Bulungʻurda yangi 4 ta maktab, 1 ta bogʻcha foydalanishga topshirildi

11:56 14 Yanvar 2025 Jamiyat
104 0

Abdulaziz YOʻLDOSHEV/“Xalq soʻzi”. Samarqand viloyatining chekka hududlaridan biri boʻlgan Bulungʻur tumanidagi 12-, 22-, 59-, 62-umumtaʼlim maktablari hamda 1-sonli davlat maktabgacha taʼlim tashkilotining yangidan qurilgan qoʻshimcha binolari tantanali ravishda foydalanishga topshirildi.

Tumandagi 320 oʻrinli 12-maktabga investitsiya dasturi doirasida 1 milliard 758 million soʻm mablagʻ evaziga qoʻshimcha 140 oʻrinli yangi bino qurilgan boʻlsa, 720 oʻrinli 22-maktabga ham mazkur dastur doirasida 1 milliard 900 million soʻm mablagʻ hisobiga 360 oʻrinli qoʻshimcha yangi bino qurib berildi.

59-, va 62-maktab oʻquvchilari quvvati 180 oʻrinli boʻlgan qoʻshimcha yangi oʻquv binolariga ega boʻlishdi.

Tumandagi quvvati 300 oʻrinli boʻlgan 1-sonli davlat maktabgacha taʼlim tashkiloti uchun investitsiya dasturi asosida 5 milliard soʻm mablagʻ evaziga yangi, quvvati 150 oʻrinli qoʻshimcha bino qurildi. Endilikda mazkur bogʻchaning jami quvvati 450 oʻringa yetdi.

Ushbu yangi taʼlim, tarbiya maskanlarining ochilish marosimlarida tuman hokimligi, sektor rahbari, nuroniylar va yoshlar, muassasalarning pedagogik jamoasi hamda ota-onalar ishtirok etishdi.

Tadbirlar davomida soʻzga chiqqanlar bugun yurtimizda kelajak avlodning har tomonlama barkamol boʻlib voyaga yetishi, sifatli taʼlim olishi yoʻlida yaratilayotgan qulay shart-sharoitlarga toʻxtalib oʻtishdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?