Buxoroda turizm yarmarkasi oʻtkazildi

11:40 06 Mart 2025 Jamiyat
96 0

Istam IBROHIMOV/“Xalq soʻzi”. Buxoro shahridagi Labihovuz majmuasida “Oʻzbekiston boʻylab sayohat qil” deb nomlangan ichki turizm yarmarkasi tashkil etildi. Aholining turizm maskanlariga yanada koʻproq tashrif buyurishiga ragʻbat uygʻotish, sohada faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik korxonalarini qoʻllab-quvvatlash, turoperator hamda turagentlar oʻrtasidagi hamkorlikni mustahkamlash kabi maqsadlar koʻzda tutilgan bu tadbir nafaqat yurtimizning turli goʻshalaridan kelgan mehmonlar, balki xorijiy sayyohlarda ham katta qiziqish uygʻotdi.

— Ikki kun muqaddam turmush oʻrtogʻim bilan Xivani tomosha qilib, keyin bu yerga keldik, — deydi rossiyalik sayyoh Aleksey Belyayev. — Unutilmas taassurotlar ogʻushidamiz. Kechqurun tungi Buxoroni tomosha qildik. Qadimiy koʻchalardagi tozalik, tinchlik-osoyishtalikdan bahri dilimiz ochildi. Bu yerdagi qadimiy obidalar xalqingizning necha ming yillik tarixidan soʻzlab turibdi. Biz imkoniyatimizdan kelib chiqqan holda dunyoning koʻplab davlatlariga sayohat qilganmiz. Ammo Oʻzbekiston, Buxoro boshqacha ekan.

Tadbirda hunarmandlar yarmarkasi tashkil etildi. Milliy kuy-qoʻshiqlar yangradi.“Tadbirkor bilan tadbirkor”, “Ishbilarmon bilan mijoz” uchrashuvlari oʻtkazildi. Muloqotlar jarayonida oʻzaro tajriba almashinib, hamkorlikda ishlash yuzasidan kelishuvlarga erishildi.

Yuzga yaqin turizm sohasi tadbirkorlik subyekti, qator korxona va tashkilotlar oʻzlarining sayyohlik dasturlari hamda tijorat takliflari bilan qatnashdi. Koʻrgazma soʻngida shahar mehmonlari va yoshlar uchun muzeylar boʻylab infotur tashkil etildi.

Aytish kerakki, bu kabi tadbirlar ichki turizm ravnaqiga xizmat qilmoqda. Chunonchi, 2023-yilda respublikamiz hududlaridan Buxoroga 3 million 490 ming aholi sayyoh sifatida tashrif buyurgan edi. 2024-yilda bu koʻrsatgich 4 million 10 ming nafarga yetdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер