Buxoroda turizm yoʻnalishidagi taʼlim muassasalari rahbarlari forumi oʻtkazildi

18:53 09 Oktyabr 2023 Jamiyat
463 0

Foto: Xalq so'zi

Turizm sohasi uchun yetuk kadrlar tayyorlashga eʼtibor qaratilyaptimi? Umuman sayyohlikni mamlakatimiz iqtisodiyotining yetakchi boʻgʻiniga aylantirish borasidagi vazifalar nimalardan iborat? Buxoro davlat universitetida oʻtkazilgan turizm yoʻnalishidagi oliy taʼlim muassasalari rahbarlari forumida shu kabi dolzarb masalalar muhokama qilindi.

Uch kun davom etgan forumda respublikamizdagi 11 ta oliy oʻquv yurti rahbarlari va sayyohlik sohasi mutaxassislari turizm taʼlimi samaradorligini yanada oshirish yuzasidan oʻzaro fikrlashdilar.

Aytish oʻrinliki, Buxoro davlat universitetida turizm sohasi kadrlari tayyorlash borasida muayyan tajriba toʻplangan. Universitetda turizm va mehmonxona menejmenti kafedrasi faoliyat koʻrsatmoqda. Kafedra professor-oʻqituvchilari jahonning Turkiya, Italiya, Ispaniya, Janubiy Koreya, Rossiya kabi bir qator davlatlari yetakchi oliy oʻquv yurtlarida malaka oshirishgan, ilmiy-tadqiqot ishlari olib borishgan. Keyingi yillarda bu kabi aloqalar mustahkamlanyapti. Natijada turizm sohasi uchun malakali kadrlar tayyorlash imkoniyati kengaymoqda. Talabalar raqamli turizm, sayyohlik sohasida biznes, mehmonxona biznesida innovatsiyalar singari zamonaviy fanlardan saboq olishyapti. Viloyatdagi mehmonxonalar bilan ham amaliy hamkorlik yoʻlga qoʻyilgan.

— Mamlakatimizda keyingi yillarda turizm katta surʼatlar bilan rivojlanayotgani, Samarqand, Buxoro, Xiva, Qoʻqon kabi qadimiy shaharlarimiz Markaziy Osiyodagi turizm xabiga aylanib borayotgani maʼlum, — deydi forum qatnashchisi, “Ipak yoʻli” turizm va madaniy meros xalqaro universitetining birinchi prorektori J. Eltazarov. — Buxoro davlat universiteti tashabbusi bilan tashkil etilgan bu tadbirda sayyohlik taʼlimi oldida turgan dolzarb vazifalar, turizm industriyasi rivoji yoʻlida yechimini kutib turgan muammolar, ayniqsa, oʻrta boʻgʻin servis mutaxassislarini tayyorlash, chet el tajribasidan foydalanish kabi masalalar yuzasidan fikr almashdik, joʻyali takliflar oʻrtaga tashlandi. Bularning hammasi istiqbolda turizm sohasi ishiga sifatli kadrlar tayyorlab berishga katta hissa boʻlib qoʻshiladi, degan umiddaman.

Mazkur forum davlatimiz rahbarining shu yil 26-apreldagi “Respublikaning turizm salohiyatini jadal rivojlantirish hamda mahalliy va xorijiy turistlar sonini yanada oshirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori ijrosi doirasida tashkil etildi.

Istam IBROHIMOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?