Oʻzbekistonda narkojinoyatlar soni 5 yilda 103 foizga oshdi

17:48 11 Oktyabr 2025 Jamiyat
203 0

Soʻnggi besh yilda Oʻzbekistonda narkojinoyatlar soni 103 foizga, sintetik giyohvandlik vositalarining noqonuniy muomalasi esa 80 barobarga oshgan. Bu haqda Prezident Administratsiyasi huzuridagi Narkotiklarni nazorat qilish milliy markazi yetakchi ilmiy xodimi Mirzo Ulugʻbek Shamsiddinov maʼlum qildi.

Giyohvandlik vositalarining noqonuniy muomalasi va suiisteʼmoli inson genofondiga tahdid solayotgan global xavflardan biri sifatida eʼtirof etilmoqda. BMT Narkotiklar va jinoyatchilik boʻyicha boshqarmasining (BMT NJB) 2024-yilgi hisobotiga koʻra, 350 millionga yaqin shaxs giyohvandlikdan aziyat chekmoqda. Har yili 500 mingdan ortiq kishi giyohvandlik vositalarining suiisteʼmoli oqibatida hayotdan koʻz yumadi, 28 million nafari esa ogʻir xastalikka chalinadi. Jahon bojxona tashkiloti maʼlumotlariga koʻra, 2024-yilda 1347 tonna giyohvandlik vositalari noqonuniy muomaladan chiqarilgan.

Dunyo miqyosida kuchayib borayotgan bu xavf mamlakatimizga ham oʻz salbiy taʼsirini koʻrsatmoqda. Soʻnggi besh yilda Oʻzbekistonda narkojinoyatlar 103 foizga, giyohvandlik vositalarining musodarasi 53 foizga koʻpaygan boʻlsa, sintetik giyohvandlik vositalarining noqonuniy muomalasi 80 barobarga ortgan. Mutaxassislarning taʼkidlashicha, bu holat davlatlar oʻrtasida birgalikda qatʼiy choralar koʻrishni talab etadi.

Oʻzbekiston bugungi kunda giyohvandlik va narkojinoyatlarga qarshi kurashish yoʻlida 40 dan ortiq davlatlar hamda 10 ga yaqin xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik qilib kelmoqda. Xalqaro tashkilotlar orasida BMT NJB va uning ixtisoslashgan tuzilmalari alohida oʻringa ega. Mazkur hamkorlik giyohvandlik, uyushgan jinoyatchilik, korrupsiya va terrorizmga qarshi kurashish yoʻnalishidagi saʼy-harakatlarning muhim tarkibiy qismidir.

BMT NJBning Markaziy Osiyodagi mintaqaviy vakolatxonasi aynan Oʻzbekistonda joylashgan boʻlib, bu mintaqada giyohvandlikka qarshi samarali kurashni tashkil etishda katta ahamiyatga ega. Bugungi kunda ushbu vakolatxona tomonidan qiymati 5 million AQSH dollariga teng 10 ta milliy, 20 million dollarlik 9 ta mintaqaviy hamda 7 ta global loyihalar amalga oshirilmoqda. 2015–2024-yillar davomida Oʻzbekistonga qiymati 26 million AQSH dollariga teng texnik va amaliy yordam koʻrsatilgan. Shu davrda 300 dan ortiq seminar, trening va oʻquv kurslari tashkil etilib, 4 mingdan ziyod soha xodimlarining malakasi oshirilgan.

Oʻzbekiston BMT NJB bilan hamkorlikni yuksak baholab, uni yanada mustahkamlash maqsadida bir qator tashabbuslarni ilgari surmoqda. Xususan, Prezident tashabbusi bilan mamlakat BMTning Giyohvandlik vositalari boʻyicha komissiyasi aʼzoligiga 2027-yilda oʻtkaziladigan saylovda ishtirok etish uchun rasmiy talabnoma kiritdi. Bu Oʻzbekistonga giyohvandlik va narkojinoyatlarga qarshi kurashish borasidagi global qarorlar qabul qilinishida faol ishtirok etish, hamkorlikni kengaytirish va oʻz tashabbuslarini ilgari surish imkonini beradi.

Shuningdek, Oʻzbekistonning Avstriyadagi elchixonasi shtat jadvaliga qoʻshimcha ravishda Birinchi kotib lavozimini kiritish rejalashtirilmoqda. Bu tashabbus mamlakatning xalqaro maydondagi ishtirokini mustahkamlash hamda BMT doirasidagi tashabbuslarni tizimli ilgari surish imkonini kuchaytiradi.

Bundan tashqari, Oʻzbekiston Markaziy Osiyo davlatlari orasida birinchilardan boʻlib BMTning CHAMPS tashabbusiga qoʻshildi. Mazkur tashabbus giyohvandlik profilaktikasiga qaratilgan boʻlib, uning asosiy maqsadi — oʻsmirlar va yoshlar oʻrtasida sogʻlom turmush tarzini shakllantirish, giyohvandlikka qarshi immunitet yaratish hamda ijobiy ijtimoiy muhitni rivojlantirishdan iborat.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер