Bunaqa sinflar va tasodif oʻqituvchilar bilan yangi avlod boy beriladi — Qodirov “xayp” yasayotganlar koʻpayib qolgani haqida
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri oʻrinbosari, “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasi rahbari Alisher Qodirov soʻnggi kunlarda fikrlarimdan «xayp» yasamoqchi boʻlganlar koʻpayib qolgani haqida fikr bildirdi.
"Bu ham targʻibotning ajralmas qismi.
Siyosatda tashabbuslar qanchalar foydali boʻlmasin unga qarshi fikrlar boʻlishi kerak. Aks holda harakat boʻlmaydi.
Gaplarimni eshitishyaptimi, demak, bugun yoki ertaga albatta tushunishadi. Men uchun muhimi, takliflarning maqsad va mohiyati xalqimizning ogʻirini yengil qilishga qaratilganligi.
«Xayp» qilinayotgan uchta mavzu boʻyicha qisqa izoh berishga harakat qilaman:
Oʻqituvchilarning maoshi...
Oʻqituvchilik eng qimmat kasb boʻlishi kerak. Bunga faqat raqobat bilan erishish mumkin. Raqobat saviyali va saviyasiz oʻqituvchini koʻrsatib beradi. Avvalambor, eng qobiliyatlilarni tanlash uchun abituriyentlardan ijodiy va psixologik testlar olinishi zarur.
Saviyali oʻqituvchi koʻp maosh olsin, saviyasizi oʻqituvchilikdan ketsin. Pedagogikada tasodifiy odamlarni ishlashi murakkab operatsiyani tasodifiy odam amalga oshirishi bilan bir xil. Farqi, meditsinada inson, pedagogikada avlod boy beriladi.
Tarbiya va taʼlimda yoʻl qoʻyilgan xatolarni tuzatib boʻlmaydi. Bugun oʻqituvchining barcha toifasiga maosh oshirilayotgani uchun yetarli miqdorda maktab qurilmayapti. 4 yilda 134 ta maktab qurilgan, xolos. Bir sinfga oʻrtacha 45 tagacha bola toʻgʻri kelmoqda. Bunaqa sinflar va tasodif oʻqituvchilar bilan yangi avlod boy beriladi.
Sovet ittifoqini himoyachilariga...
SSSR millatimiz uchun yoʻqotilgan davr. Bu davr ruhimizni va qadrimizni sindirib, eʼtiqodsizlik, koʻzboʻyamachilik va yolgʻonchilik, birovning haqidan qoʻrqmaslikka oʻrgatdi.
Koʻrinib turibdiki, hali oramizda ruhi siniqlar koʻp. Yangi avlodni bu jarohatdan davolash uchun kurashamiz. Qarshi boʻlgan jiddiy kuchlar bor. Xabardor boʻling, bu kuchlar oʻzbek boʻlib, oʻzbek tilida oʻzimizni boʻgʻishga harakat qiladilar.
Avtomashina ham qimmat, xarid qobiliyatimiz ham past...
Qarzga toʻy qilib obroʻ talashayotgan odam bu koʻzboʻyamachilikdan boyroq boʻlib qolmasligini tushunmaganidek, mamlakatimizda xarid qobiliyatining pastligi avtomashina sotib olishga xalaqit berayotgan asosiy muammo ekanligini ham tushuna olmaydi, albatta.
Men avtomashinani qimmat emas demadim, xalqimizni xarid qilish qobiliyatini past dedim. 300 dollar maosh oladigan fuqaroga 17 ming dollarlik avtomashina narxini 15 ming dollarga pasaytirding nimayu, pasaytirmading nima? Boshidan boshlab Oʻzavtomotors mavqeini himoya qilish emas, raqobatbardoshligini shakllantirish tarafdori boʻlganman, hozir ham shunday.
Pulni tushunadiganlarni aytishicha, avtomashinaga sarmoya eng samarasiz sarmoyadir. Sarmoyaning eng samaralisi taʼlimga yoʻnaltiriladi. Qachon odamlar xorijda taʼlim olish uchun pul yetmayotganligidan xafa boʻlishni boshlasa, bexavotir rivojlanayotganligimiz haqida gapirishimiz mumkin boʻladi.
Qisqa tushuntirmoqchi boʻldim. «Xayperlar»ga tekin reklama uchun, tushunganlarni tushungani uchun rahmat.
Jamiyat oʻzgarishi uchun har birimiz oʻzgarishimiz kerak. Boshqa yoʻl yoʻq!" deb yozadi deputat.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Sobiq bosh vazir uzoq muddatga qamaldi
- Tinchlik sulhi shartlari bajarilmoqda: Gʻazo 3 nafar, Isroil 90 nafar mahbusni vataniga qaytardi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- Turkiyada qalbaki alkogoldan yana 3 nafar oʻzbekistonlik hayotdan koʻz yumdi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring