Buyuk Britaniyaning yangi qiroli Charlz III. Butun umri davomida tojni kutgan shahzoda haqida nimalar maʼlum?
Buyuk Britaniya va Shimoliy Irlandiya qiroli Charlz III. Foto: Getty Images
Qirolicha Yelizaveta II vafotidan soʻng uning oʻgʻli Charlz Britaniya taxtiga oʻtirdi. U har doim onasining soyasida edi. Charlz onasi singari rekord oʻrnatishga muvaffaq boʻldi. Gap shundaki, agar Yelizaveta II qirolliklar ichida eng uzoq hukmronlik qilgan monarxga aylangan boʻlsa, uning oʻgʻli toj tarixidagi eng keksa merosxoʻr boʻlishi kutilmoqda. Chunki hozir Charlz 73 yoshda. Uels shahzodasi shaxsiy dramalarga toʻla ogʻir taqdirga ega va barcha britaniyaliklar uning taxtda boʻlishini qoʻllab-quvvatlamaydilar.
Merosxoʻrning tugʻilishi sharafiga Vestminster abbatligining qoʻngʻiroqlari besh ming marta chalindi, oʻqchilar 41 ta bayram salvosini otishdi.
Uning bobosi qirol Jorj VI vafot etganida Charlz hali toʻrt yoshga ham toʻlmagan edi. Uning onasi malika, oʻzi esa taxt vorisi boʻldi. Keyin u bir vaqtning oʻzida bir nechta oliy unvonlarni oldi, shu jumladan gersog va graf.
Charlz qirolicha Yelizaveta II va shahzoda Filippning toʻngʻich farzandi. Singlisi malika Anna undan ikki yil oʻtib tugʻilgan. Oʻn yil oʻtgach, shahzoda Endryu, oʻn toʻrt yildan keyin esa shahzoda Eduard dunyoga kelgan.
Charlz dastlab uyda taʼlim oladi, sakkiz yoshida esa gʻarbiy Londondagi nufuzli maktablardan birida oʻqishni boshlagan. Direktor oʻyin maydonida tengdoshlari tomonidan alohida munosabatga duch kelmasligini taʼkidlab, malikaga uni futbol darslariga berishni tavsiya qiladi.
Charlz namunali oʻquvchi emasdi. “Men maktabdan toʻla zavqlanmadim, chunki uydan boshqa hech qanday joyda oʻzimni baxtli his qilmaganman”, degan u.
Maktabni tugatgandan soʻng, Charlz qirollik anʼanalarini buzdi: u armiyaga xizmat qilish uchun bormadi, lekin Kembrij universitetida tamomlab, diplom oldi. 1970-yilda u sanʼat boʻyicha bakalavr darajasiga erishdi, bu ham qirollik oilasi uchun misli koʻrilmagan qadam edi. Besh yil oʻtgach, Charlz magistrlik darajasiga ega boʻldi.
Charlz bolaligida pianino chalishni oʻrgangan. Kembrijda oʻtgan talabalik yillarida violonchel ham chalgan. Shuningdek, u xor qoʻshiqlarini ham yaxshi koʻrgan. Taniqli va eski havaskorlar guruhi boʻlgan Bax xorining bir nechta spektakllarida qatnashgan va uni maʼlum muddat boshqargan ham.
Keyinchalik Britaniya tojining vorisi 20 ta turli sanʼat tashkilotlariga homiylik qildi. Ular orasida Qirollik operasi, Qirollik musiqa kolleji, musiqa taʼlimi bilan shugʻullanuvchi qator orkestrlar va jamgʻarmalar bor edi.
Uels shahzodasi unvoni oʻrta asrlardan boshlab ingliz taxti merosxoʻrlari tomonidan taqib yurilgan. Ushbu unvonning 21-sohibi Charlz unga 10 yoshida ega chiqqan.
Shahzoda sifatida u butun dunyo boʻylab rasmiy tadbirlarda Qirolicha va Hamdoʻstlik mamlakatlari vakili boʻlib qatnashishi kerak edi. Charlz “Qirollik oliylari Uels shahzodasi, Kornuoll gersogi, Chester grafi” rasmiy unvoniga, qoʻshimcha ravishda Shotlandiya gersogi, Rotezi va Kerrik grafi unvonlariga va koʻplab mukofotlarga ega.
Charlz baribir harbiy xizmatdan qochib qutula olmagan. U 1971 — 1973-yillarda Qirollik dengiz flotining fregatlari va esmineslarida xizmat qilgan, keyin esa harbiy uchuvchi sifatida oʻqigan.
Charlz dala marshali, flot admirali va qirollik havo kuchlari marshali unvonlariga ega. U tez-tez harbiy vertolyotlar, transport samolyotlari va hatto qirollik oilasining samolyotini ham boshqargan. 1976-yilda halokatli qoʻnishni amalga oshirganidan soʻng u bu ish bilan shugʻullanishni toʻxtatgan. Hodisada hech kim jabrlanmagan. Voqeaga samolyot kapitani aybdor boʻlgan boʻlsada, shundan keyin shahzoda oilasi uchun uchuvchi rolini oʻz zimmasiga olmagan.
Yoshligida Charlz ot polosini yaxshi koʻrardi. U itlar bilan tulki ovining katta muxlisi sifatida ham tanilgan. U 1999-yilda hayvonlar huquqlari uchun kampaniya avjiga chiqqanida ham sevimli mashgʻulotidan voz kechmagan. U oʻgʻillari Uilyam va Garrini ovga olib ketganidan soʻng, uni tanqid qilishdi hamda baʼzilar Charlzning harakatini oʻziga xos siyosiy bayonot deb hisoblashdi.
Yosh Charlz koʻplab romantik munosabatlari bilan mashhur edi.
«Sizning holatingizda yoshlik sevimli mashgʻulotlarga erkinlik berishga arziydi va oila qurishdan oldin iloji boricha koʻproq oʻyin-kulgida vaqt oʻtkazing. Ammo uylanish uchun boshqasini sevmagan jozibali qizni tanlash kerak. Ayollar nikohdan oldin tajribaga ega boʻlsalar, nikohda qadr-qimmatni saqlab qolishlari qiyinroq boʻladi, deya shahzodaga hayot haqida oʻrgatgan edi otasining amakisi lord Mountbatten.
1970-yillarning boshlarida taxt vorisi zodagonlar oilasidan chiqqan Kamilla Parker-Boulz bilan turmush qurmoqchi edi. Biroq, keyin qirol oilasi qizni merosxoʻr uchun munosib juftlik deb hisoblamadi. Baribir yillar oʻtib, Charlz Kamilla bilan turmush quradi. Bu haqda keyinroq yana toʻxtalamiz.
1979-yilda butun dunyoda model Jeyn Priyest Charlzni oʻpib turgan surati keng tarqalib ketdi. Bu voqea Avstraliyadagi plyajlardan birida sodir boʻlgan. Jeynning bu harakati unga muvaffaqiyat keltiradi. Unga butun dunyodagi model agentliklaridan takliflar tusha boshlaydi.
Shahzodaning Sabrina Ginnes bilan munosabatlari ham nikoh bilan tugamagan.
Aytgancha, 1979-yilda Charlz amakivachchasi, afsonaviy qoʻmondon, Hindistonning soʻnggi vitse-qiroli Lui Mauntbattenning nabirasi Amanda Natchbullga turmush qurishni taklif qiladi. Biroq, Amanda unga turmushga chiqishga rozilik bermagan.
Shu tariqa Britaniya toji merosxoʻrining birinchi rafiqasi graf Spenserning qizi Diana Spenser boʻladi. Charlz Diana bilan tanishishdan oldin u katta opasi Sara bilan ham uchrashgan.
Asta-sekin ommaviy axborot vositalari Charlz va Diananing munosabatlari haqida koʻproq gapira boshladilar. Merosxoʻrning otasi shahzoda Filipp toʻyning kechikishi qizning obroʻsiga putur yetkazadi, deb hisoblaydi va 1981-yilda Charlz va Diana turmush quradi. Eʼtiborlisi, Diananing iltimosiga koʻra, u turmush oʻrtogʻiga boʻysunishi shart, degan soʻzlar toʻy qasamidan olib tashlandi.
Xayriya ishlariga katta eʼtibor qaratgan malikani jurnalistlar va oddiy britaniyaliklar yaxshi koʻrishardi. Diananing mashhurligi qirolicha Yelizavetaga yoqmadi.
Ommaviy axborot vositalari homilador malikaning suratlarini eʼlon qilgan kunni Qirolicha “Britaniya jurnalistikasining eng qora kuni” deb atagan edi.
Yillar oʻtib, bu nikohga darz keta boshlaydi.
Hatto uning kenja oʻgʻli shahzoda Garri Charlzdan emasligi, uning otasi malikaning chavandozlik boʻyicha instruktori Jeyms Xyuitt ekani haqida mish-mishlar ham tarqaladi. Shu bilan birga, 1980-yillarda Charlz Kamilla Parker-Boulz bilan munosabatlarini yangiladi. 1992-yildan beri shahzoda va malika alohida yashay boshlaydi, 1996-yilda ular ajrashishadi. Diana unvonini saqlab qoladi va bir martalik toʻlov 17 million funt tovon oladi, shuningdek, yiliga 400 000 funt nafaqaga ega boʻladi. Boʻlajak merosxoʻrning onasi sifatida u qirollik oilasining aʼzosi hisoblanishda davom etadi. Ammo uning qirolicha va eri bilan munosabatlari keskinligicha qoldi.
1997-yilda Diana avtohalokatda vafot etdi. Rasmiy tergov maʼlumotlariga koʻra, haydovchi Genri Pol avtomashina boshqaruvini yoʻqotishi fojiaga sabab boʻlgan. Shuningdek, u qabul qilgan dori ham baxtsiz hodisaga olib kelgan.
Diananing oʻlimi bir qator fitna nazariyalarini keltirib ham chiqargan: Yelizaveta II, shahzoda Filipp va Britaniya razvedka xizmati MI6 uning oʻlimini uyushtirganlikda ayblangan. Bu taxminlarning aniq dalillari va tasdiqlari topilmagan.
2005-yilda Charlz va Kamillaning uzoq muddatli romantikasi toʻy bilan yakunlandi. Marosim diniy emas, balki fuqarolik edi. Erining barcha unvonlarini olgan Kamilla marhum Diana bilan bogʻlamaslik uchun oʻzini Uels malikasi, deb atamadi. U hozirgacha Kornuoll gersoginyasi unvonidan mamnun boʻladi.
Potensial monarx sifatida Charlz inglizlar tomonidan unchalik qoʻllab-quvvatlanmadi. Ijtimoiy soʻrovlar shuni koʻrsatdiki, britaniyaliklarning yarmidan kamrogʻi Charlzning taxtga oʻtirishi tarafdori. Ular Yelizaveta II vafot etgan taqdirda unvonni toʻngʻich oʻgʻli Uilyamga topshiradi, deb ishonishgan.
Shahzodaning keng koʻlamli xayriya faoliyatiga qaramay, baʼzilar uning hukmronligi istiqboliga ishonchsizlik bilan qarashadi. U “muqobil tibbiyot”ni qoʻllab-quvvatlaganlikda va siyosatga aralashishga urinishda ayblangan. Xususan, qirollikning sobiq ichki ishlar vaziri Devid Blunkett Charlzni bosim oʻtkazishda ayblagandi. Shahzoda taʼlim, atrof-muhit va sogʻliqni saqlash siyosatiga taʼsir qilmoqchi boʻlgan hamda vazirga yozma tavsiyalar yuborgan.
Biroq, besh yillik sud jarayoni natijalari ommaviy axborot vositalarida eʼlon qilinganidan keyin aksariyat oʻquvchilar Charlzni oʻz mamlakati muammolaridan chuqur qaygʻuradigan va uni boshqarishda yordam berishni istagan shaxs, degan fikrga keladi.
Anonim manbalarga koʻra, 2019-yildan boshlab Uels shahzodasi onasining vakolatlarini oʻz zimmasiga olgan va rasmiy tadbirlarda uni tobora koʻproq almashtirgan.
Keyin qirolicha 95 yoshga toʻlganda nafaqaga chiqishni rejalashtirayotgani xabar qilingandi. Ammo maʼlum sabablarga koʻra bu amalga oshmadi.
Charlzning boʻlajak hukmdor sifatida xarakterini baholab, OAV Yelezavetaning oʻgʻli toj manfaatlari yoʻlida vaziyatga taʼsir oʻtkazishga qodir ekanligiga eʼtibor qaratdi. Xususan, u oʻzining ukasi shahzoda Endryuga qamoqda vafot etgan pedofil millioner Jeffri Epshteyn bilan yaqin aloqalari tufayli qirollik vazifalaridan voz kechishiga bosim oʻtkazgan. Shunday qilib, jurnalistlarning taxminicha, Charlz davlatni boshqarishga tayyorligini koʻrsatdi.
Shu tariqa Charlz III Yelizaveta IIning oʻlimidan keyin onasining koʻp milliard dollarlik mulkini meros qilib oldi.
Ushbu meros tarixiy mulklar va minglab dengiz jonivorlarini ham oʻz ichiga olgan. Bu haqda CBS News xabar bermoqda.
Yelizaveta IIning shaxsiy boyligi kamida 370 million funt sterlingga baholanmoqda. Xususan, u sanʼat asarlari, zargarlik buyumlari, koʻchmas mulk va qimmatli qogʻozlarga ega edi. Charlz III ularning koʻpchiligini meros qilib oldi.
Yangi qirol, shuningdek, 34,3 milliard dollarlik aktivlar va koʻchmas mulkni, jumladan Bukingem saroyi, Kensington saroyini, shuningdek, London va Buyuk Britaniyaning turli mintaqalaridagi yer va mulkni oʻz ichiga olgan qirollik xoldinglarini ham nazorat qiladi. Ular keltirgan daromadning kamida 15 foizi qirollik oilasiga tushadi.
Lankaster va Kornuol gersogliklari qirolning mulki hisoblanadi. Rasmiy ravishda u butun dunyo boʻylab sayyohlar koʻrish uchun kelgan tijorat koʻchmas mulki va qadimiy qalʼalar xarobalari bilan birga butun aholi punktlariga egalik qiladi. 2019-yilda Lankaster qirolichaga 20 million funt sterling daromad olib keldi, shahzoda Charlzga esa Kornuoll xuddi shuncha pul keltirgan.
"Business Insider«ning yozishicha, Charlz III Lankaster gersogligi uchun soliq toʻlashdan qochadi, bu 750 million dollardan oshishi mumkin. U 1993-yilda Buyuk Britaniya hukumati tomonidan kiritilgan, aktivlarni bir suverendan ikkinchisiga oʻtkazishga ruxsat beruvchi qoida tufayli pulni oʻzida saqlab qolishi mumkin boʻladi.
Nashr maʼlumotlariga koʻra, yangi qirol, shuningdek, Britaniyada yashovchi 32 000 ga yaqin oqqushlar va nomaʼlum sondagi delfinlar, kitlar va baliqlarni ham meros qilib olgan.
Britaniya oqqushlari XII asrdan beri monarxning mulki hisoblangan. Shu tarzda ularni brakonyerlardan himoya qilishga harakat qilingan. 1324-yilda kitlar va delfinlar ham qirollik mulkiga aylandi. Bugungi kunda ham amalda boʻlgan qonunga koʻra, Charlz III Britaniya orollaridan besh kilometr uzoqlikda qolib ketgan yoki tutilgan har qanday kit yoki delfinni oʻzlashtirish huquqiga ega.
2017-yilda Britaniya qirollik oilasi brendi taxminan 67 milliard funtga baholangan edi.
Fazliddin ABILOV tayyorladi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Harbiy xizmatni oʻtash bilan bogʻliq tartiblar yangilanadi
- Namanganda 3 ta yirik institut bitta universitetga birlashtiriladi
- Voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimi takomillashtirilmoqda
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring