Buxoroning sayyohlik salohiyati

14:24 17 Avgust 2022 Jamiyat
385 0

Foto: Xalq so‘zi

Bundan yetarli darajada foydalanilyaptimi?

Yurtimizda madaniy meros obyektlari benihoya koʻp. Birgina Buxoroda ularning soni mingdan ziyoddir.Viloyatning sayyohlik salohiyatidan darak beruvchi bu koʻhna obidalar ajdodlarimizning yuksak aql-zakovati, bilimi, boy dunyoqarashi timsoli sifatida koʻngillarda faxr- iftixor hissini uygʻotadi. Zero, milliy tariximiz yoshlar ongu shuuriga yurtparvarlik, adolatparvarlik, mehru oqibat, odamiylik, yaxshilik, halollik, mehnatsevarlik kabi ezgu fazilatlarni singdiradi, ularni xayrli ishlarga chorlaydi. Bugina emas, asriy obidalar, muqaddas qadamjolar, qoʻl mehnatiga asoslangan hunarmandchilik, urf-odat milliy anʼanalar sayyohlik ravnaqiga xizmat qiladi. Xususan, Buxoro viloyatida turizm hudud iqtisodiyotini mustahkamlashda, aholi bandligini taʼminlashda qoʻl kelyapti. Birgina joriy yilning 1-iyul holatida sayyohlikdan viloyat iqtisodiyotiga 763 milliard soʻmdan ziyod mablagʻ tushgani, turizm va unga yoʻldosh xizmat koʻrsatish sohalarida 20 ming nafarga yaqin aholi muqim ish oʻrinlari bilan bandligi bundan dalolatdir.

Quyida viloyatning sayyohlik salohiyati, bu boradagi tajriba, yechimtalab ayrim masalalar haqida soʻz yuritamiz.

“Oʻzgarishlardan juda xursandmiz”

Bugun Buxoroi sharifning qadimiy koʻchalari sayyohlar bilan gavjum. Mehmonlar orasida mamlakatimizning turli goʻshalaridan kelgan yurtdoshlarimizni tez-tez uchratamiz. Eʼtiborlisi, Fargʻona vodiysidan boʻlgan sayyohlar oqimi koʻpaygani kuzatilmoqda.

— Margʻilondanmiz, — deydi oʻzini Halimaxon Yunusova deya tanishtirgan onaxon. — Anchadan buyon Buxoroi sharifni ziyorat qilish niyatida edim. Farzandlarim baraka topishsin. “Onajon, Samarqandu Buxoroni tomosha qilmabsiz, bu dunyoga kelmabsiz”, deb turib olishdi. Oʻzim ham anchadan buyon shu niyatda edim. Shukr, maqsadimga yetdim. Oʻzim dehqon ayolman. Umrim dalada oʻtgan. Yurtimizdagi tinchlik-osoyishtalikka shukrona aytaman. Buxoro nihoyatda chiroyli shahar ekan. Bu yerdagi oʻzgarishlarni koʻrib, juda xursand boʻldik.

Halimaxon aya sayru sayohat bahonasida yana bir maqsadiga yetdi. Bahouddin Naqshband qadamjosini ziyorat etdi. 

— Ruhim qanaqadir yengil tortdi, — deydi onaxon. — Qadamjodagi obodlik, bogʻ-rogʻlarning tarovati, ziyoratchilar uchun yaratilgan qulayliklar koʻnglimizga yorugʻlik olib kirdi. Margʻilonga qaytganimda qoʻni-qoʻshnilar, mahalladoshlarga Buxorodan olgan taassurotlarim haqida soʻzlab beraman, albatta.

— Margʻilonda turistik firma faoliyatini yoʻlga qoʻyganmiz va yurtdoshlarimizning qadimiy shaharlarga sayohatini tashkil etyapmiz, — deydi yana bir suhbatdoshimiz Shahnoza Avazbekova. —  Birgina may oyida 1,5 ming nafar mahalliy sayyohning Buxoroga sayohatiga bosh- qosh boʻldik. Hozir esa 51 kishini olib kelganmiz.

Koʻrib turganingizdek, aksariyati keksa yoshdagi fuqarolar. Ularni yoʻlning uzoqligi charchatib qoʻyishi, tabiiy. Agar Fargʻona vodiysidan Buxoroga toʻgʻridan-toʻgʻri samolyot parvozi yoʻlga qoʻyilsa, ayni muddao boʻlardi. Loaqal bunday reyslar turistik mavsum sanalgan bahor va kuz oylarida amalga oshirilsa, oʻzini har tomonlama oqlardi, deb oʻylaymiz.

