Boʻzatov yosh isteʼdodlarni kashf etmoqda
Foto: Халқ сўзи
Bugun yurtimizning turli hududlaridan iqtidorli, sanʼatga oshufta va badiiy didi yuksak yoshlarimiz olis Orolboʻyining Boʻzatoviga jam boʻlgan. Gap shundaki, davlatimiz rahbarining 2020-yil 2-oktyabrda Qoraqalpogʻiston Respublikasiga qilgan tashrifi chogʻida ilgari surgan tashabbusi doirasida Boʻzatov tumanida “Respublika yoshlar ovozi” festivali ikkinchi bor yosh isteʼdodlarga oʻz bagʻrini ochdi.
Oʻtgan yili ilk marotaba tashkil etilgan ushbu sanʼat bayramida 10 ming nafar yigit-qiz ishtirok etgan boʻlsa, joriy yilda festival doirasidagi tanlovlarda 238 mingdan ziyod yoshlar qatnashish istagini bildirib, elektron roʻyxatdan oʻtgan.
Eʼtiborlisi joriy yilgi tanlov 5 bosqichda oʻtkazilib, yoʻnalishlar soni ham oshirildi va yoshlarning oʻz iqtidorlarini koʻrsatish imkoniyati kengaydi. Dastlab mahalla, soʻng tuman-shahar hamda viloyat bosqichlarida gʻolib boʻlgan 1 ming 725 nafar ishtirokchi orasidan hududiy bosqichda saralangan eng peshqadam yigit-qizlar respublika bosqichida ishtirok etish uchun Qoraqalpogʻistonga keldi.
Nukus shahridagi amfiteatrda festivalning tantanali ochilish marosimi oʻtkazildi. Unda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi Raisi Murat Kamalov, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi Qahraman Sariyev ishtirok etdi.
Tadbir doirasidagi gala-konsert yoshlarga yanada koʻtarinkilik baxsh etdi.
— Namangan viloyati boʻyicha tanlovning quyi bosqichlarida 21 ming nafar tengdoshlarimiz ishtirok etdi, — deydi namanganlik Dilorom Ahmadjanova. — Ular orasidan saralangan 11 nafar ishtirokchi qatorida, mana, men ham Boʻzatovga keldim. Tayyorgarliklar aʼlo. Tadbirning ochilish marosimi ham juda yuqori saviyada oʻtdi. Oʻylaymanki, bu tadbir yangi ovozlarni kashf etish bilan birga biz, yoshlarni katta sahnalarda oʻz sanʼatimizni namoyish qilib, yangi imkoniyatlarni qoʻlga kiritishimizga zamin yaratadi.
Tadbir ishtirokchilari Nukus shahrida I. V. Saviskiy nomidagi qoraqalpoq davlat muzeyi va boshqa diqqatga sazovor maskanlarga sayohat qilish imkoniga ham ega boʻldilar.
— Aynan Prezidentimiz tashabbusi bilan boshlangan bu festival mamlakatimiz navqiron avlod vakillarini izlanish, intilish va yuksak marralar sari ruhlantirmoqda, — deydi Oʻzbekiston Yoshlar ishlari agentligi Qoraqalpogʻiston Respublikasi boshqarmasi boshligʻi Ikram Abdikalikov. — Bu gal mamlakatimiz boʻylab hududiy bosqichlarda gʻoliblikni qoʻlga kiritgan 152 nafar ishtirokchi baxshichilik, anʼanaviy ijro, opera hamda estrada yoʻnalishlarida uch yosh (10-15 yosh, 16-22 yosh, 23-30 yosh) toifasida bellashadilar.
Festival 15-mayga qadar davom etadi. Respublika bosqichi toʻliq televizion formatda tasvirga olinadi. Jonli muhit yaratish maqsadida sozandalar guruhi, konsertmeyster tomonidan har bir ishtirokchining ijro etadigan asariga mos kuy shu joyning oʻzida ijro etiladi. Gʻoliblar nomlari esa Boʻzatov tumanida boʻlib oʻtadigan yakuniy gala-konsertda eʼlon qilinadi.
Maʼlumot uchun. “Respublika yoshlar ovozi” festivalida tegishli yoʻnalishlarda 1-oʻrinni egallagan gʻoliblarga 50 million soʻmdan, 2-oʻrin sohiblariga 30 million, 3-oʻrin egalariga 20 million soʻmdan, shuningdek, qolgan ishtirokchilarga 10 million soʻmdan pul mukofoti beriladi.
Gʻ.Otajonov, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Harbiy xizmatni oʻtash bilan bogʻliq tartiblar yangilanadi
- Voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimi takomillashtirilmoqda
- Namanganda 3 ta yirik institut bitta universitetga birlashtiriladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring