Buxoro davlat muzey - qo‘riqxonasida noyob eksponat saqlanmoqda

18:48 19 Iyun 2024 Jamiyat
399 0

Istam IBROHIMOV/“Xalq soʻzi”. Buxoro davlat muzeyida xalqimizning necha ming yillik tarixidan soʻzlovchi yuzlab osori atiqalar saqlanadi. Ularning har biri oʻziga xosligi, noyob va kamyobligi bilan sayyohlar eʼtiborini tortib kelmoqda.

— Eksponatlar qatorida chinni, fayans va emallangan mis guldonlarni, choynak, kosa, shokosa, piyola, lagan kabi sharqona buyumlarni koʻrish mumkin, — deydi Sitorai Mohi Xossa xalq amaliy bezak sanʼati muzeyi katta ilmiy xodimi Nargiza Jumayeva. — Ular orasida oddiy och yashil rangdagi idish-tovoqlar va piyolalar alohida ajralib turadi. Tashqi koʻrinishi bezaksiz, koʻzga koʻrimsizdek tuyulgan bu idishlar oʻzida ajib bir sir-sinoatni yashirgan. XII asrda Xitoyda kaolindan tayyorlangan, seladon nomi bilan tanilgan bu idishlar oʻz tusini oʻzgartirish xususiyatiga ega. Mabodo, ovqat zaharlangan boʻlsa, idish rangi boshqa tusga kiradi.

Seladon kulolchiligi taxminan, X asrda Xitoyda ravnaq topgan. Ustalar biror bir rang diqqatni chalgʻitmasligi uchun kulolchilik buyumlari tayyorlashda oddiylikka intilishgan. Boshqa taxminga koʻra, seladon soʻzi sulton Salohiddin nomini anglatadi. Muzey fondida saqlanayotgan och yashil tusdagi roʻzgʻor buyumlariga kelsak, ulardan faqat Buxoro hukmdorlari foydalanishgan. Sababi, har bir hukmdor oʻz salomatligi haqida qaygʻurgan. Bu idishlarning tarkibi mutaxassislar tomonidan chuqur oʻrganilsa, ulardagi sir-sinoatlar yanada oydinlashadi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?