Nazarimizda, bu oʻrinli taklif. Yaqinda “Uzbekistan Airways” masʼul xodimlari tomonidan Buxoro shahrida tadbirkorlar bilan uchrashuv oʻtkazilganida ham qatnashchilar, xususan, turoperatorlar tomonidan “Fargʻona- Buxoro-Fargʻona” yoʻnalishida aviareyslar yoʻlga qoʻyish taklifi bildirildi.

Yuqoridagi fikr-mulohazalardan koʻrinadiki, ichki turizmni rivojlantirish imkoniyatlari bor. Mazkur yoʻnalishda Buxoro viloyat hokimligi darajasida bir qator hududlar bilan memorandumlar tuzilgan. Bu oʻz natijasini bermoqda. Chunonchi, joriy yilning dastlabki yarmida mahalliy sayyohlar soni bir million 530 ming nafarni tashkil etdi.

Koʻhna kentning Fransiyalik mezboni

Gap buxorolik qoʻni- qoʻshnilari, mahalladoshlari «Elenjon», baʼzida “Bibijon” deb ataydigan Fransiyalik Elen Pelos xonim haqida bormoqda. Salkam yetmish yoshli bu ayol mashhur adib Viktor Gyugo tavvallud topgan Bezanson shahrida tugʻilgan. 35 yil konservatoriyada talabalarga dars bergan. Hozir nafaqada.

— Dunyoning koʻplab davlatlarida boʻldim, — deydi u. — Ammo Oʻzbekiston, Buxoro boshqacha ekan. Mehmondoʻst, samimiy, mehr —oqibatli odamlarni, hayot nafasi ufurib turgan qadimiy shaharni yaxshi koʻrib qoldim. Kechagidek esimda, 2006-yilda turmush oʻrtogʻim bilan ilk bor Buxoroga kelgandim. Shundan keyin oromim yoʻqoldi. Oradan ikki yilcha oʻtib eski shahardan sharqona uslubda qurilgan uyni sotib oldim. Qoʻni- qoʻshnilar bilan til topishib ketdim. Oz boʻlsada oʻzbekcha soʻzlashni ham oʻrgandim. Toʻy- maʼrakalarda davraning toʻriga oʻtqazishadi. Xullas, Buxoro ikkinchi vatanim boʻlib qoldi. Shu qadimiy hovlida mehmonxona faoliyatini yoʻlga qoʻydim.

“Helene Oasis” masʼuliyati cheklangan jamiyati taʼsischisi sanalgan Elen xonim buning uchun 500 ming yevrodan ziyod sarmoya sarfladi.

— Mehmonxonamiz 40 oʻringa moʻljallangan, — deydi mazkur MCHJ ish yurituvchisi Lola Obloqulova. — Undan qadimiy Buxoro nafasi kelib turadi, desam mubolagʻa qilmagan boʻlaman. Shu boisdan ham bizga asosan xorijiy sayyohlar kelishadi. Ishchi-xodimlar soni yetti nafar. Mehmonlarga xalqaro andozalar darajasida xizmat koʻrsatish harakatidamiz. Elen xonimga kelsak, u Buxoroni juda yaxshi koʻradi. Milliy urf-odatlarimiz, musiqamiz, sharqona taomlarimizga qiziqadi. Qadriyatlarimizni hurmat qiladi. Hatto Hayit bayramida jonliq soʻyib, mahalladoshlarga ulashganiga shohidman.

Aytish joizki, Buxoro oʻz jozibadorligi bilan nafaqat Elen xonim kabi chet ellik fuqarolar, balki yirik xorijiy sarmoyadorlar eʼtiborini ham tortmoqda. Ayni damda viloyatda xorijiy investitsiya miqdori 28 million AQSH dollarini tashkil etuvchi 3 ta yirik mehmonxona qurilmoqda. Joriy yil yakuniga qadar Hindistonning “Metric Ventures” MCHJ hamda Buyuk Britaniyaning “Wide Tent System” kompaniyalari tomonidan amalga oshirilayotgan besh yulduzli “Hyatt Regency” hamda toʻrt yulduzli “Wyndham” brendlari ostidagi mehmonxonalar oʻz faoliyatini boshlashi moʻljallanmoqda.

Umuman, viloyatda 2017-2021-yillarda mehmonxonalar soni toʻrt, turistik restoran, gid-ekskursovod, turoperator va tashrif buyurgan sayyohlar soni besh baravarga oshdi.

“Qishlogʻimizga bir keling”

Odamlari tabiatan sodda, kulgisevar “Shirin” mahallasida boʻlsangiz “Qishlogʻimizga yana keling”, deya kuzatib qoʻyishadi. Vobkent tumanidagi mazkur goʻsha turizm qishlogʻi maqomini olgach, u uzoq-yaqindan mehmonlar tez- tez keladigan manzilga aylanmoqda.

