Buxoro qoʻlyozmalarini Buxoroda saqlaylik

10:16 12 Iyul 2021 Madaniyat
1857 0

Oʻzbekiston — dunyodagi yozma merosga boy hududlardan biri. Mamlakatimizdagi ilmiy tadqiqot muassasalari, muzey va arxivlarda bu yozma merosning eng yuksak, goʻzal namunalari saqlanmoqda. Biz ular bilan faxrlanamiz. Dunyoning eng nomdor sharqshunoslari bu qoʻlyozmalar bilan tanishish maqsadida bizga murojaat qilishadi, qoʻshma ilmiy loyihalarni amalga oshirishadi. Vaqt sinovlaridan oʻtib bizgacha yetib kelgan bu merosni asrab-avaylash va kelajak avlodlarga yetkazishning nechogʻli madaniy-maʼrifiy, tarixiy ahamiyatga ega ekanligini bugungi kunda har bir ziyoli yaxshi tushunadi.

Yozma yodgorliklarning muayyan qismi turli davrlarda, turli ijtimoiy-siyosiy sabablar oqibatida boshqa mamlakatlarga olib ketilgan. Bu jarayon ayniqsa Buxoroda bitilgan va saqlangan qoʻlyozmalar va tarixiy hujjatlar taqdirida salbiy iz qoldirdi.

Oʻzbekiston hududida, jumladan, Buxoroda kitobat qilingan va saqlangan qoʻlyozmalarning xorijiy mamlakatlarga oʻtib ketishining rasmiy va norasmiy jihatlari mavjud. Rasmiy jihatga mamlakatlar oʻrtasidagi hukumatlararo aloqalar davrida sovgʻa vazifasini oʻtagan qoʻlyozmalar kirsa, norasmiy jihatga xususiy savdo-sotiq, ixtiyoriy tashrif natijasida olib ketilgan qoʻlyozmalar kiradi. Umuman, Buxoro yozma merosi namunalari migratsiyasini ikki davrga ajratish mumkin, yaʼni Rossiya imperiyasi istilosi va sovet davri.

Sharq qoʻlyozmalarini toʻplash Rossiyada podsho Aleksandr I (1801-1825) davrida davlat siyosati darajasiga koʻtarildi. 1818-yil Rossiyada Osiyo muzeyi tashkil etildi. Muzey Sharq qoʻlyozmalarini toʻplashda tashabbuskorlik koʻrsatdi.

Rossiya imperiyasi poytaxtiga tashrif buyurgan Buxoro amirlari yuksak badiiy darajada bezatilgan qoʻlyozma kitoblarni rus podshosiga tuhfa qilishgan. Amir Olimxon (1910-1920) 1911-yil rus imperatoriga sovgʻa tariqasida 20 ta qoʻlyozma kitob yuboradi. Rossiyadagi Osiyo muzeyi direktori K.G.Zalemanning topshirigʻi bilan 1915-yil Buxoroga tashrif buyurgan V.A.Ivanov toʻrt oy mobaynida mahalliy aholidan 1134 dona qoʻlyozma kitob sotib oladi va ularni Osiyo muzeyiga topshiradi. Ushbu qoʻlyozmalarning xronologiyasi XII-XIX asrlarni oʻz ichiga oladi. Ayni paytda bu qoʻlyozmalar “V.A.Ivanov” kolleksiyasi nomi ostida Rossiya FA Sharqshunoslik institutining Sankt-Peterburg boʻlimida saqlanmoqda.

Buxoro qushbegisi arxiv hujjatlarining bir qismi taqdirida ham yuqoridagiga oʻxshash holatlar koʻzga tashlanadi. Bu arxiv hujjatlarining bir qismi oʻtgan asrning 30 yillarida SSSR FA Sharqshunoslik instituti Leningrad boʻlimining ilmiy xodimi F.B.Rastopchin tomonidan Leningradga olib ketiladi.

Buxoroda saqlangan qoʻlyozmalarning katta qismini Toshkentga koʻchirish 1938-yil toʻla yakuniga yetdi. Shu yili katta miqdordagi qoʻlyozmalar Milliy kutubxona (hozirgi Oʻz RFA Sharqshunoslik instituti)ga koʻchirildi. Bular orasida Buxoro qozisi Sharifjon Maxdum Sadr Ziyoning mashhur kutubxonasi ham bor edi. Unda 594 xatdan iborat Navoiy albomi (Majmua muraqqa) mavjud boʻlib, ular keyinchalik atoqli sharqshunos A.Oʻrinboyev tomonidan ilmiy muomalaga kiritildi va AQSH da nashr etildi. Buxoro qushbegisi arxiv hujjatlari ham shunday jarayonlarni boshidan kechirdi. 1938-yil 74 mingdan iborat Buxoro qushbegisi arxivi Buxoro arkidan Toshkentdagi Oʻzbekiston Markaziy davlat arxiviga (hozirgi Oʻzbekiston Milliy arxivi) koʻchirildi. Ehtimol, Buxoro ilmiy jamoatchiligining eʼtirozlariga sabab boʻlmaslik uchun tarixiy, badiiy, maʼrifiy ahamiyati unchalik yuqori boʻlmagan oz miqdordagi qoʻlyozmalar Buxoro muzeyi va Buxoro viloyat kutubxonasi ixtiyorida qoldirildi.

Buxoroda saqlanayotgan qoʻlyozmalarni Toshkentga koʻchirish tendensiyasi oʻtgan asrning 70- yillarida yana boʻy koʻrsatdi. Lekin Buxoro muzeyining oʻsha yillardagi direktori, Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi A.Mahmudovning SSSR Madaniyat Ministrligiga yozma murojaati natijasida bunday asossiz jarayonga chek qoʻyildi.

Lekin afsuski, soʻnggi yillarda Buxoroda saqlanayotgan qoʻlyozmalarga daxl qilish va ularning ayrimlarini markazda toʻplash kayfiyati yana jonlanmoqda. Buxoro muzeyi va viloyat kutubxonasida saqlanayotgan qoʻlyozmalar uchun maxsus shkaflar tayyorlanib, ayni paytda ular zamonaviy javonlarda, maxsus xonalarda va binolarning ikkinchi va uchinchi qavatida saqlanmoqda. Buxoro muzeyidagi qoʻlyozmalarni saqlash, asrash, oʻrganish sharqshunoslik maʼlumotiga ega boʻlgan tajribali va yosh mutaxassislarga topshirilgan. Boʻlimni uzoq yillar Leningrad davlat universitetining Sharq fakultetini tugatgan, atoqli sharqshunos I.P.Petrushevskiyning shogirdi (oʻzbek olimlaridan professor S.Azimjonova, R.Muqminova, akademik B.Ahmedov ham I.P.Petrushevskiyning shogirdlari edi) tarix fanlari nomzodi B.Qazoqov boshqardi.

Buxoroda saqlanayotgan qoʻlyozmalar asosida buxorolik olimlar tarafidan koʻplab ilmiy tadqiqotlar amalga oshirildi va oshirilmoqda. Bu ishlar nafaqat mamlakatimizda, balki chet ellarda, jumladan, Germaniya, Yaponiya, AQSH, Fransiya, Rossiya, Turkiya va boshqa davlatlarda eʼlon qilingan. Bu jarayon hozir ham davom etmoqda. Qoʻlyozmalarni oʻrganish uchun Buxoroda mutaxassislar yetarli. Yuqorida taʼkidlaganimizdek, Buxoro bu borada mislsiz judoliklarga duchor boʻldi. Ularning takrorlanishiga yoʻl qoʻymaylik.

Jahon tajribasi va standartlariga murojaat qiladigan boʻlsak, shunga guvoh boʻlamizki, xorijdagi qoʻlyozma markazlari mustaqil ravishda faoliyat koʻrsatadi va bir-birining qoʻlyozma jamlanmalariga daxl qilmaydi. Masalan, Istanbuldagi Nuri Usmoniya dunyodagi yirik kutubxonalardan biri, 100 ming qoʻlyozmaga ega. Anqara universitetining Tarix-filologiya fakulteti huzurida esa 13 ming qoʻlyozmaga ega boʻlgan kutubxona mavjud. Har ikkalasi bir - biridan mustaqil. Ikkala kutubxonani birlashtirish yoki Anqara universiteti qoʻlyozmalarini Istanbulga, Nuri Usmoniya kutubxonasiga koʻchirish fikridan turk ilmiy jamoatchiligi va rahbariyati mutlaqo yiroq.

Masalani Rossiya misolida koʻrib chiqaylik. Osiyo muzeyi negizida tashkil topgan Rossiya FA Sharqshunoslik institutining Sankt-Peterburg boʻlimi (hozirgi Sharq qoʻlyozmalari markazi) oʻzining Sharq qoʻlyozmalari fondiga ega. Bu yerda saqlanayotgan qoʻlyozmalarni markazga, Moskvaga koʻchirish tendensiyasi ular uchun mutlaqo yot va bunday masala hech qachon kun tartibiga qoʻyilgan emas. Chunki Pyotr I davridan boshlab Sharq qoʻlyozmalari faqat Peterburgda yigʻila boshladi va Peterburg bu qoʻlyozmalarning ikkinchi vatani hisoblanadi. Ana shu tarixiy anʼanani Rossiya ilmiy jamoatchiligi va mutasaddi rahbarlar buzishni istamaydi va bunday yoʻl tutishning mantiqsizlikdan boshqa narsa emasligini yaxshi tushunishadi. Rossiyaning Ivanovo, Qozon, Ufa, Novosibirsk va boshqa bir qancha muzeylarida arab yozuvidagi qoʻlyozmalar mavjudki, ularni markazlashtirish ga mutlaqo yoʻl qoʻyilmaydi. (Qarang: «Rossiya i musulmanskiy mir» jurnalining 2018-yilgi sonlari). Shunga oʻxshash fikrlarni Hindistondagi Haydarobod kutubxonasi misolida ham keltirish mumkin.

Bunday umumjahon tajribasini Buxoro va mamlakatimizning boshqa ilmiy muassasalarida saqlanayotgan qoʻlyozmalarga nisbatan ham qoʻllab, ularning taqdirida yuz berishi mumkin boʻlgan migratsion jarayonlarni oldini olsak, markazlashtirish anʼanalaridan voz kechsak, viloyatlarni ham oʻziga xos ilmiy markazlarga aylantirsak va uchinchi renessansga hissa qoʻshishiga yoʻl ochsak, maqsadga muvofiq boʻlardi.

Halim Toʻrayev,
Buxoro davlat universiteti
Buxoro tarixi kafedrasi professori,
tarix fanlari doktori

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?