Jahon ozon qatlami himoyaga muhtoj

10:01 14 Sentyabr 2020 Jamiyat
28434 0

Atmosferaning ozon qatlami quyoshning ultrabinafsha nurlarini ushlab qoladigan qalqon hisoblanadi. Afsuski, sayyoramizda tabiiy muvozanat buzilishi natijasida ozon qatlamining yemirilishi bilan bogʻliq ekologik xavf paydo boʻldi. Bu esa kelajakda iqlimning bashorat qilib boʻlmaydigan oʻzgarishlariga, yaʼni inson organizmi immun tizimining zaiflashishiga, onkologik kasalliklar sonining oshishiga, oʻsimliklarning sekin oʻsishiga olib kelishi mumkin.

Olimlarning tadqiqotlariga koʻra, ozon qatlamining yemirilishiga sovitish texnikalari, yongʻin oʻchirish vositalari, tarkibida galogenlar (xlor, ftor va brom) boʻlgan kimyoviy moddalarning sanoat va qurilish sohasida keng qoʻllanilishi asosiy sabab sanaladi.

Ekologik xavfning oldini olish maqsadida 1985-yilda dunyoning 147 mamlakati ishtirokida Ozon qatlamini muhofaza qilish toʻgʻrisidagi Vena konvensiyasi qabul qilindi. Oradan ikki yil oʻtgach, 1987-yilning 16-sentyabrida ozon qatlamini yemiruvchi moddalar boʻyicha Monreal protokoli imzolandi. Shu kundan eʼtiboran ushbu sana ozon qatlamini himoya qilish xalqaro kuni sifatida nishonlanadi.

Ozon — (yunonchadan ozon – anqiydigan) ozon molekulalari(O3)dan hosil boʻlgan, har biri kislorodning uchta atomlaridan iborat gaz.

Garchi, hozirda atmosfera havosidagi ozon juda oz qismni tashkil etsa – da, uning ahamiyati benihoya kattadir. U oqsil va nukleinli kislotalarni yemiruvchi qatʼiy ultrabinafsha nurlanishni ushlab qoladi. Taʼkidlash lozimki, stratosfera ozoni – ob- havoning qisqa muddatli va lokal oʻzgarishlarini belgilaydigan muhim iqlimiy omildir. Quyosh nurlanishini yuta turib va energiyani boshqa gazlarga uzata turib, ozon stratosferani isitadi va bu bilan butun atmosferada sayyoraviy issiqlik va sirkulyar jarayonlarning xususiyatlarini tartibga soladi. Ozonning oʻzgaruvchan molekulalari tabiiy sharoitlarda, jonli va jonsiz tabiatning turli omillari taʼsirida hosil boʻladi va parchalanadi, uzoq tadrijiy rivojlanish davomida ushbu jarayon birmuncha dinamik muvozanatga keldi.

Ozon qatlamini olimlar “biologik qalqon” deb ham ataydilar.Taassufki, bu qalqonning yemirilishiga inson omili katta rol oʻynayapti.

Kosmik parvozlar, reaktiv samolyotlar parvozi, avtomobillar va boshqa manbalardan chiqayotgan gazlar, ayniqsa, sovitish tizimlaridagi freon gazi bu qatlam holatiga aks taʼsir koʻrsatmoqda.

Keyingi yillarda yurtimiz aholisi, ayniqsa, yoshlarga ekologik bilim berish borasida koʻpgina ijobiy ishlar qilinmoqda.Oʻrta va oliy oʻquv yurtlarida talabalarga ekologiya fani boʻyicha bilim berilmoqda. Bundan tashqari, gazeta va jurnallar, radio televizorlar orqali ekologiyaning dolzarb masalalariga oid, maqolalar berilyapti, koʻrsatuvlar uyushtirilyapti. Shunga qaramay, biz yosh avlodga qoniqarli darajada ekologik tarbiya beryapmiz deb ayta olmaymiz. Xususan, soha uchun kadrlar tayyorlash borasida qilinadigan ishlar koʻp. Toʻgʻri,mustaqillik sharofati bilan mahalliy olimlar, soha mutaxassislari yangi darsliklar, oʻquv qoʻllanmalari yaratishdi. Bu darsliklarda respublikamiz iqlimiy sharoitlari, unda mavjud oʻsimliklar va hayvonot dunyosi, uchrab turgan ekologik muammolar oʻz aksini topgan. Ular yoshlarga ekologik tarbiya berishda yaqindan koʻmakchi boʻlishi mumkin.

Mutaxassislar malakasini oshirish borasida esa ayrim xorijiy mamlakatlarning tajribalarini namuna tariqasida oʻrgansak foydadan xoli emas. Masalan,Germaniyadagi tabiati goʻzal maskanlarda maxsus ekologik tarbiya berish joylari tashkil etilgan. Ularda yoz oylarida mutaxassis oʻqituvchilar ekologiya boʻyicha oʻz malakalarini oshiradilar, maktabga qaytgach ,olgan bilimlarini,tajribalarini amalda qoʻllaydilar. Zero, bolalarni tabiatga mehr-muhabbat ruhida tarbiyalash shunchaki bir ermak uchun qilinadigan ish emas. Bu davlat ahamiyatiga ega dolzarb masaladir. Biz sogʻlom, mehnatsevar, dunyoqarashi keng yoshlarni tarbiyalab, voyaga yetkazsakgina kelajagimiz nurli boʻladi.

Shu oʻrinda respublikamiz, jumladan, Buxoro viloyatida ham atmosfera havosini muhofaza qilish sohasida bir talay ishlar amalga oshirilganini taʼkidlamoqchimiz. Viloyat hududidagi bir qancha korxona va tashkilotlarga zamonaviy usuldagi chang-gaz tozalash qurilmalari oʻrnatildi. Shuningdek, "Toza havo" tadbiri doirasida 20 mingdan ortiq avtotransport vositasi koʻrikdan oʻtkazildi. 1200ta avtotransport vositasi meʼyoridan oshiq CO2 ajratayotganligi aniqlandi va joyida sozlandi. Natijada atmosfera havosiga 1.1 tonna zararli tashlanmalar chiqishi oldi olindi. Bu tadbir doimiy tarzda oʻtkazilmoqda. Bundan tashqari, Vazirlar Mahkamasining 2005-yil 11-noyabrdagi “Ozonni buzuvchi moddalarni va tarkibida ular mavjud boʻlgan mahsulotlarni Oʻzbekiston Respublikasiga olib kirishni va Oʻzbekiston Respublikasidan olib chiqishni tartibga solishni takomillashtirish toʻgʻrisida”gi 247-sonli qaroriga asosan viloyatda bir qancha ishlar amalga oshirilmoqda.

Atmosfera havosini musaffoligini saqlash uchun, avvalambor, barcha insonlarga ekologik taʼlim-tarbiya berilishini yoʻlga qoʻyish, korxonalarda ekologik jihatdan sogʻlom texnologiya yaratish, transport vositalarining chiqindisiz ishlashini taʼminlash, oyida bir marotaba boʻlsa-da, “avtomobilsiz kunni”tashkil qilish, sovitish texnikalari va yongʻin oʻchirish vositalaridan havoga chiqariladigan galogenlarni atmosferani yaʼni ozon qatlamini siyraklashmasligiga olib kelmaydigan elementlar bilan almashtirish chora- tadbirlarini koʻrish, shahar va qishloq koʻchalarida, korxonalar atroflarida yashil iqtisodiyotni yaʼni koʻkalamzorlashtirishni yana-da kuchaytirish lozim.

Sadoqat SIDDIQOVA,
Xalq deputatlari Buxoro viloyati Kengashi deputati

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?