Qishloqning 2,5 kilometr masofali ichki yoʻliga asfalt yotqizildi. Yurish imkoniyati cheklangan va keksa yoshdagi sayyohlar uchun maxsus yoʻlaklar barpo etildi. Elektr liniyalari yangilandi, 2 ta transformator oʻrnatildi. Aloqa tarmoqlari tartibga keltirildi. Sport zallari qurilyapti. Bu yerga kelgan sayyohlarni, shubhasiz, qishloq hayoti qiziqtiradi. Ana shundan kelib chiqib 6 ta oilaviy mehmon uyi faoliyati yoʻlga qoʻyildi. Kulolchilik, zardoʻzlik, kashtadoʻzlik kabi hunarlarga ixtisoslashgan 6 ta ustaxona qurildi. Sharqona milliy taomlar tayyorlanadigan, mahorat darslari tashkil etiladigan 2 ta choyxona faoliyati yoʻlga qoʻyildi.

Shu tariqa «Shirin etnoxaus» markazi, qadimiy sandal uylar, dehqonchilik asbob-anjomlari tayyorlash, ot va tuyada sayr qilish, qadimiy tosh tegirmon, asalarichilik, shoʻrdanak va nisholda tayyorlash kabi qishloq hayotini koʻrsatib beradigan goʻsha yuzaga keldi. Milliy qadriyatlarimizni sahna koʻrinishlari orqali namoyish etuvchi “Navnihol” folklor jamoasi tuzildi.

— Bu yerga tashrif buyurgan sayyoh unutilmas taassurotlar bilan qaytadi, — deydi Vobkent tuman hokimligi matbuot xizmati rahbari Shuhrat Sharipov. — Negaki, “Shirin”da etnoqishloqqa xos barcha unsurlar jamuljam boʻlgan. Bu yerda hatto miniatyura va xattotlik sanʼati haqidagi tasavvurlaringizni ham boyitish imkoniga egasiz.

Kuzatishlar koʻrsatmoqdaki, turizm infratuzilmasini rivojlantirish va diversifikatsiya qilish borasida muayyan ishlar amalga oshirilmoqda. Masalan, Romitan tumanida “Bukhara Desert Oasis & Spa” innovatsion turizm klasteri tashkil etilib, mijozlarga 25 turdagi sifatli xizmatlar yoʻlga qoʻyildi. Shu bilan birga Toʻdakoʻl suv ombori negizida 15 gektar yer maydonida 500 nafargacha sayyohni qabul qilish imkoniyatiga ega “Silk Road Family Resort” plyaj maskani tashkil etildi.

Shuningdek, qadimiy “Gʻijduvon Qoʻrgʻoni” hududidagi “Bozori qaymoq”, «Boborahimboy», «Boloyi Qassabon» masjidlari hamda “Tosh Hammom” kabi obidalar qayta taʼmirlanib, turizm marshrutiga kiritildi. Abduxoliq Gʻijduvoniy ziyoratgohi atrofidagi mahallalarda oʻnta oilaviy mehmon uyi hamda turizmga ixtisoslashgan oʻndan ziyod hunarmandchilik ustaxonalari faoliyat boshladi.

Xorijiy sayyohlar nimadan hayratda?

Chet ellik sayyohlar tushgan mikroavtobus Buxoro shahriga yetar – yetmas yoʻl chetida toʻxtadi. Samarqandni tomosha qilib kelayotgan mehmonlar bir muddat oyoq chigilini yozishdi. Shu qisqa vaqt oraligʻida ular oldiga birin-ketin toʻrtta avtomashina toʻxtadi. Haydovchilar mikroavtobusni boshqarib kelayotgan yigitga “Mabodo sizlarga yordam kerakmasmi?” deya soʻrashardi.

— Bu holatdan biz benihoya taʼsirlandik, — deydi Fransiyalik sayyoh Patrik Sale. — Butkul yot kishilarning mashinasini toʻxtatib, boshqalarning tashvishini yengil qilish maqsadida oʻzining begʻaraz yordamini taklif etishini, ochigʻi, hozirgacha uchratgan emasman.

Maʼlum boʻlishicha, sayyohlar Samarqanddayoq odamlarimizning iltifoti, xushmuomalasi oldida lol qolishgan. Ulardan biri qadimiy yodgorliklardan biri oldida sumkasini unutib qoldirgan. Turizm politsiyasi saʼy-harakati bilan buyum qisqa vaqt oraligʻida topilib, egasiga qaytarilgan.

— Yurtingizda kechayu kunduz bexavotir yurish mumkinligini koʻrib turibman, — davom etadi mehmon. — Sizlarda bola tarbiyasiga ayricha eʼtibor qaratilar ekan. Aks holda yoʻqolgan buyumning topilishi dargumon edi. Sizga aytsam, oʻgʻrilik boʻlmagan yurtda qashshoqlik boʻlmaydi. Menga yana yurtingizdagi qadimiy yodgorliklar, ayniqsa, Temuriylar davrida bunyod etilgan masjidu madrasalar, karvonsaroylar meʼmoriy yechimi bilan katta taassurot qoldirdi. Mahobatli bu yodgorliklar hali texnikadan nom – nishon boʻlmagan davrlarda barpo qilingani xalqingizning yuksak aqlu zakovatidan darak beradi.

Patrik Sale bilan xayrlashar ekanmiz, beixtiyor statistikaga koʻz yugurtirdik. Maʼlum boʻlishicha, joriy yilning olti oyida Buxoroga salkam 300 ming nafar xorijiy sayyoh tashrif buyurgan. Ularning 21 foizi Yevropa davlatlari fuqarolaridir.

Mehmonga qulaylik kerak

Komil Ermatov yurtimiz tarixini chuqur biladigan inson. 26 yildirki gid-tarjimonlik qiladi. Oʻzi ham dunyo koʻrgan. Xitoy, Turkiya, Misr, Tailand kabi davlatlarda boʻlgan. Buxoroyu Samarqand, Xivaning har bir koʻchasi, osori atiqasi unga tanish.

— Sayyohlar uchun birinchi navbatda qulaylik kerak,-deya mulohaza yuritadi u. — Buxoroda bu borada keng qamrovli ishlar amalga oshirilayotganini eʼtirof etgan holda ayrim yechimtalab masalalarga toʻxtalmoqchiman. Avvalo, Buxoroning tarixiy qismi asl qiyofasini saqlab qolishi haqida qaygʻurish kerak. Toki, bu yerdagi har bir obida, mahalla, koʻchadan uzoq asrlar nafasi ufurib tursin. Aks holda goʻsha tarixiy ahamiyatini yoʻqotadi.

Suhbatdoshimizning fikricha, koʻhna Buxoroning tor koʻchalarida koʻplab mehmonxonalar faoliyati yoʻlga qoʻyilgan. Bu jarayon davom etmoqda. Vaholanki, tor koʻchada joylashgan mehmonxona xorijiy sayyohga noqulayliklar tugʻdiradi. Chunki mehmonxona eshigiga qadar avtomashina borolmaydi. Jomadonni eltishning oʻzi turgan-bitgan tashvish. Bu masalani shahar tarixiy qismi atrofida joylashgan mehmonxonalarda xizmat sifatini oshirish orqali hal etish mumkin. Yana bir gap. Labihovuzdan to Ark qoʻrgʻonigacha boʻlgan hududda sayyohlarga moʻljallangan hojatxona yoʻq. Gid-tarjimonning bildirishicha, xorijiy sayyohlarning aksariyati yoshi ulugʻ insonlar ekanini inobatga olmoq kerak. Deylik, Xiva shahrida har 200 metrda shunday qulaylik yaratilgan. Ishoning, bu mayda- chuyda masala emas.

— Buxoroga tezyurar poyezdlar qatnovining yoʻlga qoʻyilgani ayni muddao, — davom etadi K. Ermatov. — Ayrim xorijiy sayyohlar bu yerga gid- tarjimonsiz keladi. Shunda Kogondan Buxorogacha borish masalasi paydo boʻladi. “Afrosiyob” poyezdining kelish vaqtiga moʻljallab Kogon temir yoʻl vokzalida turistlar uchun maxsus avtobus qatnovi yoʻlga qoʻyish kerak. Bu haqida poyezdda, mehmonxonalarda eʼlonlar berib borish lozim. Xorijiy davlatlarda boʻlganimda shu tajriba oʻzini oqlayotganini, sayyohlar manzilga qiynalmay yetib borishayotganini koʻrganman.

Yuqoridagilardan ayon boʻladiki, Buxoro turizmni rivojlantirish borasida juda katta salohiyatga ega.Bu salohiyatni toʻlaqonli yuzaga chiqarish, sayyohlikka daxldor dasturlarni oʻz vaqtida risoladagidek amalga oshirish, sohaga xorijiy sarmoyani jalb etish yurtimizni dunyoga yanada kengroq tanitishga, yangi ish oʻrinlari yaratishga, iqtisodiyotimizni mustahkamlashga xizmat qiladi.

Istam IBROHIMOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер