Bosh prokuratura DXX bilan hamkorlikda oʻqishni “perevod” qilish bilan bogʻliq tamagirliklarni fosh etdi

19:06 04 Mart 2020 Jamiyat
2114 0

Maʼlumki, davlatimiz rahbari tashabbusi bilan oliy taʼlim sohasini rivojlantirish, shu jumladan, mazkur soha xodimlarining ijtimoiy himoyasi va ularni har tomonlama qoʻllab — quvvatlashga juda katta eʼtibor qaratilmoqda.

Soʻnggi uch yilda bu masala davlat siyosatining eng muhim va ustuvor yoʻnalishi darajasiga koʻtarilib, oliy taʼlim sohasiga oid 200 dan ortiq qonun hujjatlari qabul qilinganligi ham buni tasdigʻi desak xato boʻlmaydi.

Biroq hozirgi davlatimizda korrupsiya deb nomlangan illatga qarshi keskin va murosasiz kurash olib borilayotgan bir vaqtda oʻqish joylari va yoʻnalishlarini oʻzgartirmoqchi boʻlgan talabalarning ishonchiga kirib, bundan qonunga xilof tarzda oʻzining moddiy manfaatlari yoʻlida foydalanayotgan ayrim “ishbilarmon”larning uchrab turganligi achinarli holatdir.

Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish Departamentining Andijon viloyat boshqarmasi tomonidan Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tadbirlarda oliy taʼlim muassasalaridagi tamargirlik holatlari fosh etildi. Bu haqda Bosh prokuratura maʼlum qildi.

Xususan, oʻtkazilgan tezkor tadbirda Andijon davlat universiteti kafedra dotsenti L.R. fuqarolar M.M. va F.A.larni Qirgʻiziston Respublikasidagi universitetda oʻqib kelayotgan haqida tanishlari orqali soxta hujjatlar tayyorlab, ularning oʻqishini Andijon davlat universitetiga koʻchirib qoʻyish evaziga 4 000 AQSH dollarini pora tariqasida olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Yoki Andijon Davlat tibbiyot instituti talabalari Z.N. va Sh.S.lar moddiy manfaatdorlik evaziga Qirgʻiziston Respublikasi Jalolobod shahridagi “Nauchno-issledovatelskiy mediko-sotsialnыy institut” nomli oliygohda taʼlim olayotgan M.S.ning oʻqishini Andijon Davlat tibbiyot institutiga mazkur institut mansabdor shaxslari orqali koʻchirib berishni vaʼda qilib, 2 000 AQSH dollarini pora tariqasida olganda ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Shu kabi, fuqaro O.R. Andijon Davlat Universitetida ishlayotgan mansabdor tanishlari orqali Qirgʻiziston Respublikasi “Oʻzbek-Qirgʻiz” Universitetining “informatika” yoʻnalishi boʻyicha 1-bosqichida tahsil olayotgan N.Sh.ning oʻqishini oliygohning “informatika” yoʻnalishi boʻyicha 1-bosqichiga koʻchirib berishi evaziga 200 AQSH dollarini pora tariqasida olgan paytda ushlangan.

Mazkur holatlar yuzasidan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?