik gʻalabaga erishdi.

Uchrashuvda hisob 6-daqiqada mehmonlar futbolchisi Nikola Tresoldi tomonidan ochildi. Oradan 2 daqiqa oʻtib, Ferran Torres hisobni tenglashtirdi.

17-daqiqada Karlos Forbs yana mezbonlarni hisobda oldinga olib chiqdi. Birinchi boʻlim 2:1 hisobi bilan yakunlandi.

Ikkinchi boʻlimda ham jami 3 ta gol kiritildi. 61-daqiqada Lamin Yamal hisobni 2:2 koʻrinishiga keltirdi. Oradan 5 daqiqa oʻtib, Karlos Forbs dublga erishib, hisobni 3:2 ga yetkazdi.

77-daqiqada Xristos Solis oʻz darvozasiga toʻp kiritib qoʻydi. Shu tariqa oʻyin 3:3 hisobi bilan yakunlandi.

“Bryugge – “Barselona 3:3

Gollar: Tresoldi (6), Forbs (17, 64) — Torres (8), Yamal (61), Solis (77, avtogol).

“Bryugge”: Yakers, Sabbe, Ordonez, Mexele, Seys, Stankovich, Onidika (Audor, 84), Vetlesen (87), Forbs (Diaxon, 78), Vanaken, Solis, Tresoldi (Verman, 78).

“Barselona”: Shesni, Kunde, Arauxo, Garsiya (Kubarsi, 90+3), Balde (Martin, 90+3), Kasado (Olmo, 58), De Yong, Yamal, Fermin, Reshford (Barji, 83), Torres (Levandovski, 58).

Ogohlantirishlar: Onidika (32), Kunde (47), Yamal (81), Diaxon (81), Fermin (85).

“Manchester Sitidan yirik gʻalaba

UEFA Chempionlar Ligasini magʻlubiyatsiz oʻtkazayotgan “Manchester Siti” jamoasi bu gal oʻz maydonida Germaniyaning “Borussiya Dortmund” jamoasini qabul qildi.

Mazkur bahsda biz oʻzbekistonlik futbolchilar derbisiga guvoh boʻlishimiz mumkin edi. Ammo Abduqodir Husanov maydonga tushirilmadi. Ikkinchi oʻzbekistonlik futbolchi esa gol kiritishni uddaladi.

Uchrashuvda hisob 22-daqiqada Foden tomonidan ochildi. Oradan 7 daqiqa oʻtib, Erling Holand jamoasining ikkinchi golini kiritdi. Birinchi boʻlim “shaharliklar”ning 2:0 hisobi bilan yakunlandi.

Ikkinchi boʻlimning 57-daqiqasida Foden dublga erishdi va hisobni 3:0 koʻrinishiga keltirdi. 72-daqiqada “Borussiya Dortmund” ushbu oʻyindagi yagona golini kiritdi. Ushbu golga 1996-yilning 20-iyul kuni Toshkent viloyatining Olmaliq shahrida tugʻilgan futbolchi Anton Valdemar mualliflik qildi.

90+1 daqiqada oʻyindagi soʻnggi gol kiritildi. Ushbu golga Sherki mualliflik qildi. Shu tariqa oʻyin Pep Gvardiola shogirdlarining 4:1 hisobi bilan yakunlandi.

“Manchester Siti – “Borussiya Dortmund 4:1

Gollar: Foden (22, 57), Holand (59), Sherki (90+1) — Anton (72).

“Manchester Siti”: Donnarumma, Nunesh, Stounz, Gvardiol, OʻRayli (Ait-Nuri, 86), Niko, Savinio (Diash, 79), Reynders (Silva, 79), Foden, Doku (Sherki, 79), Holand (Marmush, 86).

“Borussiya Dortmund”: Kobel, Anton, Shlotterbek, Bensebayni (Jan, 66), Ryuyerson, Nmecha, Zabitser (Gross, 66), Svensson, Adeyemi (Silva, 81), Bayer (Bellinghem, 66), Girassi (Chukvuemeka, 66).

Ogohlantirishlar: Svensson (15), Savinio (78), OʻRayli (85).

“Chelsi Ozarbayjonda durang oʻynadi

Yangi mavsumni klublar oʻrtasidagi Jahon chempionati bosh sovrinini yutqazish bilan boshlagan Londonning “Chelsi” klubi uchun mavsum bir maromda ketmayapti. Jamoa baʼzan grand klublar ustidan gʻalaba qozonayotgan boʻlsa, baʼzan uncha kuchli deb qaralmagan jamoalarga magʻlub boʻlmoqda.

Bu gal “aristokratlar” tarkib eʼtibori bilan oʻzidan 45-marta arzonroq boʻlgan Ozarbayjonning “Qarabogʻ” jamoasini magʻlub etishni uddalay olishmadi.

Uchrashuvda hisob 16-daqiqada “Chelsi” tomonidan ochildi. Golga Estevao mualliflik qildi. Oradan 13 daqiqa oʻtib, Leandro Andrade hisobni tenglashtirdi. Taym soʻnggida “Qarabogʻ” hisobda oldinga chiqishni ham uddaladi — 40-daqiqada “Chelsi” darvozasiga belgilangan penaltini Marko Yankovich aniq amalga oshirib, hisobni 2:1 koʻrinishiga keltirdi. Birinchi boʻlim shu hisob bilan yakunlandi.

Ikkinchi boʻlimning 52-daqiqasida Alexandro Garnacho hisobni tenglashtirdi. “Londonliklar” qancha harakat qilishmasin, uchrashuvda boshqa hisob oʻzgarmadi.

“Qarabogʻ – “Chelsi 2:2

Gollar: Andrade (29), Yankovich (39, penalti) — Estevao (16), Garnacho (53).

“Qarabogʻ”: Koxalski, Silva, Yankovich, Mustafozoda, Andrade (Bayramov, 61), Duran (Oxunzoda, 61), Kadi (Addai, 31), Bikalyu, Jafarguliyev (Bolt, 75), Medina, Zubir (Kashuk, 75).

“Chelsi”: Sanches, Jeyms, Adarabioyo, Hato, Kukurelya, Santos (Fernandes, 46), Lavia (Kaysedo, 8), Estevao, Pedro (Buonanotte, 71), Gittens (Garnacho, 46), Jorj (Delap, 46).

Ogohlantirishlar: Santos (44), Jeyms (47), Silva (47), Medina (87), Kaysedo (90+1).

“Inter oʻz maydonida gʻalaba qozondi

Mavsum boshida chiroyli oʻyinlar koʻrsatib, UEFA Chempionlar Ligasiga yoʻllanmani qoʻlga kiritgan Qozogʻistonning “Qayrat” jamoasi kutilganidek, ushbu turnirda yaxshi natijalar qayd eta olmayapti. Biroq bu turda “olmaotaliklar” Italiyada musobaqaning amaldagi finalchisiga haqiqiy jang taklif qila olishdi.

UEFA Chempionlar Ligasida qator triumflar bilan kelayotgan “Inter” bu gal ham gʻalabani oʻz qoʻlida saqlab qoldi, biroq katta qiyinchilik bilan.

Uchrashuvning birinchi boʻlimida Qozogʻiston klubi himoyada deyarli bexato oʻynadi va raqibning bir necha xavfli hujumlarini yoʻqqa chiqara oldi. Faqatgina taym soʻnggida Lautaro Martines hisobni ochdi. Birinchi boʻlim 1:0 hisobi bilan yakunlandi.

Ikkinchi boʻlimning 55-daqiqasida “Qayrat” hisobni tenglashtirishga erishdi. Golga jamoaning isroillik legioneri Ofri Arad mualliflik qildi. Oradan 10 daqiqa oʻtib, “Inter“ gʻalaba golini urdi — bu safar Karlos Augusto oʻz nomini tabloga yozdirdi. Shu tariqa oʻyin 2:1 hisobi bilan “milanliklar”ning gʻalabasi bilan yakunlandi.

“Inter – “Qayrat 2:1

Gollar: Martines (45), Augusto (67) — Arad (55).

“Inter”: Zommer, Bissek (Akanji, 80), De Vrey, Augusto, Dumfris, Frattezi (Suchich, 63), Barella (Chalxonoʻgʻli, 71), Zelinski, Dimarko, Martines (Bonni, 46), Espozito (Tyuram, 71).

“Qayrat”: Anarbekov, Mirinskiy, Shirobokov, Sorokin, Mata, Kasabulat (Sadibegov, 76), Arad (Baybek, 71), Gromko (Tapalov, 46), Jorjinio (Zariya, 76), Satpayev, Edmilson (Rikardinio, 71).

Ogohlantirishlar: Jorjinio (6), Barella (58).

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер