Buxoroda “Nasriddin Afandi” festivali

15:20 01 Aprel 2025 Jamiyat
64 0

Istam IBROHIMOV/“Xalq soʻzi”. Nasriddin Afandi deyilgan zahoti yuzimizga tabassum yuguradi. Kayfiyat koʻtariladi. U bilan bogʻliq latifalarni soʻzlab, tinglab yayrab kulamiz. Begʻaraz kulgi salomatlik uchun koni foyda. 1-aprel – hazil–mutoyiba kuni munosabati bilan Buxoro shahrining soʻlim Labihovuz boʻyida tashkil etilgan “Nasriddin Afandi” festivalidan koʻzlangan asosiy maqsad ham mehmon-u mezbonlarga xush kayfiyat ulashish, qadriyat darajasiga koʻtarilgan anʼanalarimizni asrab-avaylash, ularni kelgusi avlodga yetkazishdan iborat.

Bugun Xoʻja Nasriddin Afandiga oʻrnatilgan haykal atrofi har qachongidan gavjum. Egnida oʻzbekona yaktak va chopon, belida belbogʻ-u salla bilan eshak mingan holda tasvirlangan Afandi ayniqsa, xorijiy sayyohlarning katta qiziqishiga sabab boʻlib kelyapti. Haykalning oʻrnatilganiga 45-yildan oshdi. Muallifi Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan sanʼat arbobi Yakov Shapiro sanaladi.

— Buxoroning koʻhna koʻchalarida koʻplab chehrasi ochiq, xushmuomala, xushchaqchaq, samimiy insonlarni uchratdik, — deydi asli pokistonlik, ayni damda Abu-Dabi shahrida istiqomat qilayotgan sayyoh Faysel Huseyn. — Oʻzim Angliyada tahsil olganman. Kimyo–biologiya fani oʻqituvchisiman. Toshkent, Buxoro shaharlari menda katta taassurot qoldirdi. Bugungi festivalga kelsak, u xalqingizning kulgisevarligi, donishmandligi, bagʻrikengligidan darak berib turibdi. Milliy liboslardagi xotin-qizlar, yoshlar, qiziqchilar ijrosidagi koʻngilochar tadbirlar yurtingizda sharqona urf-odat, anʼanalar koʻz qorachigʻidek asrab-avaylab kelinayotganidan nishonadir.

Darhaqiqat, Nodir Devonbegi madrasasi oldidagi sahnada folklor dastalari, qiziqchilar-u askiyachilar oʻz chiqishlari bilan tomoshabinlarni xushnud etishdi. Nasriddin Afandining ichakuzdi latifalari dillarga zavq-u shavq ulashdi.

— Namanganning Chodak qishlogʻidan bir guruh sinfdoshlarimiz bilan Buxoroni tomosha qilgani keldik, — deydi oʻzini Doniyor Xudoynazarov deya tanishtirgan mehmon. — Omadimiz bor ekan, safarimiz “Nasriddin Afandi” festivali kuniga toʻgʻri keldi. Xursandmiz. Taassurotlarimiz bir olam.

Aytmoqchi, Marokashning Rabot shahrida boʻlib oʻtgan Nomoddiy madaniy merosni muhofaza qilish boʻyicha hukumatlararo qoʻmitasi sessiyasida Xoʻja Nasriddin Afandi haqidagi latifalarni soʻzlab berish anʼanasi YUNESKOning nomoddiy madaniy merosi Reprezentativ roʻyxatiga kiritilgan. U shu tariqa rasman insoniyat madaniy merosining ajralmas bir qismiga aylandi.

Shunday ekan, keling, 1-aprel – hazil–mutoyiba kunida bitilgan shu moʻjaz maqolamizni hozirjavob Nasriddin Afandining oʻtkir qochirimli bir latifasi bilan tugataylik:

Nasriddin Afandi bir katta amaldorning hashamatli uyi oldidan oʻtib borayotgan edi, qarasa hovlining devori ustiga yana bir paxsa urishayotgan ekan. Afandi toʻxtab, ustalardan soʻrabdi:

— Qoʻrgʻonning oʻzi shusiz ham balandku? Mana men eshagim ustida turib ham ichkarini koʻra olmayapman. Nega yana baland koʻtaryapsizlar?

— Qoʻrgʻonga oʻgʻri tushmasin, deb paxsa uryapmiz, — javob beribdi ustalarning ishboshisi.

Bu javobdan Afandi rosmanasiga ajablanibdi.

— Tashqaridan tushadigan oʻgʻrini nazarda tutsangiz, bu toʻgʻri. Lekin ichkaridan chiqadigan oʻgʻriga ellik paxsa devor ham pisand emas, — dermish u.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер