BRMga erishishda BMT bilan hamkorlik kuchaytiriladi

14:13 16 Avgust 2023 Siyosat
809 0

Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva 15-avgust kuni BMTning Oʻzbekistondagi doimiy koordinatori v.b. Konsuelo Vidal Bryus bilan uchrashdi.

Muloqot davomida Oʻzbekiston Respublikasining BMT va uning ixtisoslashgan idoralari bilan hamkorligining hozirgi holati va istiqbollari muhokama qilindi. Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda parlamentning roliga alohida eʼtibor qaratildi.

Taʼkidlab oʻtilganidek, barqaror rivojlanish sohasidagi milliy maqsad va vazifalar ijrosi ustidan samarali parlament nazoratini amalga oshirish maqsadida 2020-yildan beri barqaror rivojlanish sohasidagi muammolar va bajarilayotgan ishlarning bugungi holati tizimli ravishda parlament komissiyasi tomonidan oʻrganilib, tegishli chora-tadbirlar doimiy ravishda amalga oshirib kelinmoqda. Parlamentga kiritilayotgan qonunlar barqaror rivojlanish maqsadlariga uygʻunligi nuqtai nazardan koʻrib chiqilayotganligi alohida qayd etildi.

Ushbu saʼy-harakatlar tufayli 2023-yilgi Barqaror rivojlanish maqsadlari indeksida Oʻzbekiston 8 pogʻonaga koʻtarilib, dunyoning 166 ta davlati orasida 69-oʻrinni egalladi. Bugun Oʻzbekistonning barqaror rivojlanish maqsadlari boʻyicha tajribasi butun dunyoga namuna sifatida taqdim etilmoqda.

Suhbat chogʻida 2023-yil sentyabr oyida BMT Bosh assambleyasi 78-sessiyasining Oliy darajadagi haftasi doirasida boʻlib oʻtadigan Barqaror rivojlanish maqsadlari sammitiga tayyorgarlik yuzasidan fikr almashildi.

Oliy darajadagi sammit BRMga erishishda jadal taraqqiyotning yangi bosqichini boshlab beradi va 2030-yilga qadar davrdagi kun tartibidagi vazifalarni amalga oshirish uchun xalqaro hamjamiyat, milliy hukumatlar, fuqarolik jamiyati institutlari va boshqa hamkorlarning oʻzaro konstruktiv muloqoti natijasida yuqori darajadagi siyosiy majburiyatlarga erishishni maqsad qilgan.

Uchrashuv yakunida muhokama qilingan masalalar yuzasidan hamkorlikni izchil davom ettirishga kelishib olindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?