Buxorodagi muzeyda Sadriddin Ayniyga daxldor qanday esdaliklar saqlanmoqda?

11:12 30 Oktyabr 2024 Jamiyat
186 0

Istam IBROHIMOV/“Xalq soʻzi”. Buxoro davlat muzey – qoʻriqxonasida xalqimizning moddiy, madaniy, maʼnaviy merosiga oid 100 mingdan ziyod eksponat mavjud. Muzeyga sovgʻa tariqasida berilgan buyumlar ham oz emas. Ular orasida atoqli adib, zullisonayn yozuvchi Sadriddin Ayniyga tegishli esdaliklar eʼtiborni tortadi.

– Muzey – qoʻriqxona hujjatlar fondida Sadriddin Ayniyning 1974-yilda Dushanbening “Irfon” nashriyotida chop etilgan kitobi va adib ovozi yozilgan gramplastinka saqlanmoqda, – deydi muzeyshunos tadqiqotchi, Buxoro davlat pedagogika instituti oʻqituvchisi Sherali Joʻrayev. – Qoʻlyozmalar kolleksiyasida muzeyning oʻsha paytdagi direktori Muhsin Yakubovga yoʻllagan maktubi bor. Ular 1975-yilda adibning farzandi Kamol Ayniy tomonidan taqdim qilingan. Kitob va gramplastinka gʻilofida “Taqdim ba muzeyi viloyati Buxoro” (Buxoro viloyat muzeyiga sovgʻa) yozuvi mavjud. Maktubda Buxoro bilan bogʻliq maʼlumotlar keltirilgan.

Bu dalillar xorijda boʻlib, u yerdagi atoqli shoir va yozuvchilarning muzeylarini tomosha qilgan bir ziyoli yurtdoshimizning soʻzlarini yodimizga tushirdi.

– Biror bir taniqli ijodkorning muzeyiga kirib, u yerdagi qoʻngʻiroq goʻshagini koʻtarsangiz, oʻsha shoirning oʻzi oʻqigan sheʼrlarni tinglashingiz mumkin, – degandi u. – Muallifning ovozini eshitib, oʻzingizni u bilan yuzma-yuz turgandek his etasiz. Bizdagi muzeylarda ham taniqli shoir va yozuvchilarimizning ovozlari tushirilgan audioyozuvlarni eshitish uchun shart-sharoit yaratilsa durust boʻlardi.

Koshkiydi, Choʻlpon, Fitrat, Abdulla Qodiriylarning ovozi yozilgan tasmalar boʻlsayu ular muzeylarimizdan oʻrin olgan boʻlsa, degan oʻy-xayolga borasan, kishi. Shu nuqtayi nazardan Sadriddin Ayniydek buyuk yurtdoshimiz ovozi yangraydigan plastinkaning saqlanib qolinganligi bu adabiyotimiz, maʼnaviyatimizga befarq boʻlmaganlar uchun taqdirning kichik bir tuhfasidek tuyuladi. Undan nega xorijiy muzeylardagidek foydalanish mumkin emas?! Balki bu ovozdan nusxa olish haqida ham oʻylab koʻrish kerakdir.

Qiziq, hozir Buxoro adabiyoti tarixi muzeyida saqlanayotgan shu gramplastinka orqali Sadriddin Ayniyning ovozini eshitib koʻrganlar bormikan?Taajjubki, bu savolga joʻyali javob ololmadik.

Bu muzeyga salkam 50-yil muqaddam sovgʻa qilingan buyumlar sabab tugʻilgan mulohaza. Xulosa har kimning oʻziga havola.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?