“Bu Baydenning urushi, meniki emas” — Tramp AQSHni Ukraina mojarosidan olib chiqmoqchi

16:08 06 Avgust 2025 Dunyo
265 0

Foto: AP

AQSH prezidenti Donald Tramp mamlakatni Ukrainadagi mojarodan olib chiqish niyatida ekanini maʼlum qildi.

“Bu Baydenning urushi, meniki emas. Men bizni undan olib chiqish uchun keldim”, — degan u jurnalistlarga.

Siyosatchining soʻzlariga koʻra, AQSH maʼmuriyati bunga erishish uchun qattiq harakat qilmoqda. Oq uy rahbarining oʻzi esa Ukraina atrofidagi vaziyatning yechimiga umid qilmoqda.

“Men koʻplab urushlarni toʻxtatdim. Bu men toʻxtatishga urinayotgan urushlardan biri”, — deydi Tramp.

Bugun, 6-avgust kuni AQSH prezidentining maxsus vakili Stiv Uitkoff Moskvaga uchib keldi. Bu diplomatning shu yilning boshidan beri Rossiyaga beshinchi tashrifi hisoblanadi. Bundan oldin u 25-aprel kuni Moskvaga kelgandi va Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashgan edi.

Ommaviy axborot vositalarining yozishicha, tashrifi chogʻida Uitkoff Putinni Ukrainada oʻt ochishni toʻxtatishga koʻndirishga harakat qiladi.

Shu yilning 14-iyul kuni Tramp Moskvaga Kiyev bilan tinchlik kelishuvini talab qilib, 50 kunlik ultimatum qoʻygandi. Keyin esa bu muddatni 10-12 kungacha qisqartirishini maʼlum qildi.

“Kutishdan maʼno yoʻq. Biz bu borada hech qanday taraqqiyotni koʻrmayapmiz”, — deya izoh bergan oʻshanda Oq uy rahbari oʻz qaroriga.

Agar talablar bajarilmasa, AQSH Rossiyadan import qilinadigan tovarlarga 100 foizlik bojlar, shuningdek, undan neft, gaz va boshqa energiya resurslarini sotib oluvchi davlatlarga ikkilamchi bojlar joriy etish bilan tahdid qilgan.

AQSHda Ukrainadagi mojaroga barham berishning toʻrtta varianti aytildi. Bu urushga barham beradimi?

Ukraina mojarosi Gruziya ssenariysi bilan yakunlanishi ehtimoli koʻproq. Bu taxminni AQSH Mudofaa vaziri oʻrinbosarining sobiq yordamchisi Stiven Brayan aytib oʻtdi.

Uning tushuntirishicha, bunday ssenariy xorijiy qoʻshinlarning mavjudligini va xavfsizlik kafolatlarini, jumladan, moliyaviy kafolatlarni taqdim etishni istisno qiladi. Shu bilan birga, u, ehtimol, mamlakatni qayta tiklash uchun yordam paketini oʻz ichiga olishi mumkin, lekin bu muzlatilgan Rossiya aktivlari hisobi amalga oshirilmaydi. Ukrainaning NATO va Yevropa Ittifoqiga integratsiyasi ham bundan mustasno.

“Bu esa, oʻz navbatida, bir kun kelib Ukrainani Rossiya orbitasiga qaytishga olib boradi”, — deydi u.

Qoʻshicha qilinishicha, Gruziya variantini amalga oshirish uchun hududlar, chegaralar, savdo va tegishli masalalar boʻyicha qatʼiy kelishuvlar, shuningdek, har ikki asosiy tomon oʻrtasidagi ishonchni mustahkamlashga qaratilgan sanksiyalarni bekor qilish va boshqa choralar talab etiladi.

Umuman olganda, Brayan bu mojaroni tugatishning toʻrtta mumkin boʻlgan ssenariysi haqida gapirdi. Bular Gruziya ssenariysidan tashqari, Janubiy Koreya, Isroil yoki Belarus ssenariylaridir.

Janubiy Koreya ssenariysi qoʻllansa Kiyev Rossiya olgan hududlarni qaytarib olmaydi. Shu bilan birga, u AQSH xavfsizlik kafolatlari bilan qoʻllab-quvvatlangan Yevropa harbiy kuchlarining mavjudligini taxmin qiladi. Bu holda Ukraina oʻz hududining 80 foizini saqlab qoladi. Shu bilan birga, Rossiyaning 300 milliard dollar miqdoridagi muzlatilgan aktivlari mamlakatni tiklash uchun ishlatiladi. Ammo bu variantni Rossiya qabul qilish ehtimoli juda past.

Isroil ssenariysi Ukraina hududida qoʻshinlarning mavjudligini ham nazarda tutadi. Mojaroning har ikki tomoni uni qabul qilish ehtimoli taxminan 20 foizni tashkil qiladi. Bunday ssenariy Rossiyaga hech narsa bermaydi va Ukrainaga doim urush xavfi oldida qoladi. Agar sanksiyalar yumshatilsa, Rossiya prezidenti Vladimir Putin bunga rozi boʻlishi mumkinligi taxmin qilinmoqda. Ushbu ssenariy Ukrainaga haqiqiy kafolatlarsiz, jumladan qurol-yarogʻ taʼminoti kafolatlari, moliyaviy yordam va Yevropa iqtisodiyotiga maʼlum integratsiyalashuvisiz foyda keltirmaydi.

Belarus ssenariysi, oʻz navbatida, taqdim etilganlarning eng yomoni, deyilmoqda. Bu holatda AQSH Ukrainaga yordam berishdan bosh tortadi va Yevropa buni oʻzi taʼminlay olmaydi. Shu bilan birga, Rossiya Ukrainaning “toʻliq taslim boʻlishiga” intiladi.

AQSHning eng yirik banki “JP Morgan Chase” tadqiqotiga asoslangan maqolada aytilishicha, Janubiy Koreya va Belarus ssenariylarining qoʻllanilish ehtimoli 15 foizni tashkil etgan.

Rossiya esa mojaroni faqat kerakli natijalar bilan yakunlashga intilmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?