“Charxning men koʻrmagan jabr-u jafosi qoldimu”

12:26 14 Fevral 2024 Madaniyat
434 0

Xalqimiz tarixida ham shoh, ham shoir boʻlgan shaxslar juda koʻp uchraydi. Biroq ular orasida Mirzo Bobur oʻzgacha ijodi bilan ajralib turadi. U hayotda shoh boʻlsada, sheʼriyatda nolavor kuylovchi oshiq, adolat va haqiqatni eʼzozlovchi inson, ishq va muhabbatni ulugʻlovchi shoir sifatida namoyon boʻladi.

Avtobiografik xarakterdagi sheʼrlarining yaratilish tarixi “Boburnoma” asarida berib oʻtilgan. Jumladan, Bobur Mirzo Hiriydan Kobulga qaytayotganida qalin qor yogʻib, yoʻllar toʻsilib qolgan. Oʻzi otdan tushib, qor tepib yoʻl ochgan. Koʻp mashaqqatlar tortib, ruhan ezilgan shoir quyidagi bayt bilan boshlanuvchi gʻazalini yozadi:

Charxning men koʻrmagan jabr-u jafosi qoldimu,

Xasta koʻnglum chekmagan dard-u balosi qoldimu?!

Mirzo Bobur sheʼriyatida asosiy mavzulardan biri — Vatan mavzusi. U erta bahorda Kobul qirlariga sayrga chiqadi. Tabiat juda goʻzal. Shunga qaramay shoir maftunkor tabiat qoʻynida xotirjam emas. Vatani tomonga koʻzlari termilgan. Bobur ichki olamida kechayotgan tugʻyonlarni yashira olmaydi. Tabiatning jozibasiga maftun boʻlib turgan oshufta koʻngil endi ich-ichini tirnayotgan vatanjudolik qaygʻusini unuta olmay qiynaladi. Tabiatning rangin jilosi — gul gʻunchalarining ochilishi goʻyo uning qalbida toʻplanib qolgan orzuning roʻyobga chiqishidek imkonsiz tuyuladi:

Mening koʻnglumki, gulning gʻunchasidek tah-batah qondur,

Agar yuz ming bahor oʻlsa ochilmogʻi ne imkondur.

Haqiqatan ham, Mirzo Bobur zakiy bir inson sifatida agar yuz ming Kobul bahorlarini koʻrsa ham, bu gulning gʻunchasi (qalb armoni) endi ochilmogʻi imkoni yoʻq ekanini sezardi. Vatan dardi, ona tuproq sogʻinchi uni butun umr qiynashini his qilardi.

Bobur Mirzo butun hayoti davomida boshidan kechirgan mashaqqatlar, tashvishlar, gʻoliblik va magʻlubiyatlardan hayotiy hukm, falsafiy xulosa chiqara olgan. Oʻzligini, menligini topgan inson. Uning har bir misrasida hayot hikmati mujassam: Jumladan:

Har kimki, vafo qilsa, vafo topqusidur,

Har kimki, jafo qilsa, jafo topqusidur,

Yaxshi kishi koʻrmagay yomonlik hargiz,

Har kimki, yomon boʻlsa, jazo topqusidur.

Ruboiyda hayotning buyuk haqiqati ochib berilgan. Yaxshilik va yomonlik, ezgulik va yovuzlikning abadiy kurashi qonuniyati tasvirlangan. Yaxshi kishi yomonlik koʻrmaydi, yomon kishi jazo topishi muqarrar. Bu kabi sodda jumlalarda hayotning asl mohiyati nima ekani anglashiladi. Inson oʻz hayotini nimalar asosiga qurishi kerakligi shu ruboiyda yorqin koʻrsatib oʻtiladi.

U bir sheʼrida:

Otani chunki qibla debturlar,

Qibla yangligʻ anga nazar qilgʻil.

Ota ogʻritma, ey otam, zinhor,

Ota ozoridin hazar qilgʻil,

deb yozadi. Ushbu sheʼrda axloqiy-falsafiy mazmun yetakchilik qiladi. Ota ulugʻlanadi. Donishmandlar padarni qiblaga tenglashtirganliklarini eslatib, farzandga oʻgit beradi. Otaga qiblaga qaragani kabi nazar qilish lozimligini uqtiradi. Bu nazar qanday boʻladi? Qiblaga pok qalb, yuksak eʼtiqod, halol amal bilan sajda qilinadi. Demak, muallif otaga ana shunday eʼtiqod bilan itoat etish kerakligini taʼkidlaydi.

Hind tarixchisi R. Nathning fikriga koʻra, oʻzining 47-yillik umrining 36-yilini jangu jadallarda oʻtkazgan Bobur Mirzo aslida osoyishtalik, tinchlik odami edi. Buni Boburning oʻgʻli Humoyunga qoldirgan vasiyatnomasi ham tasdiqlaydi. Unda Hindistonni boshqarishga oid oʻgit-maslahat, yoʻl-yoʻriqlar boʻlgani uchun bu vasiyatnoma maxfiy sanalgan va “Maxfiy vasiyatnoma” deb yuritilgan. Bobur Mirzo 1529-yil 11-yanvarda Dholpur yaqinidagi “Bogʻi Nilufar”da turganida bu vasiyatnomani yozgan. Buyuk shoirning “Maxfiy vasiyatnoma”sidagi “podshohlik ishlarini puxta qilish uchun hazrat Amir Temur sohibqironning ishlarini koʻz oldingizda tuting”, degan soʻzlari faqatgina oʻgʻli Humoyunga nisbatan emas, balki bugungi ommaviy tahdidlar koʻpaygan vaqtda Oʻzbekiston mustaqilligini mustahkamlashi kerak boʻlgan avlodlarga qarata aytilgan vasiyatdek jaranglaydi, nazarimizda.

Yoshlarimizga insonparvarlik, mehr-oqibat, halollik, sabr-qanoat, mehnatsevarlikni singdirishda Bobur Mirzoning hayot yoʻli katta saboq berishi, shubhasiz. Bu insondagi adolatparvarlik, jasorat, qatʼiyatlilik, mardonavorlik kabi sifatlar barchamizga ibratdir.

Margʻuba ABDULLAYEVA,

filologiya fanlari doktori.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер