Buxorolik Vyacheslav ota hamshaharlariga qaysi masalada ibrat bo‘lmoqda?
Foto: “Xalq so‘zi”
Buxoro shahar A. Somiy ko‘chasi 6- uy, 16 – xonada yashovchi Vyacheslav Qurbonov 74 yoshda. Turmush o‘rtog‘i bilan farzand, nevaralar ardog‘ida yurgan bu insonda ota – onasidan shirin xotiralar qolgan.
-Onam Tatyana Burova urushda, Leningrad qamali chog‘ida 14 yoshda bo‘lgan,- deya xotirlaydi u.
-1945 yilda u Omsk shahridagi harbiy gospitalda buxorolik jangchi yigit Yodgor Qurbonov bilan tanishib qolgan. Yulduzlari yulduzlariga to‘g‘ri kelib turmush qurishgan. Buxoroda umrguzaronlik qilishgan.Oilada besh o‘g‘il – qiz edik. Jigarlarimning barchasi vafot etdi.O‘zim bir umr elektrmontajchilik qilib, nafaqaga chiqqanman.
Lekin biz hozir otaxonning taqdiri haqida emas, uning bir ibratomuz ishi haqida so‘zlamoqchimiz. Sir emas, 5 – mavze, yaqinda esa unga yondosh hududda qad rostlagan 7 – mavzeda aholining miriqib hordiq chiqarishi uchun kichikroq bo‘lsa – da istirohat bog‘i yo‘q. Gugurt qutisidek turnaqator tizilgan ko‘p qavatli uylarda yashovchilar, xususan, yosh bolali ayollar va nogironlarga yozning jazirama issiq kunlari bog‘ning qadri juda bilinadi. Ana shuni his etgan Vyacheslav Qurbonov uy ortida bo‘sh va qarovsiz yotgan, sho‘r bosgan bir parcha yerni obod qilishga kirishdi. Qo‘ni – qo‘shnilar ham undan ibrat oldilar.
-Bundan 15 yilcha muqaddam bu yerni qamish bosgan, yerosti suv quvurlarini ta’mirlaymiz deb uni tamoman yaroqsiz ahvolga keltirishgan edi,- deydi uyning 4 – qavatida yashovchi otaxon o‘sha davrda olingan suratlarni ko‘rsatar ekan.
Vyacheslav ota atirgulning chinakam shaydosi
-Yerni kovlab, qamishga ildiz – pildizi bilan barham berdim. O‘g‘it kiritib, tuproq holatini yaxshiladim. Beton ariqcha orqali hududga oqar suv keltirdik. Mevali daraxt ko‘chatlari o‘tqazdim.Hozir 24 tup daraxtim, shuningdek, uzumlarim bor. Ular hosilga kirgan. Shu tariqa bir mehnat faxriysining azmu shijoati bilan qarovsiz yerda kichik bir bog‘ paydo bo‘ldi. Moʻjaz bog‘ har nomozshom qo‘ni – qo‘shnilar, ayniqsa, keksalar bilan gavjumlashadi.Tabiatga oshno otaxon ular uchun maxsus supa hozirlagan. Atirgul ko‘chatlarini supa atrofiga devorsimon shaklda o‘tqazgan. Shu kunlarda qip – qizil ochilgan gullarni ko‘rib, rohatlanasan, top – toza havodan to‘yib – to‘yib nafas olasan, kishi.
Bu moʻjaz maskandan qaytarkanmiz, ko‘nglimizdan “Koshkiydi, barchamiz shu otaxon kabi yerga mehr qo‘ysak, o‘zimiz yashab turgan uy atroflarini gulu gulzorga aylantirsak”, degan fikr kechdi. Bu haqda to‘xtalishimiz bejiz emas.
Afsuski, Buxorodagi ayrim ko‘pqavatli uylar atrofi qarovsizlik oqibatida qamishzorga aylangan
Shahardagi ayrim ko‘p qavatli uylar yonidan o‘tayotib, “yashil zona” vazifasini o‘tashi lozim bo‘lgan yerlarning qamishzorga aylangan holda qarovsiz yotganiga ko‘zimiz tushadi. Nahotki, bu yerda yashovchilar shu qadar befarq yoyinki yalqov? Obodonchilikka mas’ul tashkilotu mahalla mas’ullari –chi?Axir, xalqimizda “Yerning uvoli tutadi” degan gap bor. Qolaversa, yozi o‘ta issiq keladigan, qum bo‘ronlari changaliga tushayotgan Buxoroda dov – daraxtlarning o‘rni benihoya katta, axir...
Vyacheslav otaga kelsak, havaskor bog‘bonni doimo moʻjaz bog‘ida uchratasiz. Atirgullarga mahliyo bo‘lib kelganlarni u o‘zbekona urf – odatga ko‘ra, ko‘k choy va shirinliklar bilan qarshi oladi.
Istam IBROHIMOV, “Xalq so‘zi”
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Tinchlik sulhi shartlari bajarilmoqda: Gʻazo 3 nafar, Isroil 90 nafar mahbusni vataniga qaytardi
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
- Voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimi takomillashtirilmoqda
- Harbiy xizmatni oʻtash bilan bogʻliq tartiblar yangilanadi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring