Buvayda anjiri zavolga yuz tutmasligi kerak

16:03 24 Avgust 2022 Jamiyat
830 0

Foto: Xalq so‘zi

Fargʻona viloyatining Buvayda tumani usta hunarmandlari, mirishkor dehqonlari bilan mashhur. Fargʻona vodiysida tumanning Oqqoʻrgʻon qishlogʻi azaldan anjiri bilan tanilgan.

Oqqoʻrgʻonda asosan sariq anjir ekiladi. Ilgʻor tomorqachilar keyingi yillarda nok anjir, qora anjir navlarini koʻpaytirishga ham harakat qilishyapti. Ammo keyingi yillarda tumanning oʻziga xos brendiga aylagan anjir yetishtirishga boʻlgan qiziqish tobora pasayib borayotgani ham ayni haqiqatdir.

— Mahalladagi 643 ta xonadonda 3 ming nafardan ziyod aholi istiqomat qiladi, — deydi “Oqqoʻrgʻon” MFY raisi Sherali Joʻrayev. — Aholi tomorqalari va dehqon xoʻjaliklari tasarrufida 4 gektardan ortiq anjirzorlar bor. Afsus, keyingi yillarda daromad salmogʻi kamayib borayotgani uchun koʻpchilik oilalar anjir daraxtlarini kesib tashlamoqda.

“Oqqoʻrgʻon” MFY hokim yordamchisi Javlon Imomovning taʼkidlashicha, dehqonchilik mahallaning asosiy “drayver”laridan biri sifatida belgilangan. Mahalladagi deyarli har bir oila taqdiri bevosita anjirchilikka bogʻliqligi bois ushbu tarmoqni zamonaviy mezonlar asosida isloh etish zarur.

Xursanali Xidirov uzoq yillardan buyon anjir yetishtirish bilan shugʻullanadi. Bu oila aʼzolari Oqqoʻrgʻonga yondosh hudud – Choʻtaka mahallasida 50 sotix yerda anjirzor ham tashkil etgan. Anjirdan mazkur oila har yili oʻrtacha 40 million soʻm daromad oladi.

— Anjir mevasi uzoq masofaga tashish va saqlashga yaroqsiz. Uzilgandan keyin atigi bir kun saqlash mumkin, —deydi Xursanali Xidirov. — Shu bois anjir asosan ichki bozorga sotiladi. Eksport qilish imkoniyati yoʻq.

Toʻgʻri, oila bekalari tomonidan tayyorlanadigan anjir murabbosi juda ham xaridorgir. Lekin Oqqoʻrgʻonda umumiy hosilning nari borsa 10-15 foizi murabbo qilinadi. Hududda anjirni sanoat usulida qayta ishlaydigan korxona tashkil etish kerak.

Fargʻona viloyati Buvayda tumani hokimi ishtirokidagi sayyor qabulda Oqqoʻrgʻonda anjirni qayta ishlashga moʻljallangan korxona barpo etish masalasi ilgari surildi. Tashabbuskor tadbirkor ham topilgan edi. Ammo bu tashabbus hozircha roʻyobga chiqmadi.

Oqqoʻrgʻonliklar esa hamon koʻp yillik orzulari amalga oshishidan umidvor. Yaxshi niyat bilan mutasaddilardan amaliy yordam kutishyapti. Bundan umidini uzganlari anjir daraxtlarini kesib tashlab, daromadi koʻproq boʻlgan boshqa dehqonchilik bilan shugʻullanishni maʼqul koʻrmoqdalar.

Xalqimiz orasida “Jannat mevasi” sifatida eʼzozlanuvchi anjir daraxti sovuqqa chidamsiz boʻlgani uchun qishda koʻmiladi. Ob-havoning kutilmagan injiqliklari anjir hosiliga jiddiy taʼsir koʻrsatadi. Oqqoʻrgʻonliklar keyingi yillarda anjirga turli kasalliklar tushishidan ham aziyat chekishmoqda.

— Anjir mevasi avgust oyida pishib, sentyabr oyi oxiriga qadar sotiladi, — deydi oqqoʻrgʻonlik Muxtorjon Qoraboyev. — Hozirgi kunda bozorlarimizda 1 kg anjir oʻrtacha 7-8 ming soʻm. Endilikda hamqishloqlarimiz uning daromadidan qoniqishmayapti. Kesilib ketayotgan qadrdon anjir daraxtlarini koʻrib, yigʻlagim keladi. Ziyoli sifatida ota-bobolarimizdan meros dehqonchilik udumi yoʻqolib ketishidan tashvishdaman.

Fargʻona viloyati meva-sabzavot mahsulotlarini eksport qilish boʻyicha mamlakatimizda yetakchi hisoblanadi. Keyingi yillarda viloyatda limonchilik, malinachilik singari nisbatan yangi tarmoqlarni rivojlantirishga jiddiy eʼtibor qaratilyapti. Ana shunday sharoitda Buvayda deqonchiligida oʻziga xos qadriyat darajasiga koʻtarilgan anjir yetishtirish zavolga yuz tutmasligi lozim.

Viloyat va tuman mutasaddilaridan bu borada amaliy yechim kutamiz.

 

Botir Madiyorov, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?